Farg‘ona shahridagi 10 ta maktabda «Aqlli maktab» dasturi joriy etildi
Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan Farg‘ona shahridagi 10 ta maktabda, jumladan 13-maktabda ham sun’iy tafakkur imkoniyatlari asosida ishlaydigan «Aqlli maktab» dasturi joriy etildi.
Ta’kidlash lozimki, tanlangan 10 ta maktabni kerakli jihozlar va moddiy-texnika bazasi bilan ta’minlash maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan maktablar simsiz (WiFi routerlar orqali) tarmoqqa to‘liq ulandi.
Buning natijasida, 10 ta maktabning har bir sinfxonasida o‘qituvchilar dasturiy loyihaning mobil ilovasi yoki internet brauzeri orqali dasturdan uzluksiz va samarali foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
“Aqlli maktab” dasturi maktablardagi bir qancha qog‘ozda yuritiladigan hujjatlarni, jurnal va kundaliklarni elektron shaklga o‘tkazish orqali maktab direktori, direktor o‘rinbosari, o‘qituvchilar va boshqa ishchi xodimlar ishlarini avtomatlashtirish uchun xizmat qiladi. Bu esa qog‘ozbozlikka sarf bo‘ladigan vaqtini tejash hisobiga direktorlarning o‘z jamoasidagi o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishiga e’tiborni oshirishi, o‘qituvchilarning ko‘proq o‘z ustida ishlashiga imkoniyat yaratadi.
“Aqlli maktab” dasturiy ta’minoti o‘quvchilarning barcha fanlardan egallagan bilim darajasi va sifatini solishtirish, ta’lim tizimidagi bo‘shliq va uzilishlarni aniqlash bilan birga, maktablarda barcha fanlar bo‘yicha berilayotgan ta’lim sifati, o‘quv jarayoni, ta’lim muassasasining imkoniyatlari, o‘qituvchilar salohiyati kabi omillarni o‘rganadi hamda o‘quvchilarning intellektual rivojlanishi bilan birga yoshiga qarab jismoniy rivojlanishi va jismoniy tayyorgarligini tahlil qilib boradi. Shuningdek, dastur maktab, o‘quvchi va ota-ona uchligini birlashtiradi hamda sun’iy tafakkur yordamidagi tahlil usullari orqali ta’lim sifati, samaradorligi, baholash tizimi shaffofligi va boshqa ko‘rsatkichlarni tahlil qilish imkonini yaratadi.
Mazkur tahlillar maktablarda fanlarning to‘liq va sifatli o‘zlashtirilishini ta’minlash maqsadida qiyin o‘zlashtirilayotgan mavzularni hamda darslarga faol ishtirok etmayotgan, o‘zlashtirishi past o‘quvchilarni individual tarzda aniqlab beradi.
Natijada ta’lim tizimidagi har bir fan mavzulari va har bir o‘quvchi kesimida bo‘shliqlar aniqlanib, aynan o‘quvchilar qiyin o‘zlashtirayotgan mavzular bo‘yicha hamda o‘zlashtirishga qiynalayotgan o‘quvchilar bilan individual tarzda ishlash orqali bo‘shliqlarni bartaraf etish mumkin bo‘ladi.
Bugungi kunda maktabimizda 2019/2020-o‘quv yili uchun dasturga kiritilgan ma’lumotlarga asosan “Aqlli maktab” dasturining sun’iy tafakkur imkoniyatlari orqali quyidagi tahliliy ma’lumotlar olindi:
1. O‘zlashtirish qiyin bo‘lgan mavzular hisoboti.
2. Faol o‘quvchilar hisoboti.
3. O‘quvchilarning jismoniy rivojlanish darajasini monitoring qilish.
4. Har bir o‘quvchi, sinf, fan bo‘yicha o‘zlashtirish holatining grafik ko‘rinishdagi ma’lumoti.
5. O‘zlashtirishi past o‘quvchilarning alohida hisoboti.
6. O‘quvchilarning muayyan fanlardan qobiliyatini aniqlash.
Ushbu tahliliy ma’lumotlar asosida ta’lim tizimidagi bo‘shliqlarni aniqlashimiz va ularni bartaraf etishimiz mumkin bo‘ldi.
“Aqlli maktab” dasturi o‘qituvchilarning ta’lim berish salohiyatiga ham baho bera olishi har bir o‘qituvchi o‘z ustida muntazam ravishda ishlashi va ta’lim berish ko‘nikmalarini oshirib borishlarini taqozo etadi.
“Aqlli maktab” dasturiy loyihasining quyidagi qo‘shimcha afzalliklarini ham ta’kidlab o‘tish lozim:
1. Dastur doirasida ota-ona uchun va o‘qituvchilar uchun mobil ilova ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur tizim ota-onalarga farzandlarining kundalik olayotgan baholari, qaysi fanlarga qatnashmayotgani va qaysi fanlardan o‘zlashtirishi pasaygani haqida ogohlantirib boradi. Shuningdek, ota-ona mobil ilova orqali fan o‘qituvchilari va sinf rahbari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qila oladi.
2. Elektron jurnalni belgilab olingan istalgan vaqt oralig‘ida ko‘rish imkoni mavjud. Shu bilan birga dastur elektron jurnalda umuman baholanmayotgan o‘quvchilar to‘g‘risida o‘qituvchilarga ma’lum qiladi (qizil rangda) va bu o‘quvchilar ta’lim jarayoniga to‘liq qamrab olinishini ta’minlaydi.
3. Uy vazifalarini boshqarish modulida uyga vazifalarni berish, fayllar qo‘shish va bajarilishini nazorat qilish imkoni mavjud hamda bir mavzuga bir necha topshiriq berish va ularni alohida baholab, bajarilishini nazorat qilish imkoni mavjud.
4. Elektron kundalikda ota-otanalar farzandlarining baholarini kuzatib borishi va farzandlariga berilgan uyga vazifalarni bajargan yoki bajarmaganligini kuzatib borishi bilan birga quyidagi qo‘shimcha imkoniyatlari mavjud:
— farzandlarining o‘zlashtirish jarayonlarini tahliliy ma’lumotlar asosida (grafik ko‘rinishida) kuzatish;
— bola qaysidir fandan darslarga qatnashmayotgan bo‘lsa yoki past baho olayotgan bo‘lsa tizim ota-ona uchun mazkur holatlarni sun’iy tafakkur orqali tahlil qiladi va ota-onaga maslahat tariqasida o‘zining tavsiyalarini berib boradi.
5. Dars jadvalida quyidagi afzalliklar mavjud:
— Kiritilgan dars taqsimotlariga muvofiq fanlar tanlansa, dars jadvali avtomatik ravishda tayyorlanadi;
— dars jadvali fanlarning murakkablik darajasiga ko‘ra hafta kunlariga qo‘yilishiga yordam beradi va bu o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirishi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi;
— dastur dars jadvalini shakllantirishda belgilangan bayram kunlari va ta’tillarni avtomatik tarzda inobatga oladi.
6. Dasturda o‘qituvchilarning dars soatlaridan bo‘sh vaqtlarini samarali taqsimlashlari uchun boshqaruvchi rejalashtirish modulidan foydalanib, o‘qituvchilar o‘zlarining ustida ishlashi, ta’lim berish uslublarini takomillashtirishlari mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, bugungi kunda “Aqlli maktab” dasturiga onlayn videodarslardan va ta’lim tizimiga kerakli elektron ma’lumotlardan foydalanish maqsadida internetda mavjud guruh va kanallarni integratsiya qilish imkoniyati ham yaratilgan bo‘lib, bu pandemiya sharoitida masofadan ta’lim olish imkoniyatlarini oshiradi.
“Aqlli maktab” dasturi orqali o‘quvchilarning darslarni o‘zlashtirish ahvoli to‘g‘risida ota-ona va o‘qituvchilarning xabardor etib borilishi pandemiya davrida ta’lim sifatini nazorat qilish va bo‘shliqlarni bartaraf etish imkoniyatini beradi.
“Aqlli maktab” dasturining sun’iy tafakkur yordamida amalga oshiradigan tahliliy ma’lumotlari nafaqat Farg‘ona shahridagi tanlangan 10 ta maktabda, balki barcha ta’lim maskanlarida o‘quvchilarning jismoniy va intellektual rivojlanishlarini samarali boshqaradigan juda muhim va istiqbolli loyiha deb hisoblayman.
Shuningdek, ta’lim sifatini nazorat qilish va oshirishga xizmat qiladigan “Aqlli maktab” dasturi mamlakatimizda inson kapitalini maktab davridan rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
Erkinoy G‘ANIYEVA, Farg‘ona shahridagi 13-maktab direktori