“Ertaga bundan ham chiroyli yozasan…”
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ta’lim olayotgan o‘quvchilarning barchasi husnixat talablari darajasida yoza olmasligi sir emas. Insonning yozuvi uning ichki dunyosi, estetik didini aks ettiradi. Savodxonlik bilan yozilgan chiroyli yozuv kishi ko‘nglini ravshanlashtiradi. Unga estetik zavq bag‘ishlaydi. Ona tilida to‘g‘ri so‘zlash va savodxonlik bilan chiroyli yozish ona tilimizga bo‘lgan hurmatimiz ifodasidir.
Ota-onalarimiz har kuni farzandlari bilan 5–10 daqiqa “Chiroyli yozuv” mashg‘uloti o‘tkazishlari kerak. Mashg‘ulot jarayonida bolalar oila a’zolari, do‘stlari, qarindoshlarining ismlarini, yoqtirgan o‘yinchoqlari, ertak yoki multfilm qahramonlari nomlarini, yod olgan she’rlaridan parchalar, o‘qigan badiiy asarlaridan olgan taassurotlarini ham yozishlari mumkin. “Chiroyli yozuv” mashg‘uloti uchun matn tanlayotganda bolalarning yoshi, qiziqishlari, individual xususiyat va xarakterlarini hisobga olish zarur. Bolalarni shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishga undovchi, ularni aqliy, ma’naviy-axloqiy, ruhiy, jismoniy rivojlantirishga xizmat qiluvchi matnlardan ham foydalanish mumkin.
To‘g‘ri, bir yoki ikki marta mashg‘ulot o‘tkazilganda bolalarning yozuvida u qadar o‘zgarish bo‘lmasligi mumkin. Shunda ota-onalar “Yozuvingda ancha o‘zgarish bor. Senga ishonaman, ertaga bundan ham chiroyli yozishni uddalaysan”, deb dalda berishi zarur.
Bu mashg‘ulotni o‘tkazish har kungi odatga aylansa, albatta, farzandlarimizning husnixatida ijobiy o‘zgarish seziladi. Ularda chiroyli yozish ko‘nikmasi shakllanadi. Farzandlarimizning yoshini hisobga olgan holda “Shaxsiy gigiyena qoidalari”, “Sog‘lik — bebaho boylik”, “Salomatlik posbonlari”, “Shifokorlarni olqishlaymiz”, “Kasallikka qarshi birga kurashamiz”, “O‘z sog‘liging uchun o‘zing mas’ul bo‘l!”, “Uyda qoling” mavzularida kichik hajmli matn yaratish, diktant va insholar yozish ularda shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, vaziyatni to‘g‘ri anglash, mas’uliyatni his qilash tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiladi.
O‘g‘ilxon YO‘LDOSHEVA, Baliqchi tumanidagi 6-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi