Ingliz tili darslarini qanday qiziqarli o‘tish mumkin?
Ingliz tilini o‘rganish bugungi taraqqiyotning asosiy shartlaridan biridir. Binobarin, yosh avlod o‘rtasida ushbu fanga bo‘lgan qiziqishni nafaqat oshirish, balki ularning bu yo‘ldagi izlanishlarini rag‘batlantirish ota-onalar qatori pedagoglar zimmasiga ham mas’uliyat yuklaydi.
Shunday ekan biz ustoz-muallimlar interfaol, innovatsion va qiziqarli usullardan foydalanib, darsimizni mazmunli o‘tishimiz lozim. Bilamizki, ta’lim jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini olib kirish, ulardan maqsadli va to‘g‘ri foydalanish, shu orqali o‘quvchida chet tillarga bo‘lgan qiziqishni oshirish, o‘qitish samaradorligini yaxshilash eng muhim masaladir. Bugungi kunda ta’lim sohasida turli xil usullar mavjud. Ulardan dars davomida yangi mavzuni yoritishda keng va yanada qiziqishlarini oshirish maqsadida foydalanishimiz kerak.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda yurtimizda xalq ta’limi tizimida chet tillarini o‘qitida yangi davr boshlandi, talablar, metodika o‘zgardi. Bunda ilg‘or pedagogik texnologiyalar, interfaol, innovatsion usullardan foydalanish talab etilmoqda.
Maktablarda ingliz tili fani 1-sinflardan boshlab o‘tilayotgani buning tasdig‘idir. Bilimga chanqoq bolajonlarning til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, ularni ingliz tilining boy olamiga olib kirish o‘qituvchilardan katta mehnat talab etadi. Albatta, bu borada darslarni turli interfaol o‘yinlar asosida tashkil etish ularda ishtiyoqini yanada oshiradi, passiv o‘quvchilarni faollashtiradi, sinfda o‘quvchilar o‘rtasida raqobat qatori o‘zaro jamoadoshlik muhitini yuzaga keltiradi.
Keling, ingliz tili darsini mazmunli o‘tkazish uchun didaktik o‘yinlardan bir nechta misollarni ko‘rib chiqamiz.
PICTIONARY? ko‘pchilik ingliz tilini o‘rganuvchilar biladigan rasm chizish o‘yini. Bu o‘yin uchun oddiy doska yoki oq magnit doskadan foydalanamiz. Sinfni ikki gruhga bo‘lib olamiz va har bir jamoa uchun doskaning bir tomoniga jadval chizamiz va jamoalarninig to‘plagan ballarini shu yerga yozib boramiz, guruhlar o‘zlari uchun nom tanlaydilar. So‘ng har bir guruhdan bitta o‘quvchi doskaga chiqib, teskari o‘girilgan so‘zlardan bittasini tanlaydi va uni doskaga chizib ko‘rsatadi, qolganlar uni topadi. So‘zni birinchi topgan jamoaga ball beriladi.
OBJECTS? — bu qiziqarli o‘yin orqali o‘quvchilarning xotirasi va so‘z boyligini tekshiramiz. So‘z boyligimizni qanchalik oshirsak, ingliz tilida so‘zlashuv mahoratimiz shuncha yaxshilanib boraveradi.
O‘yinning shartlari: doska va sinfxonada joylashgan 15 buyumdan foydalanamiz. Buyumlarning hammasini stol ustiga qo‘yib, barcha o‘quvchini chaqirib, stol ustidagi buyumlarni ko‘zdan kechirishlarini aytamiz, so‘ng hamma buyumlarning ustini biror narsa bilan berkitamiz. So‘ng o‘quvchilardan eslab qolgan 15 ta buyumni qog‘ozga yoki daftarlariga ingliz tiliga yozishlarini so‘raymiz. 2-3 daqiqadan so‘ng o‘qituvchi buyumlar nomlarini doskaga yozadi va o‘quvchilar o‘zlari yozgan buyumlar nomlarini tekshirib oladi. Eng ko‘p to‘g‘ri yozgan o‘quvchi g‘olib sanaladi.
BACK TO BACK? — бу o‘yin o‘quvchi xotirasini charxlaydi va eshitish qobiliyatini o‘stiradi. Stolga rang-barang rasmlarni chap tomoni bilan qo‘yib chiqamiz, ikki o‘quvchini doskaga chiqaramiz va ularning birovidan rasmlarni tanlab olishini so‘raymiz, ikkinchi o‘quvchiga ko‘rsatmasdan ular ikkita bir-biriga teskari stulga o‘tiradilar. Rasmni ushlab turgan bola topishmoq usulda unda nima tasvirlanganini aytadi va ikkinchi o‘quvchi eshitgan so‘zlarni qog‘ozga tushiradi. Eshitganlarini yaqqol va aniq tushirsa o‘quvchi g‘olib bo‘ladi. Bu o‘yin yuqori sinflar uchun ham juda qiziqarli.
BINGO? — bu o‘yinni o‘ynash uchun biroz tayyorgarlik ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Ammo u juda qiziqarli. 4x4 shaklda bingo qog‘ozlarini tayyorlang va har bir katagiga so‘zlar yozing hamda o‘quvchilarga tarqating. So‘zlar takrorlanmasligi va siz ularni o‘qib berganingizda o‘quvchilar borlarini belgilashlari kerak. Sahifadagi barcha so‘zlarni birinchi bo‘lib belgilagan o‘quvchi g‘olib sanaladi.
Ushbu o‘yinlarni darsingizda qo‘llab ko‘ring va erishgan natijalaringiz hamda tajribangizni hamkasblaringiz bilan o‘rtoqlashing!
Xurshidabonu ZIYATOVA,
Qarshi shahridagi 9-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi