Biologiyani qanday o‘qitishimiz kerak?
O‘z davrining buyuk olimi Albert Eynshteyn “Men o‘z shogirdlarimga hech qachon o‘rgatmayman, aksincha, ularning o‘zlari o‘rganishlari uchun sharoit yaratishga harakat qilaman”, deb aytgan edi. Haqiqatan ham, bilim ta’limning yarmini tashkil etsa, uni qay tarzda yetkazib berish qolgan yarmini tashkil etadi. Mahoratli ustoz o‘quvchilariga bilimni shunchaki o‘rgatmaydi, balki ularning ushbu bilimni o‘rganishlariga rag‘bat uyg‘otadi. Bu o‘rinda o‘qituvchining o‘qitish metodikasini to‘g‘ri tanlay bilishi muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
O‘simlik va hayvonot dunyosi, odam organizmi tuzilishi va atrof-muhit borasidagi bilimlar turmush tarzimiz, hayotimizning ajralmas qismidir.
Maktabdagi ko‘p yillik faoliyatimda doim amal qiladigan xulosalarimni hamkasblarimga tavsiya qilaman:
— Darsga tayyorgarlik ko‘rishda eng avval o‘zimni o‘quvchilar o‘rniga qo‘yib, qay holatda mavzuni aniq va tushunarli qabul qila olish mumkinligini tasavvur qilaman. Dars bosqichlarining vaqt taqsimotini o‘quvchi imkoniyatidan kelib chiqib rejalashtiraman. Ba’zan shunday holatlar yuzaga keladiki, bitta mavzuni tushuntirishda turli sinflarda turlicha usullarni qo‘llashga to‘g‘ri keladi. Bunda metodni sinflarga moslashtirish, qulaylashtirish yoki murakkablashtirilgan shaklda qo‘llayman.
— Biologiya tabiiy fan bo‘lishiga qaramay, ma’naviyat daqiqalarida fanga bog‘liq (xulosasi biologik bilimga borib taqaladigan) qisqa hikoya, aforizm yoki maqollardan o‘rinli foylalanish orqali ta’lim va tarbiyani birgalikda olib borishga erishish mumkin.
— Nazariy bilimlarni amaliyotga bog‘lash, ilg‘or pedagogik usullardan foydalanish, fanlararo integratsiya, mavzulararo izchillik qoidasiga rioya qilish samarali natijalar garovidir. Darslarimda axborotni tayyor holda emas, tugallanmagan holatda taqdim etib, ko‘proq o‘quvchilarni gapirtirishga harakat qilaman. Muammoli savolni jamoalararo yoki individual tarzda tahlil qilib, yechimini topgach, xulosalash va asosiy to‘g‘ri javobni aytishda navbatni o‘zimga beraman.
— Biologiya darslarida plakatlar, rasmlar, tabiiy namunalar, gerbariy, barelyef modellar, mulyajlar oqrali mavzuni tushuntirsak, jadvallar, diagramma va sxemalar mavzuni mustahkamlashda samarali natija beradi. Uyga beriladigan topshiriqlar mustaqil ravishda tabiatni kuzatish, kichik o‘rganishlar olib borish asosida berilishi o‘quvchilarni ijodkorlikka chorlaydi. Masalan, oddiy va murakkab barglarni taqqoslash, yillik halqalarni, kurtaklarni kuzatishga o‘xshash yangi vazifalarni o‘ylab toping.
— Kelgusi darsga tabiiy barg namunalarini, biror-bir begona o‘t yoki o‘simlik urug‘lari namunalarini keltirib, darsda kuzatuv natijalarini mavsum, imkoniyatlardan kelib chiqqan holda ko‘p e’lon qilaman va bu usullar kutganimdan ham yaxshi samara bergan.
— Biologiya darslarini laboratoriya mashg‘ulotlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Laboratoriya mashg‘ulotlariga oldindan tayyorgarlik ko‘rish, avval o‘qituvchining o‘zi laboratoriyada ushbu ishni bajarib ko‘rishi va mashg‘ulot o‘tkazishga hozirlik ko‘rib qo‘yishi lozim. Oldindan tayyorgarlik ko‘rilgan va aniq rejalashtirilgan laboratoriya ishi muvaffaqiyatli yakunlanadi, samarali natija beradi.
— O‘quvchilardan uyga vazifalarni so‘rashda guruh va individual tarzda tabaqalashtirilgan — differensial topshiriqlarga tez-tez murojaat qilib turaman. Sinfdagi a’lochi, o‘rtacha, bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar uchun bir xil mavzudan har xil savollarni tuzish mumkin.
Masalan:
Bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchiga: baqaning yuragi necha kamerali? O‘rtacha o‘quvchiga: baqaning qon aylanish tizimini tushuntiring. A’lochi o‘quvchiga: baqa bilan timsohning qon aylanish tizimini taqqoslang.
Tabaqalashtirilgan topshiriqlarni o‘quvchilarga shunday tarqatish kerakki, savollar farqini faqat o‘qituvchi farqlab, o‘quvchi bundan xabar topmasligi lozim (Bilimli o‘quvchingizning “men bilimdonman”, bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchining esa “bilmasvoy”lik holatini chetlab o‘tasiz, topshiriqlar konvertini biror-bir o‘zingiz tushunadigan shartli belgilar bilan farqlanadigan qilib bezash mumkin. Masalan, har xil rangli gullar bilan).
— Biologiya fanidan sinfdan tashqari tadbirlar, tanlovlarni ko‘proq o‘tkazib turish lozim. Bu tadbirlarda tanlov shartlarining noan’anaviyligi, qiziqarli va, eng muhimi, takrorlanmasligiga katta e’tibor berish kerak. Maktabda o‘quvchilarning ijodiy qobiliyatlarini namoyon etuvchi ko‘rgazmalar namoyishini tashkillashtirish ham o‘quvchilarning fanga qiziqishini oshiradi.
Fursatdan foydalanib bilogoya fanini o‘qitish tizimini takomillashtirishga doir takliflarimni ham bildirmoqchiman:
1. Davr talablari asosida darsliklar mazmunini xalqaro talablarga moslashtirish lozim (Darsliklarga o‘qituvchi va o‘quvchi vaqt budjetini mustaqil fikrlaydigan topshiriqlarni tahlil etishga qaratilgan topshiriqlarni ko‘proq berish maqsadga muvofiq. Har bir biologiya darsligiga oid elektron topshiriqli daftarlar tizimini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish kerak. Bu daftarlarda tahlil, o‘quvchining o‘z bahosini darhol bilishi va xatosini bilib, bo‘shliqlarini to‘ldirish imkoni yaratilsa yaxshi bo‘lardi).
2. Biologiyani o‘qitish metodikasi (o‘qitish uslublarini, ta’lim sifatini ta’lim natijasiga yo‘naltiruvchi metodik tavsiyalar) bo‘yicha onlayn tizimni yaratish kerak. Bu respublika bo‘yicha biologiya fani yo‘nalishida uslubiy fikr va tajriba almashishni ta’minlaydigan, ilg‘or uslublarni, interaktiv tipdagi topshiriqlardan namunalarni muntazam olish va tahlil qilish imkonini bersa juda soz bo‘lardi.
Dilbar OTAMURODOVA, Kattaqo‘rg‘on shahridagi 12-maktabning biologiya fani o‘qituvchisi