PISA testlari biz uchun yangilikmi?
Ta’lim tizimida matematik bilimlar rivojiga e’tibor har yilgidan kuchaydi. Puxta matematik bilimga ega bo‘lgan inson hayotda maqsadlariga erishishda qiynalmaydi.
Xalqaro PISA tadqiqotlaridagi mantiqiy topshiriqlar biz uchun yangilikmi? Menimcha, unday emas. Axir ota-bobolarimiz azaldan oilada farzand tarbiyasida mantiqiy fikrlashga undovchi, matematik xarakterdagi jumboq, boshqotirma va savollardan foydalanib kelgan. Masalan, bolalik chog‘imizda oddiy ishchi, dehqon bo‘lgan ota-onalarimiz oila davrasida quyidagicha savollarni o‘rtaga tashlar edi:
1. 1 kg tosh og‘irmi, 1 kg paxta?
2. Ikkita mushukning oyog‘i qancha?
3. Sakkiz oyoqning mushugi qancha?
4. O‘n quloqning quyoni qancha?
5. Tovuq ikki oyoqda tursa 2 kg, bir oyoqda tursa necha kg bo‘ladi?
6. Tovuqning 4 ta jo‘jasi onasi ustida, ular necha oyoqda turibdi?
7. Daraxtda 8 ta qush bor edi, ovchi bittasini otdi. Daraxtda qancha qush qoldi?
8. Ikki ota va ikki o‘g‘il ovga chiqishdi, ular teng miqdorda quyon ovlashdi. Agar hammasi bo‘lib 15 ta quyon ovlangan bo‘lsa, ularning har biri nechtadan quyon ovlagan?
9. Gul shoxlariga bulbullar 2 tadan qo‘nsa 1 shox ortib qoladi, 1 tadan qo‘nsa 1 bulbul ortib qoladi. Nechta shox va nechta bulbul bor?
10. Xonada 12 ta kuchuk bor. Tishlog‘ichi 8 ta, to‘polonchisi 9 ta. Ulardan nechtasi ham to‘polonchi, ham tishlog‘ich?
Bu kabi savollar bizni chuqur fikrlashga majbur qilardi. Bundan tashqari, turli o‘yinlar orqali ham hisob-kitobning dastlabki tushunchalarini maktabga bormasdan oldin o‘rganganmiz.
Oldinlari hozirgidek televizorda uzluksiz xilma-xil ko‘rsatuvlar, kompyuter, telefon va internet bo‘lmagani sabab aka-opalarimiz bilan xorazmchasiga “Shu nichcha?” (Shu nechta?) o‘yinini o‘ynar edik. Bu o‘yinda yegan o‘riklarimizning danaklarini yig‘ib, bir nechtasini kaftimizga yashirib, boshqalardan qanchaligini so‘rardik. Atrofdagilar danaklar qanchaligini taxminan aytgach, yashirilgan danaklar hammaga ko‘rsatilardi. Yashirgan danaklar 5 ta bo‘lsa, kimdir 3 ta, kimdir 7 ta, yana kimdir 12 ta deyishardi. Topolmagan o‘yinchilar yashirgan o‘yinchiga oradagi farqni, qancha kam yoki qancha ko‘p aytgan bo‘lsa, shuncha danak beradi. To‘g‘ri topgan o‘yinchi yashiringan 5 ta danakni oladi. O‘yin navbati keyingi ishtirokchiga o‘tadi. Bu oyin orqali ...ta kam, … ta ko‘p tushunchalari beixtiyor shakllanib borgan.
Hozirgi xalqaro tadqiqotlar savollarini o‘qib, beixtiyor bolaligim esimga tushdi. Shunday ekan biz PISA mantiqiy topshiriqlarini baholashdan andoza olgan holda o‘zimizning modelimizni yaratishimiz kerak.
Shunday xulosaga keldimki, matematik bilimlar ildizi al-Xorazmiy bobomizga borib taqalganidek, zamonaviy matematik tadqiqotlar savollari ham ota-bobolarimiz tajribasida mavjud ekan.
Iroda XO‘JAYEVA, Tuproqqal’a tumanidagi 7-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi