Tarix masalasi va maktab darsliklari holati
O‘zbekistonda ta’lim sohasining barqaror rivojlanishini ta’minlashning muhim shartlaridan biri bu umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun yangi avlod darsliklarini yaratish bilan bog‘liqdir. Tarix bo‘yicha sifat jihatidan yangi o‘quv adabiyotlarini yaratish ular mazmunida tarix fanining yutuqlari, o‘tmishdagi voqealar va zamonaviy jarayonlarni xolis aks ettirish zaruriyati ilmiy anjumanlarda va ommaviy axborot vositalarida keng muhokama qilinmoqda.
Hozirda mavjud “O‘zbekiston tarixi” va “Jahon tarixi” fanlarining maktab darsliklari bo‘yicha tanqidiy mulohazalar quyidagicha: matn haddan ortiq tarixiy materiallarning bayoni bilan to‘ldirilgan hamda rasmlar va tarixiy xaritalar bilan yetarlicha boyitilmagan, madaniyat tarixi va odamlarning kundalik hayoti talab darajasida yoritilmagan, XIX—XX asrlar O‘zbekiston tarixi bo‘yicha darsliklar siyosiy voqealar tavsifi bilan to‘yingan, 5-sinf o‘quvchilari uchun “Tarixdan hikoyalar” darsligining mazmuni uning nomiga mos kelmaydi, negaki unda katta sinflarda o‘rganilayotgan ayrim mavzular qisqacha hikoya qilib beriladi. Va nihoyat, har doim bir xil mualliflarning darsliklari tanlov-tender g‘olibiga aylanadi, degan xulosa qilinadi.
Mulohazalar ko‘p jihatdan adolatli. Biroq munozaralar payti darsliklardagi kamchiliklarning asosiy sabablari umumiy tarzda talqin qilinadi. Ko‘pincha, faqat xato va kamchiliklar mavjudligi qayd etiladi, ularni bartaraf etishga yordam beradigan amaliy takliflar kam. Uslubiy jihatlarga kelsak, bu masala deyarli muhokama qilinmaydi.
Darsliklar va ularning mualliflariga hozirgi paytda qo‘yiladigan talablar yetarli emas. Darslik matni tarixiy materiallarning murakkab, sof axborot taqdimotiga asoslanmasligi kerak va, albatta, o‘quvchilarning yoshi va qobiliyati xususiyatlarini hisobga olish lozim. Ta’limning vazifasi — o‘quvchining bilim va ijodiy qobiliyatini hamda mustaqil fikrlashini rivojlantirish bo‘lib, o‘rganishga qiziqish hissini shakllantirishi lozim. Shuning uchun darsliklarning mazmun-mohiyati mutaxassis — tarixchining kasbiy bilim darajasi, uning ma’lum bir voqealarni ilmiy jihatdan to‘g‘ri, tushunarli ravon tilda yorita olish imkoniyati, shuningdek, o‘qituvchi — metodistning yondashuvi, ya’ni darslik mualliflarining sifatli ishi bilan bog‘lanadi.
O‘quv adabiyotlari tarkibidagi ko‘plab kamchiliklar O‘zbekistonda tarix fanining rivojlanishi holati, o‘tmish voqealarni qayta ko‘rib chiqish va baholash jarayoni bilan belgilangan. Birinchi avlod darsliklari o‘tgan asrning 90-yillarida ishlab chiqilgan bo‘lib, bu paytda tarix ilmida eski illatlardan voz kechilgan, biroq yangi qarashlar hali yetarlicha shakllanmagan edi. O‘sha davrda muayyan darajada yanglish fikr-xulosalarga kelib, tarixiy masalalarga ortiqcha ehtiros bilan, biryoqlama yondashish kabi jihatlardan uzoqlashilmadi, tanqidiy mulohazalarga e’tibor berilmadi, senzura yo‘qoldi va plagiat — boshqalardan o‘zlashtirish usuli yuzaga chiqdi.
Shunday vaziyatda, ilgari so‘nggi davrlar tarixi, jumladan jamiyatning “sotsialistik” rivojlanishi va “partiya” qurilishi masalalari bilan shug‘ullangan mutaxassislarda O‘rta Osiyoning qadimgi va o‘rta asrlar tarixi hamda jahon tarixini tadqiqot obyekti sifatida o‘rganishga, shuningdek, dars berish va yangi darsliklar yaratishga barcha qodir degan xato tushuncha paydo bo‘ldi.
Markaziy Osiyo mamlakatlarida tarixni qayta ko‘rib chiqishga urinish ba’zan o‘ta bema’nilik darajasiga yetdi, ayrim nashrlarda ilm, mafkura va zamonaviy afsonalarning qorishib ketishi namoyon bo‘ldi. Bunday asarlarda o‘tmishning mutlaqo ijobiy yoki aksincha salbiy tasvirini yaratish uslubi o‘z aksini topdi.
O‘sha paytlarda 5-sinf uchun darslikda siyosiy tarixga oid juda murakkab hikoyalar o‘rin oldi. Biroq, 11-12 yoshdagi o‘quvchilar yangi qo‘llanmaning mualliflari ularga nimani tushuntirishga harakat qilayotganlarini anglashmasdi. Bu borada boshlangan ish XIX—XX asr O‘zbekiston tarixi 9-10-sinflar uchun darsliklarida ham davom ettirildi. Ular tarixiy materialning tushunish qiyinligi va haddan tashqari siyosiylashgan xususiyati sababli maktab o‘quvchilari orasida katta qiziqish uyg‘otmadi. Jahon tarixi fani bo‘yicha ham darsliklarni yozish bilan bog‘liq alohida muammolar mavjud edi. XXI asr boshida nashr etilgan darsliklarda turli xil kamchiliklar turlicha shakllarda saqlanib qoldi. Shu jumladan, o‘quv materiallarini o‘quvchilar yoshi va qobiliyatiga mos, tushunarli, sodda va ravon tilda bayon etish talabi yetarlicha amalga oshirilmadi.
Umumta’lim maktablari uchun “O‘zbekiston tarixi” va “Jahon tarixi” bo‘yicha davriy nashr etilgan deyarli barcha darsliklarda amaliy jihatdan bir xil uslubiy ko‘rsatmalardan foydalaniladi. Ular o‘qituvchi-metodist V.A.Kostetskiy tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, 1998-yili 6-sinf o‘quvchilari uchun chop etilgan “O‘zbekiston tarixi” darsligining bo‘limlarida qo‘llanilgan. Takomillashtirilgan holda mazkur metodikadan uning muallifi “Tarix. Qadimgi dunyo” darsligida foydalandi. Uning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, tarixiy materiallar asosiy qismda berilgandan so‘ng ularning muhim ma’lumotlari “Eslab qoling!” va “O‘zingizni sinab ko‘ring!” ruknlarida takrorlanib, darslik matnida o‘z ifodasini topgan. So‘ngra o‘quvchilar “tayanch konspekt” materiallaridan foydalangan holda o‘z bilimlarini sinab ko‘rish, shuningdek, har bir mavzu oxirida berilgan savol va topshiriqlarga javob berish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Afsuski, mavjud darsliklarning ba’zi mualliflari yuqoridagi tilga olingan uslubiy ko‘rsatmalarning faqat tashqi ko‘rinishidan namuna sifatida foydalanishgan. Ushbu mavzuni yanada rivojlantirmasdan turib, yangi avlod darsliklarida o‘quvchilarning jamoaviy ishlashi, fikr va munozaralar almashishi, mavzuga qiziqishni shakllantiradigan va o‘z nuqtayi nazarini taqdim etishni talab qiladigan innovatsiya mazmuniga ega vazifalarni ishlab chiqish, shuningdek, uslubiy jihatlarni zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida tuzish zarur. Bunday yondashuv darslikning ma’rifiy va tarbiyaviy ahamiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Darsliklarda xaritalar kamligi borasidagi e’tirozlar o‘rinli. Biroq bu jiddiy kamchilikni bartaraf etishga hech narsa to‘sqinlik qilmaydi. 2004-yilda “Kartografiya” ilmiy-ishlab chiqarish davlat korxonasida umumta’lim maktabining barcha sinf o‘quvchilari uchun rangli tarixiy xaritalar atlaslari, shuningdek, “O‘zbekiston tarixi” va “Jahon tarixi” fanlari bo‘yicha kontur xaritalari ishlab chiqilgan. Ular 2005–2007, 2015, 2017-yillarda nashr etilgan, ammo afsuski, “Kartografiya” ilmiy-ishlab chiqarish davlat korxonasining moliyaviy imkoniyatlari cheklanganligi sababli, mazkur xaritalar kam sonli tirajda chop etilgan (1000–3000 nusxada). Shu sababli ular respublikamizdagi aksariyat maktablar kutubxonalariga, jumladan, olis qishloqlarga yetib bormadi. Ta’lim sohasida xorijiy tajribadan foydalanish zarurati haqida tez-tez gapirib turamiz, lekin shu bilan birga biz o‘z tajribamizga beparvo munosabat bildiramiz. Shuning uchun har bir yangi avlod darsliklari tiraji nuqtayi nazaridan kelib chiqib tarixiy xaritalarni nashr etishni ta’minlash dolzarb ahamiyatga ega.
Bugungi kunda O‘zbekiston universitetlarida o‘lkashunoslik va turizm sohalariga oid ta’lim yo‘nalishlari ochilgan. Shundan kelib chiqqan holda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘lkashunoslik fanini o‘qitish masalasi muhimdir. O‘lkashunoslik fanining turli bilimlarni birlashtiruvchi tabiati (tarix, etnografiya, san’at, geografiya va ekologiya), tug‘ilib o‘sgan Vatan bilan yaqindan tanishish va ekskursiya — anglash, o‘rganishga, atrof-muhit, tabiat va tarixiy-madaniy yodgorliklarga hurmat bilan qarash va ularni asrab avaylashga yordam beradi. Bunday holda, 5-sinfda tarixni maxsus fan sifatida o‘qitishga hojat qolmaydi.
Aynan doimo bir xil mualliflarning darsliklari tender g‘oliblari ekanligi haqidagi masalaga to‘xtalib o‘tsak. Jamoatchilik muhokamasi jarayonida muammoning asosiy sabablari chetda qolmoqda. Bu olimlar va o‘qituvchilarning ilmiy, uslubiy va ijodiy imkoniyatlarining yetarli darajada integratsiyalashmaganligi bilan bog‘liq. Fundamental ilmiy loyihalar ustida ishlaydigan ko‘plab tarixchi olimlar darslik yozishga urinib ko‘rmaydi. Ularning ushbu muhim ishga qo‘shgan “hissasi” ba’zida ibratli tanqid bilan cheklanadi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan e’lon qilingan tarix darsliklari tanloviga yangi darslik qo‘lyozmasining odatda bitta yoki ko‘pi bilan ikkita talqini topshiriladi. Shuning uchun eng yaxshi variantni tanlash imkoniyati cheklangan.
Yana bir muhim masala. Darslik — bu ilmiy monografiya emas. Ilmiy-tadqiqot ishlarida, tarixiy voqealarga oid miqdor va sifat jihatidan ma’lumotlarning keng tahliliga ijozat berish nuqtayi nazaridan, bunday yondashuvga umumta’lim maktablari uchun darsliklarda har doim ham yo‘l qo‘yilmaydi. Maktab o‘quvchisi uchun tarixning har bir yuz yilligida insonlar tomonidan ham ijobiy, ham ijtimoiy omillar ta’sirida shakllanuvchi salbiy tajribalar to‘planganligini, o‘sha asrga xos tarix saboqlari o‘tgan davrlarning xatolarini takrorlashdan ogohlantirish kerakligi zaruratini tushuntirish juda muhimdir.
Umumta’lim maktablari va oliy o‘quv yurtlarida tarix fanini o‘qitish asosida yosh avlodda insonning jamiyatdagi o‘rni haqida yuksak ma’naviyat mohiyatiga ega bilimlar, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish g‘oyalarini shakllantirish lozim. Tarix bunyodkorlik, odamlarning bag‘rikenglik, adolat va ezgulikka intilishi kabi ko‘plab ibratli namunalarini o‘zida saqlab qolgan. Bularning barchasi hozir biz yashayotgan va kelajakka intilib yangilanayotgan dunyoda muhim ahamiyatga ega.
Anatoliy SAGDULLAEV,
tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi a’zosi