Pandemiyada ta’lim
(“Olma daraxtining tagiga olma mevasi tushar” yoxud o‘qituvchisiga o‘xshar shogirdlar)
“Pandemiya-koronavirus”, “Jamiyat rivoji”, “Ta’lim”, “Inson, tabiat, jamiyat”... Aytish mumkinki, hozirgi kunda inson nutqida eng ko‘p ishlatilayotgan so‘zlar bo‘ldi desak adashmaymiz. Aslida insoniyat ko‘p ming yillik tarixiy taraqqiyoti mobaynida har xil sinovlarni boshidan kechirgan bo‘lsa-da, Yaratganning inoyati bilan, unga berilgan aql-zakovat tufayli sinovlarni chiroyli yengib o‘tish bilan bir qatorda yanada kuchli, salohiyatli, bilimli, moslashuvchan ham bo‘lib borgan. Insoniyat boshiga kelgan har bir sinov uni yanada qudratliroq qilgan. So‘zlarim isboti barcha jabhada mavjud. Ayni damda o‘zgacharoq tarzda fikrlarimga misol keltirmoqchiman.
Kasbiy faoliyatim mobaynida ko‘p bora ustozlarga “Olma daraxti tagiga olma mevasi tushar” degan donolar, siz — va biz bu jumlani ko‘pincha ota-onaga nisbatan tushunib ishlatishga o‘rgangan bo‘lsak-da, aslida buni o‘z kasbimizda ham qo‘llasak bo‘ladi. Agar siz izlanuvchan, yaratuvchan, kreativ fikrlaydigan, savodxon, barcha sohada bilimdon bo‘lsangiz, ishonavering, siz daraxtsiz va sizdan albatta o‘zingizga o‘xshagan o‘quvchilar va shogirdlar
yetishib chiqadi” deyman. Bundan tashqari, “yuqumli” so‘zining hatto kasbimizga aloqadorlik jihatlarini topishimiz mumkin. Qanday qilib? Javobi oddiy. Shunchaki kuzatuvchan bo‘ling atrofdagilarga nisbatan. Agar e’tibor bersangiz, boshlang‘ich ta’limda dars bergan o‘qituvchining hatto ko‘z ilg‘amas odatlariyam o‘quvchiga “yuqib” qolganini bilasiz. Yuqori sinfga o‘tgach esa, majoziy ma’noda o‘quvchi psixikasida endi “jang boshlanadi”. Birdaniga ta’lim beruvchi ustozlari ko‘payishi hisobiga ko‘p holatlarda jizzakilik jihatlariyam ko‘zga tashlanish ehtimoli yuqori bo‘lishi mumkin. Bu “jang”da kim g‘olib bo‘lganini esa o‘quvchining o‘zini tutishi va harakatlaridan bilib olsa bo‘ladi. O‘zining nazarida aqlli, dono, mehribon, bilimli, atrofdagilar hurmatiga sazovor bo‘lgan ustoziga bo‘lgan havas unga taqlid qilishida o‘z aksini topa boshlaydi. Eng qizig‘i, o‘quvchining o‘zini tutishi, harakatlaridan ustozi kimligini bilsa bo‘ladi. Umumta’lim maktabidagi kasbiy faoliyatim davomida 5-sinflarga “Vatan tuyg‘usi” fanidan dars berish jaryonida (2009–1012-yillar) sinf va o‘quvchilarning o‘zini tutishi, yozuvi, bir-biriga munosabatidan boshlang‘ich ta’limda o‘qitgan o‘qituvchilarini adashmasdan bilganman. Qanday qilib bildingiz, degan savolga javobim oddiy. Chunki boshlang‘ich ta’limda dars beradigan o‘qituvchilarning ish faoliyatidan xabarim bor edi. Deylik, jonkuyar ustozning o‘quvchilari ham maktab jihozlariga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lar, husnixati go‘zal bo‘lgan ustozning deyarli barcha o‘quvchilari bir xil chiroyli yozar, fe’li chatoqroq bo‘lgan o‘qituvchining o‘quvchilari ham arzimagan narsaning ustida tortishib qolar, tashkilotchi ustoz o‘quvchilari esa hattoki dars jarayonida ham doim yangi taklif va tashabbus bilan chiqardi. Hurmatli maqolani o‘quvchilar, o‘z bolaligingizga bir dam qaytingda eslang, siz ham shu bosqichni bosib o‘tmadingizmi? Sizning shu darajaga erishishingizda ta’lim bergan ustozlaringizning bilimi “hosildor yer” vazifasini o‘tamadimi?! Eng yomoni va eng qizig‘i, o‘qituvchilardagi yomon fe’l-atvor va harakatlarning ham “yuqumli” ekanidir. Demak, ISLOHOTNI O‘ZIMIZDAN BOSHLAYMIZ! Ko‘z oldingizga eng namunali o‘qituvchi qiyofasini keltiring va shunday bo‘lishga harakat qiling.
Endi asosiy masalaga kelsak. Bilasiz, dunyoda pandemiya sinovi bo‘lmoqda. Ammo hayot davom etadi. Ko‘z ochib yumguncha o‘zimiz kutmagan va xayolimizga kelmagan holatga tushdik. Barcha sohada! Demak, avvalroq ta’kidlaganimdek, moslashuvchanlik tuyg‘usi bizni yangi sharoitlargada moslashtira bildi (tan olib aytamanki, oson kechmadi). Bir necha yillar mobaynida o‘qituvchilarning axborot texnologiyalari savodxonligi borasida olib borilayotgan islohotlar majburan, birdaniga “meva berishga” majbur bo‘ldi. Nega? Chunki pandemiya sharoitida ta’lim talabi shu edi! Axborot bilan ishlashda internet, kompyuter, ijtimoiy tarmoqlar o‘rni yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi. Avvaliga “men bilmayman, qabul qilishim qiyin, darsimni shundoq ham AKTlarsiz zo‘r o‘ta olaman”, kabi bahonalar ortiga berkingan o‘qituvchiga qochgani yo‘l qolmadi. Shu kasbga ehtiyoji bormi,
AKTni amaliyotda qo‘llashga majburlik darajasiga borgach vaziyat tubdan o‘zgardi. O‘z amaliyotim misolida fikrlarimni davom ettiraman. Malaka oshirish kurslaridagi ta’lim jarayonida ham haqiqiy ma’noda progress kuzatildi. Ma’lumotlarimizni turfa shaklda (matn, taqdimot, videodars) tinglovchilarga taqdim etish barobarida, talablarimiz ham jarayonga moslashdi. Hattoki, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ilmiy-metodik ishlarimiz ham pandemiyaga moslashib rivojlandi. “ZOOM” dasturi orqali ta’lim jarayonini olib borarkanmiz, telegram orqali ma’lumotlarimiz, topshiriqlarimiz ijrosini kuzatib, qabul qilib bordik. Hattoki, tanlovlarimiz, sinovlarimiznida shu jarayonga moslashtirdik Ammo XTV “ZOOM”dagi ta’lim vaqtlari borasida ham yakuniy bir xulosani aytmog‘i kerak degan fikrdaman. Chunki, 3 juftlik, bir nuqtaga tikilib ta’lim olish va berish o‘qituvchilar salomatligiga albatta ta’sir qiladi. Asab toliqishi, ko‘z ko‘ruviga ta’sir, radiatsiya va h.k. Mb, internet tezligi sifatiga ham albatta mas’ullar e’tibor qaratishsa yomon bo‘lmasdi. 2020- yilning iyun oyi ona tili va adabiyot fani tinglovchilari orasida “Videoinsho” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Ko‘rik-tanlovda jami 30 ishtirokchi qatnashib, ular 5 guruhga bo‘lindi. O‘quv-reja asnosida videoinsho haqida ma’lumotlar berilgach, tanlov e’lon qilinib, videoinsho yaratish uchun bir hafta muddat berildi. An’anaviy inshoda faqatgina yozma nutq savodxonligi baholangan bo‘lsa, videoinshoda baholash mezonlarini quyidagicha ishlab chiqdim.
Talabga muvofiq, guruh sardorlari tayyor bo‘lgan inshoni yozma, taqdimot va video tarzida taqdim etsalarda, asosiy baho videoinsho asosida qo‘yiladi. Tanlov asosida yaratilgan insholarning kamchiliklari bartaraf etilgach, “Surxon malaka” telegram guruhiga joylashtirilib, ijodiy ish sifatida insho yaratuvchilar metodik manbasidan joy olishi va respublikadagi telegram guruhlarga joylashtirilishi maqsad qilingan.
Tanlov g‘oliblariga qimmatbaho sovg‘alar va’da qilmagan bo‘lsam-da, ijodiy ishni bajarish mobaynida o‘qituvchilarning o‘z ishlaridan o‘zlarining olgan taassurotlari o‘zgacha bo‘ldi. Ijodiy ish, yaratuvchanlik, ishonavering, barchaga birdek yoqadi. Ayniqsa, mahsulotingiz kimgadir manzur bo‘lib, e’tirof etilishining o‘ziyoq qimmatbaho sovg‘alar o‘rnini to‘ldirib ketadi. Ijodiy ishlarni yaratish jarayonida orada masofa bo‘lsa-da, birlashib natijaga erisholgan o‘qituvchilarning fikrlarini eshitarkanman, olgan tajribalarini kelgusi amaliyotlarida ham qo‘llashini bilishimning o‘ziyoq, rosti menga zavq bag‘ishlaydi. So‘zim yakunida yana o‘sha fikrimni takror aytaman. Hurmatli ustozlar, sizning salohiyatingiz, bilimingiz, zakovatingiz o‘quvchilaringiz hayoti, so‘zi va o‘zida aksini topmog‘i darkor. Unutmang, ilm siz va bizga omonatdir. “OMONAT” so‘zi va tushunchasi mohiyatini izohlashim shartmas menimcha. Zero, xalqimiz omonatga juda ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish bilan bir qatorda, avlodlariga ham asrlar mobaynida “omonatga xiyonat qilib bo‘lmasligi”ni singdirib kelgan.
Surayyo QODIROVA, Surxondaryo VXTXQTUMOHM “Tillarni o‘qitish metodikasi” kafedrasi katta o‘qituvchisi