Qanday eshitsa, shunday yozadigan o‘quvchini qanday o‘zgartiramiz?
Boshlang‘ich sinf o‘quvchisi uchun ona tili darslari o‘ziga xos murakkablikka ega. Avval boshidanoq bu murakkablikka yetarlicha e’tibor qaratilmasa, bu holat keyinchalik bolaning yozma nutqida bo‘shliqlar paydo bo‘lishiga olib keladi.
Bunday o‘quvchi bilan dars jarayonida ko‘proq shug‘ullanish talab etiladi. U bilan yakka tartibda ish olib borish emas, balki sinfdagi barcha o‘quvchilarga doir mashg‘ulotlarga jalb etish — eng to‘g‘ri yo‘l. Yozma nutq malakasini rivojlantirish maqsadida beriladigan topshiriqlar o‘quvchilarning o‘z fikrini to‘liq, dadil, erkin bildira olishida muhim rol o‘ynaydi. Zero, ko‘pincha bola og‘zaki ifodalay olmagan fikrini yozma ravishda bayon etadi.
Yozma ishlarda so‘zlarni avval o‘ylab, tushunib, ichida bo‘g‘inlarga ajratib, so‘ng yozish bot-bot eslatilsa, o‘quvchi ustozining har bir so‘zini yodida saqlashga harakat qiladi. O‘quvchilarga topshiriqni bajarish jarayonida xatosiz va chiroyli yozish kerakligi eslatib turilishi juda muhimdir. Yozganlarini imlo lug‘atiga qarab tekshirib chiqishadi, bora-bora ularning yozma nutqida ijobiy o‘zgarishlar namoyon bo‘lib boradi. Yozuvda imloviy xatolarga yo‘l qo‘ygan o‘quvchiga ko‘proq uyga vazifa berish kerak. Bunda ularga “Mening oiladagi vazifam”, “Men sevgan ertak”, “Men Vatanimni sevaman” mavzularida kichik-kichik insholar yozish, darsliklardagi biror matnni ko‘chirib yozishni topshirish lozim. Bolalarning yozma nutqidagi kamchiliklarni yo‘qotish uchun ularning ota-onalari bilan hamkorlikda ishlash ham yaxshi yordam beradi. Bunday o‘quvchilar bilan ko‘proq doskada ishlash ham samaralidir. Topshiriqni bajarib bo‘lgach, yozganlarini o‘qib chiqishlari so‘raladi va xatolari bo‘lsa, tuzatishga ham ruxsat beriladi. O‘quvchilar ishni yakunlagach, qolgan bolalar ham matndagi xatolar ustida ishlashga jalb qilinadi. Bunday topshiriqlar o‘quvchilar faolligini, og‘zaki va yozma nutqini rivojlantiruvchi muhim omillardan sanaladi. Shuni unutmaslik kerakki, o‘quvchining nafaqat yozma, balki og‘zaki nutqini o‘stirishda tovushlarni to‘g‘ri talaffuz qilishlari muhim rol o‘ynaydi. Bolalarning boshlang‘ich sinflarda nutqiy savodxonligining oshishi ularning yuqori sinflarda mukammal bilim olishlarini ta’minlaydi.
Ta’kidlash joizki, diktantlar yozma nutq savodxonligini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Diktant yozdirishdan avval o‘quvchini bunga ruhan tayyorlash
kerak. 1-sinfda 15–20 ta, 2-sinfda 25–40 ta, 3-sinfda 45–60 ta, 4-sinfda 65–80 ta so‘z yozdirish mumkin.
Men o‘quvchilarimga deyarli har kuni diktant yozdiraman. Buning uchun 5–10 daqiqa kifoya. Buni 1-sinfdan boshlab amalga oshirib kelganim uchun hozir 4-sinf o‘quvchilarimning natijalari ancha yaxshi. Natijani ham noan’anaviy usulda aniqlayman. O‘quvchilar bir-birlarining diktantini tekshiradi va xatolarini aytadi. Diktantni yozganlaridan keyin albatta xatolar ustida ishlaydi. Chunki aynan shu jarayon diqqatni jamlashga va keyingi diktantlarni yaxshiroq yozishga undaydi.
Bola diktantda muvaffaqiyatga erishsa, diktant yozishga qiziqishi yana va yana oshib boradi. Agar muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, undan qo‘rqadigan bo‘lib qoladi. Shu bois dastlabki bosqichda ularni ayabroq baholash maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman. Talabni sekin-astalik bilan kuchaytirib borsangiz bo‘ladi.
Yozma ishlarga tayyorgarlik jarayonida bola yoshiga mos ertak kitob va badiiy adabiyotlarni o‘qishining ham ahamiyati katta. Chunki mutolaa ta’sirida bola so‘zlarga qayta-qayta duch keladi va ularning yozilishini eslab qoladi. Diktantda esa bu unga qo‘l keladi. Ba’zi bolalar so‘zni qanday eshitishsa, shunday yozishadi. Ko‘p o‘qigan o‘quvchida to‘g‘ri yozish o‘z-o‘zidan ko‘nikmaga aylanib boradi.
Yozma savodxonlikni oshirishga erishish uchun takroriy mashqlar odat tusiga kirguncha ham amaliy, ham ma’naviy saboqni tinmay berib borsakkina, bolada komillikka daxldor tushunchalarni shakllantirgan bo‘lamiz. Shundagina ular har bir mavzuda mustaqil fikr yurita oladigan, aqli teran, xotirasi o‘tkir, zehnli, idrokli, ya’ni biz kutgan inson bo‘lib ulg‘ayishadi.
Dilorom SULTONOVA,
Gurlan tumanidagi 42-IDUMning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi