Yangicha uslubdagi ta’limda nimalarga e’tibor berish kerak?
Kechagina gavjum sinfxonalarda yuzma-yuz muloqotli o‘tilgan darslar to‘satdan raqamli platformaga ko‘chgani pedagoglar uchun ham katta sinov bo‘ldi. Ustozlar sa’y-harakatlari bilan kundalik.uz portali, ijtimoiy tarmoqlar, videomuloqotlarda ta’limga oid yangi kanal va guruhlar paydo bo‘ldi. Onlayn dars — bu yangicha uslub bo‘lib, an’anaviy darsdan tubdan farq qildi.
Har bir o‘qituvchi endi sinfxonadagi yondashuvlarni qisman unutib, virtual sinfxonalarga moslashdi. Va ta’til davrida to‘garaklar faoliyati ham shu tarzda davom ettirilmoqda. Buning ham o‘ziga yarasha talab va shartlari bor. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan o‘quvchilarga ta’lim berishda samarali foydalanishga oid tavsiyalar ustozlar uchun qo‘l keladi:
baholashga emas, rag‘batlantirishga diqqat qiling!
O‘quvchi bahoning o‘rniga o‘qituvchisidan munosabat olsa, tezroq o‘rganadi. O‘quvchingiz yuborgan ishda xatolik bo‘lsa, past baho qo‘yishga shoshilmang. Bolani ham tushuning — hozir sizning holatingiz qanday bo‘lsa, uyda dars tayyorlayotgan o‘quvchining ruhiyati ham shu qadar ta’sirchan. Shuning uchun, o‘quvchi virtual ta’limga moslashib olgunicha unga ruhan dalda bo‘ling.
dars tarkibini rejalashtiring. Agar videokonferensiya tizimi yoki ijtimoiy tarmoq orqali o‘quvchilar bilan virtual darslar tashkil qilayotgan bo‘lsangiz, darsning 15—20 daqiqa davom etishi maqsadga muvofiq. Shu bilan birga, ixchamgina taqdimot ham tayyorlang.
taqdimot tayyorlashda nimalarga e’tibor berish kerak? Taqdimotda mavzuni asosiy tushunchalar bilan yoriting, gaplar va fikrlar imkon qadar qisqa, tushunarli bo‘lsin, yangi tushuncha va fikrlarni ranglarda, suratlar bilan ajratib bering, taqdimotni darslikdan olingan suratlar va uzun matnlar bilan to‘ldirishdan qoching.
bolaning diqqatini jalb qilish — bosh maqsad bo‘lsin. Taqdimotni bolalarning ota-onalariga tashlab bering yoki videokonferensiya jarayonida ekran orqali namoyish qiling.
o‘zlashtirishi past bolalarni alohida nazoratga oling.
Hammaning imkoniyati teng emas. Bunday bolalar bilan alohida ishlasangiz, katta yordam bo‘ladi. Vazifa berishdan avval bu bolalarning imkoniyatini ham hisobga oling. Ularning ota-onalari bilan aloqani uzmang. Pandemiya sinfxonada faol bo‘lgan o‘quvchilarning ham o‘zlashtirishiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shuni hisobga olib, har bir o‘quvchining o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini yondaftaringizga yozib boring.
internet resurlardan faol foydalaning va tavsiya qiling.
Bugungi kunda ko‘p mavzularni internet tarmog‘ida o‘zbek tilida ham topish mumkin. O‘zbek tilidagi eduportal.uz, xanakademiyasi.uz, ziyonet.uz, edumarket.uz platformalari qulay resurslar hisoblanadi. O‘quvchilarga mavzular bo‘yicha zarur resurslarni tavsiya qiling. Internet orqali ko‘plab xalqaro bepul ta’lim resurslarini topish mumkin.
Hozirgi vaziyat barcha sohalar kabi maktab ta’limi tizimini ham sinovdan o‘tkazmoqda. Muhimi, yangi imkoniyatlardan foydalanish va yondashuvni o‘zgartirib xato qilishdan qo‘rqmang. Xato qilyapsizmi, demak — o‘zgarishga harakat qilyapsiz. Asosiysi, o‘quvchilarga yordam berishga urinmoqdasiz. Bu — professionallik, fidoyilik va tajriba belgisidir.
Shoiraxon SOLIJONOVA, Toshkent shahridagi 204-maktab o‘qituvchisi