O‘qituvchi karantin davrida 20 minutlik darsni tashkil etishni taklif qilmoqda
Pandemiya maktab va ustozlarning jamiyatga qanchalar zarur ekanini isbotladi. Aksariyat insonlar aynan maktabda yaxshi bilim va tarbiya olgan bolalarning kelgusi hayotida muvaffaqiyatga erishish imkoni kengroq bo‘lishini tushunib yetishdi. Jamiyat taraqqiyotini maktabsiz tasavvur qilib bo‘lmasligi kundek ravshan bo‘ldi. Dunyo bugun bitta masala ustida bosh qotirmoqda – karantin qachongacha davom etadi va ta’lim tizimini qanday yo‘lga qo‘yish lozim?
Bu borada aniq takliflar bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
Birinchisi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida va boshqa ta’lim muassasalarida o‘quv yilini 2020-yil 20-avgustdan boshlash kerak.
Bunda har bir dars 45 minutdan emas, balki 20 minutdan bo‘lishi lozim. Sinf o‘quvchilari 2 guruhga bo‘linadi va darslar 2 smenada tashkil etiladi.
Ertalab soat 8.00 gacha ta’lim muassasasi ma’muriyati SEOM bilan hamkorlikda o‘quv xonalarini dezinfeksiyalashi kerak. Birinchi guruh soat 8.00 da darslarni boshlaydi va 5 minutlik tanaffuslar bilan birga jami 6 ta dars o‘tadi va soat 10.30 da darslarni tugallab uyiga ketadi.
Ta’lim muassasasi ma’muriyati SEOM bilan hamkorlikda o‘quv xonalarini qaytadan dezinfeksiyalaydi va shamollatadi.
Ikkinchi guruh soat 12.00 da darslarni boshlaydi va 5 minutlik tanaffuslar bilan birga jami 6 ta dars o‘tadi va soat 14.30 da darslarni tugallab uyiga ketadi.
20 minutlik darsning afzalliklari juda ko‘p.
Eng avvalo, darslar o‘z vaqtida jonli o‘tkaziladi. O‘qituvchi sinfda 30–40 nafar emas, balki 15–20 nafar o‘quvchiga dars o‘tadi. Sinfda va maktab hududida ijtimoiy masofa saqlanadi. O‘quvchilarning bir joyda turish soni ikki barobar kamayadi. Har bir darsda uy vazifalari so‘rashning o‘rniga 2 haftada bir marta oraliq nazorat sinovlari o‘tkaziladi.
Bu jarayonda o‘qituvchilarga 2 karra qiyin bo‘lishi ham tabiiy. Chunki o‘qituvchi 1 stavkaning o‘rniga 2 stavka ishlaydi. Ya’ni, bitta darsni takror ikki marta o‘tadi.
O‘qituvchilarning bu jarayondagi mehnatiga ish haqi to‘lash, uni moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlash uchun Respublika maxsus komissiyasi, Moliya vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi alohida to‘lov tizimi ishlab chiqishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
O‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari, avvalo, o‘quvchilarni darsliklar, o‘qituvchilarni uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlash, o‘quv jarayonining pedagogik va metodik ta’minotini yaxshilash, zamonaviy AKTdan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish, ta’lim sifatini yaxshilash yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirishni 15-avgustgacha yakunlash lozim.
Asosiy maktab tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘lmagan joylarda esa, o‘quvchilarning asosiy maktabga borishlari uchun avtobus xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi dolzarb vazifalardan biri.
Boshlang‘ich sinflar, ayniqsa birinchi sinflar masalasini shoshilmay, atroflicha ko‘rib chiqish zarur.
Ikkinchi muhim taklif.
Onlayn darslar, elektron tizim kerak. Biroq aksariyat hududlarda internetning sifatli ishlamasligi, aksariyat xonadonlarda, ayniqsa qishloq sharoitida internet va televideniye har doim ham onlayn emasligi qiyinchiliklar tug‘diradi. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari ham onlayn ta’lim kutilgan natijani bermasligini o‘zida aks ettirdi.
Bu muammoni bartaraf etish uchun “offlayn” usulidan foydalanish zarur.
Taklif etilayotgan loyiha internetsiz, televideniyesiz va hattoki kompyuterlarsiz ishlashga mo‘ljallangan.
“UEM” — UY ELEKTRON MAKTABI LOYIHASI
Loyihaning asosiy maqsadi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘qitishga jalb etgan holda o‘quvchilar bilim darajasini bir necha barobar oshirish, o‘quvchilarning mustaqil ta’lim olishlari, pandemiya sharoitida ta’lim uzluksizligini ta’minlash, ayniqsa imkoniyati cheklangan bolalarga uy sharoitida ta’lim berish uchun “Uy elektron maktabi” tizimini ishlab chiqishdan iborat.
Uy sharoitida yanada chuqurroq bilim olishni istagan o‘quvchi istagan fandan (o‘zbek, ingliz, rus, qoraqalpoq tillarida) darslarni tomosha qilmoqchi bo‘lsa UEM disklari (dasturiy ta’minot)dan kompyuter yoki DVD yordamida foydalanishi mumkin.
Nafaqat o‘zi ta’lim olayotgan maktabda faoliyat ko‘rsatayotgan, balki respublika miqyosida taniqli o‘qituvchilarning darslaridan uyda, muolaja olayotgan shifoxonada, dam olayotgan oromgohda — xohlagan joyda va vaqtda foydalanishi mumkin. Tushunmagan savollariga mazkur darslarni qayta-qayta tomosha qilish yoki boshqa o‘qituvchilarning shu kabi videodarslarini tomosha qilish orqali javob topishi mumkin. O‘zini qiziqtirgan savollarni internet yoki telefon orqali loyiha tashkilotchilariga yetkazishi imkoniyati bor. Mazkur loyiha har yili Respublika ta’lim markazi va tegishli mutaxassislar tomonidan muntazam tahlil qilib va kamchiliklar bartaraf etib boriladi.
Loyiha bo‘yicha qilinadigan ishlar rejasi:
— o‘z fanining bilimdonlari bo‘lgan tajribali, fidoiy o‘qituvchilarni jalb etgan holda barcha fanlardan amaldagi Davlat ta’lim standartlari asosida videodarslar hamda mazkur darslarga aloqador bo‘lgan testlar bankini, qiziqarli o‘yinlar, boshqotirmalar, mashqlar jamlanmasini yaratish (bir necha variantda);
— to‘plangan videodarslarni ingliz, rus, qoraqalpoq tillariga tarjima qilish;
— ruhshunoslar, surdo tarjimonlar, logopedlar va defektologlar yordamida mazkur
videodarslarning surdo tarjimasini yaratish, subtitrlar yozish;
— mutaxassislarni jalb etgan holda dasturiy ta’minot holiga keltirish;
— tayyor dasturiy mahsulotni (ko‘p variantlilik asosida) tegishli idoralar va tashkilotlar ko‘magida foydalanuvchilarga yetkazish.
Mazkur loyiha nafaqat bolalar, balki yoshidan qat’i nazar, o‘z bilimi, ilmiy salohiyatini oshirish istagidagi insonlarga yaqindan yordam beradi.
Qobiljon QOSIMOV,
Chortoq tumanidagi 5-DIMI o‘qituvchisi, Xalq ta’limi a’lochisi