Repetitorsiz ham talaba bo‘lish mumkin
Mamlakatimizda har yili minglab abituriyentlar oliy ta’limda o‘qishni davom ettirish maqsadida repetitorlik kurslariga qatnaydilar. Bu nafaqat O‘zbekistonda, balki butun jahonda tan olingan haqiqat. “O‘sha fanlarni, vaholanki, maktabda o‘qishgan, nega o‘sha bilimni maktab o‘qituvchisi bermaydi, o‘qituvchi o‘qitgani uchun maosh olgan-ku, nega uning sifatsiz o‘qitgani uchun o‘quvchi aziyat chekishi kerak, nima uchun boshqa o‘qituvchi qo‘shimcha mablag‘ hisobidan o‘quvchini qayta tayyorlashi lozim?” degan ko‘plab savollarga duch kelmoqdamiz.
Avvalambor, maktab ta’limi dasturi bor va bu dastur asosida fanga oid bilimlar bosqichma-bosqich o‘quvchilarga sinflar kesimida berib boradi. Aytaylik, ona tili fanidan fonetika va leksikologiyaga oid zarur saboqlar, adabiyot fanidan ertaklar, topishmoq va qo‘shiqlar nazariyasi haqidagi bilim 5-sinfda beriladi va yillar davomida mavzular almashib boriladi. O‘quvchi 11-sinfga yetganida 5- yoki 6-sinfda o‘rganganlari esidan chiqib qolishi turgan gap. Uning ustiga maktabda birgina ona tili va adabiyot emas, boshqa fanlarning ham o‘qitilishi bor. Kirish imtihonlarining test savollarini ko‘rgan o‘quvchi “Men buni bilmayman-ku” deya qo‘rquvga tushadi. Go‘yo hech qachon bu mavzuni o‘rganmagan, ijodkorning hayoti va ijodi bilan tanish emasdek. Aslida-chi? Aslida, o‘qituvchi qachonlardir yozuv taxtasining olida silliqqina qilib mavzuni tushuntirib ketgan (barcha o‘qituvchiga tegishli emas), keyingi darsda besh-oltita o‘quvchidan o‘tilgan mavzuni so‘roqlaydi, bahoni qo‘yadi va qarabsiz-ki, yil yakunlanib qolibdi. “Ura!”.
Repetitorliksiz ham o‘qishga kirish mumkinmi? O‘quvchi ta’lim muassasasi ostonasidan chiqmay turib ham o‘qishga kirishining iloji bormi? Qayerda, qanday qilib, qachon? Quyidagilar bu savollarga javob bo‘lishi mimkindir…
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi o‘quvchilari repetitorliksiz o‘qishga kira oladi. Asosiy fanlardan sinf o‘quvchilari ikki guruhga bo‘lib, chuqurlashtirilgan dastur asosida o‘qitiladi, sinfda va sinfdan tashqari barcha faoliyat shu fanga qaratilgan bo‘ladi.
Ona tili fanidan 10–11-sinf dasturi shunday tuzilganki, dars davomida butun tilshunoslik kursini takrorlamaslikning iloji yo‘q: takrorlash, o‘quvchiga eslatish, so‘zlatish, mustaqil shaklda bajarishlari uchun topshiriqlar berish va dars davomida yoki uyga vazifa tariqasida bo‘limga oid 50 tadan kam bo‘lmagan test savollarini berish orqali kattagina bilim zaxirasiga ega bo‘ladi.
Fan to‘garaklarida o‘qituvchining mahorati, yetarli bilim va fidoiyligi orqali bilim egallanadi. Fan to‘garagiga shunday maqsad qo‘yish kerakki va albatta, bu maqsadni o‘quvchiga yetkazganingizda o‘quvchilar majburiylik asosida emas, balki, o‘z xohish-irodasiga ko‘ra to‘garak mashg‘ulotlariga kelishsin. To‘garak yarim soat emas, bir, ikki soat faoliyat yuritsin.
Tajriba-sinov tarzida variativ sinflarning tashkil etilishi va variativ o‘quv reja asosida darslarning olib borilishi ham o‘quvchilarning repetitorlik kurslariga borishiga hojat yo‘qligini isbotladi.
Albatta, o‘quvchi ham yaxshi bilim egasi bo‘lgani holda nufuzli oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lishni istaydi. O‘z o‘qituvchisining nechog‘lik bilimdon ekanligini yillar davomida kuzatgan, shunga ko‘ra ish tutadi. Bu haqiqat: o‘quvchining darsda to‘satdan bergan savoliga javob bera olgan o‘qituvchi bor, javob bera olmagan o‘qituvchi bor. Bir bo‘r va bir doska bilan olam-olam bilim bergan o‘qituvchi bor, 40 daqiqali darsga o‘nlab metodlar, tarqatmali-yu ko‘rgazmali qurollarni olib kirib hech narsa bera olmagan o‘qituvchi bor. Yakuniy xulosa, tanlash o‘quvchining o‘ziga qolmoqda.
Zo‘r va qudratli, bilimdon o‘qituvchi bor ekan, uning o‘quvchisi repetitorliksiz ham talaba bo‘la oladi.
Gulchehra MAMANBOYEVA, Sirdaryo viloyati 1-XTIMI o‘qituvchisi