Bilimdon o‘qituvchi ko‘p bo‘lsa...
Maktablardagi o‘qitish tizimida anchagina o‘zgarishlar amalga oshirilyapti. Maqsad ta’limni isloh qilish orqali o‘quvchilarga yanada ko‘proq bilim berishdir. Lekin bu harakatlar ta’limda keskin o‘zgarish qila olmayapti. Nega? Ko‘p yillik kuzatuvlarimdan kelib chiqib quyidagi fikrlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
Men o‘rtaga tashlamoqchi bo‘lqan masala o‘qituvchi kadrlar masalasidir. Bugungi kunda maktablarda qanday o‘qituvchlar faoliyat yuritayapti?
Tahlilga o‘tishdan oldin tarixga bir nazar tashlasak, uzoq o‘tmishga emas, 50 yil ortga nazar solamiz, ya’ni o‘tgan asrninq 70-yillariga. U paytlari o‘qituvchilar eng obro‘li insonlar toifasiga kirar edi. Chunki ularning maoshi boshqa kasbdagilar maoshidan ko‘proq edi. Shu sabab hurmatlari joyida, ularga havas qilishardi. Shuning uchun ham maktab bitiruvchlarining eng bilimdonlari o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilardi. Bilimdon o‘quvchi shunday o‘quvchiki, unda alohida qobiliyat bor, qabul qilish imkoniyatlari juda yuqori. Hamma fanlarni a’lo darajada biladi, hamma ishni uddalay oladi. Bunday o‘quvchilar bitiruvchilarning taxminan 20%ini tashkil etadi. 80-yillardan boshlab ana shu 20% bilimdonlar nega o‘qituvchi bo‘lgisi kelmay qoldi? Bu yerda asosan yigitlar to‘g‘risida fikr yuritamiz, qizlar xususida keyinroq to‘xtalamiz. Kuzatishimiz bo‘yicha bilmdonlarimiz texnika, irrigatsiya, yuridik; keyinroq iqtisod, bank, moliya; undan keyin ichki ishlar, harbiy, kompyuter texnologiyalari va tadbirkorlik sohalarini afzal ko‘rishyapti. Chunki bu soha vakillari maoshi o‘qituvchilarnikidan ancha ilgarilab ketdi-da. Buning ustiga o‘qituvchilar qanday ishlarga jalb qilinmadi? Bunday holni ko‘rib turgan bizning bilimdonimiz o‘qituvchi bo‘lishni xohlamaydi-da, chunki u bilimdon.
Biz qachon bilimdon bitiruvchida o‘qituvchi bo‘lish orzusini shakllantirmas ekanmiz, ta’lim bir joyda depsinib turaveradi. Bunga qachon va qanday qilib erishamiz? Xalq ta’limi xodimlari maoshini maksimal darajada oshirish kerakki, natijada o‘qituvchi xalqi yashash tarzi bilan boshqa kasb egalaridan ustunroq bo‘lsin. Buni ko‘rgan ota-ona farzandining o‘qituvchi bo‘lishini orzu qilsin, bizning bilimdonimiz hali quyi sinfligidayoq o‘qituvchi bo‘lishni istasin. Ha, albatta, bunga ancha vaqt kerak, mablag‘ kerak. Lekin O‘zbekistonimiz kelajagi uchun mablag‘ topiladi deb o‘ylayman. Har doim, hamma sohada xorijiy davlatlardan andoza olamiz. Qaysi rivojlangan davlatni kuzatsak oqituvchining maoshi eng yuqori, obro‘si baland. Shuning uchun eng bilimdonlar o‘qituvchi bo‘lishadi.
Endi ayni vaqtda kimlar o‘qituvchi bolib ishlayapti, degan savolga javob bersak. Eng bilimdonlar maoshi yaxshi bo‘lgan sohalarga ketdi. To‘g‘ri, bitta-yarim o‘qituvchilikdan boshqasida ishlamayman degan yigitlar ham bor. Lekin juda kam. Faoliyat ko‘rsatib kelayotgan erkak o‘qituvchilar toifasi borki, ular sabablarga ko‘ra ichki ishlar yoki harbiy yo‘nalishga o‘ta olmay qolganlar. Maktabda faoliyat yuritsalar-da, boshqa ishlar bilan ham shug‘ullanadi: kimdir kirakash, kimdir chorvador, kimdir usta va hokazo. Maktabdagi maoshga go‘shimcha-da, shuning uchun ular butun imkoniyatlarini o‘quvchi bilan ishlashga qaratmaydilar. Keyingi erkak o‘qituvchilar toifasiga maktab davrida yolchitib o‘qimagan, qandaydir yo‘llar bilan oliy dargohni tugatib olganlar kiradi, yaxshiyam bularning soni ko‘p emas.
Endi qizlarga to‘xtalamiz. Bitiruvchilarning aksariyati o‘qituvchi bo‘lishni orzu qiladi. Va bugungi kunda o‘qituvchilarning asosiy qismini xotin-qizlar tashkil etadi, albatta 10–15 foiz xotin-qiz o‘qituvchilar bugungi kunda eng ilg‘or o‘qituvchilar toifasiga kiradi. 50–60 foiz xotin-qiz o‘qituvchilar esa maktab davrida yaxshi o‘giganlar, ular fidoyilik ko‘rsatib ishlagisi keladi, harakat qiladi, lekin bilim darajasi ozgina pand berib qo‘yadi. Xullas, bu o‘qituvchilar yaxshi ishlashyapti va yaxshi bitiruvchi chiqaryapti, lekin ishlari a’lo emasda.
Xulosa qilib aytganda, maktabda bilimdon, lider o‘qituvchilar ko‘p bo‘lsa, bilimdon o‘quvchi ko‘payadi. Bilimdon o‘quvchi ko‘paysa bir kun kelib har sohada yetuk kadr ko‘payadi. Demak, hammasi o‘qituvchi maoshiga bog‘liq. Faqatgina yetarli maosh bilimdon kadrni maktabga qaytara oladi. Shunday emasmi?
Nurmamat HASANOV, Kasbi tumanidagi 31-maktab direktori