Maktabda sinf rahbari hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari yuritayotgan hujjatlar soni qisqartirildi
Xalq ta’limi vazirligining umumiy o‘rta ta’lim muassasasining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari va sinf rahbarlari faoliyati samaradorligini oshirish haqidagi buyrug‘i tasdiqlandi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma'lum qildi.
Xalq ta’limi vazirligining 180-sonli buyrug‘i bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasasining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari va sinf rahbarlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida yangi tahrirdagi nizomlar tasdiqlandi.
Mazkur nizomlar bilan bog‘liq asosiy o‘zgarishlar maktablarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari va sinf rahbari tomonidan yuritiladigan hujjatlarning soni bilan bog‘liq.
Hususan, 2020/2021-o‘quv yilidan e’tiboran ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari tomonidan shu kunga qadar yuritib kelinayotgan hujjatlarning soni 7 tadan 4 taga, sinf rahbarining esa 4 tadan 2 taga qisqartirildi.
Ta’kidlash joizki, ushbu o‘zgarishlar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan so‘nggi yillar davomida tizimda ortiqcha hujjatbozlikni kamaytirish orqali umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya ishlarini yangi sifat bosqichiga olib chiqish yo‘nalishidagi ishlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Aynan ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari va sinf rahbari tomonidan maktablarda o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularga odob-axloq qoidalarini o‘rgatish, yod g‘oyalar ta’siriga tushib qolishlarining oldini olish, turli hil g‘ayriijtimoiy hatti-harakatlarning sodir etilishi oldini olishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish orqali o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli band etish kabi vazifalar amalga oshiriladi.
Yuritiladigan hujjatlarning sonini kamaytirish yoki optimallashtirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, umumta’lim maktablarida tashkil etilayotgan tarbiyaviy ishlarning bevosita manzilli va izchil ko‘rinish kasb etishiga erishishdan iborat. Ya’ni, ta’lim muassasalarida “xavf guruhi”ga kirgan o‘quvchilarning har biri bilan yakka tartibda ko‘proq shug‘ullanish orqali ularning ijtimoiy reabilitatsiya jarayonini tezlashtirish ko‘zda tutilgan.
Umid qilamizki, tizimdagi mazkur o‘zgarishlar yaqin istiqbolda umumta’lim maktablarida tarbiyaviy ishlarning samaradorligini oshishiga hizmat qiladi. Zero kelajagimiz bo‘lgan yoshlarning tarbiyasi bugungi kunda allaqachon hayot-mamot masalasiga aylanib ulgurdi.