Poytaxtimizdagi 274-maktabni 26 yil boshqargan Sayfulla Mahkamov vafot etdi
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi, Xalq demokratik partiyasi a’zosi, Xalq deputatlari Yunusobod tumani kengashi deputati, 274-maktab direktori — Sayfulla Ubaydullayevich Mahkamov vafot etdi.
Sayfulla Mahkamov 1950-yil 7-fevralda Toshkentda tug‘ilgan. 1972-yilda Toshkent davlat pedagogika institutining geografiya va biologiya fakultetini tamomlagan. Ish faoliyatini 1972-yil Yunusobod tumanidagi 272-maktabda boshlagan. 1974-1975-yillarda Bolalar uyida, 1979-1985-yillarda 272-maktabda o‘qituvchi va MMIBDO‘ lavozimida ishlagan. 1985-1986-yillarda 274-maktabda O‘TIBDO‘, 1994-yildan shu kungacha 274-maktab direktori bo‘lib faoliyat yuritgan. Sayfulla Mahkamov rahbarligi davrida maktab jamoasi katta yutuqlarga erishgan. Uning tashabbusi bilan 10-11-sinf o‘g‘il bolalari uchun “Avtomobil ishi” fani o‘qitilib, bitiruvchilarga haydovchilik guvohnomasi berilgan. Bilimlar bellashuvi, fan olimpiadalarida maktab reytingi yuqori o‘ringa chiqishida Sayfulla Mahkamovning o‘rni katta edi. Sayfulla Mahkamov adolatli, bilimdon rahbar, o‘z ishining fidoyisi, oliyjanob inson sifatida yaqinlarining xotirasida muhrlanib qoldi.
Tahririyatimiz jamoasi marhumning yaqinlariga va oila a’zolariga ta’ziya bildiradi.