Biolog — borliqni zavqlanib o‘rganuvchi shaxs
Dunyo paydo bo‘lganidan beri insoniyat uch kasb egalariga har doim ehtiyoj sezgan. Bular — oshpaz, shifokor va o‘qituvchi. Bu kasblar hech qachon zavol topmaydi. Ayniqsa o‘qituvchilik eng ulug‘ kasblardan bo‘lib, jamiyat rivojida bu soha vakillarining mehnati beqiyosdir. Bugun ana shunday ustozlarimizdan biri bo‘lgan Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabining oliy toifali biologiya o‘qituvchisi, Xalq ta’limi a’lochisi Feruza Qurbonovani suhbatga chorladik.
— Feruza opa, mana 22 yildan beri maktabda o‘quvchilarni biologiyaning qiziqarli olami sari yetaklaysiz. Yurtimizdan yetishib chiqayotgan har bir biologiya, tibbiyot yo‘nalishi olimlarining muvaffaqiyatlari zamirida siz kabi ustozlarning hissasi bor. Shular haqida o‘ylaganda qalbingizdan nimalar kechadi? Shogirdlaringiz orasida biologiya yo‘nalishini professional tarzda tanlaganlar bormi?
— Avvalo, ustoz degan sharafli nomga ega qilganiga shukur. O‘tgan 22 yil mobaynida biologiya bilan yashadim va yashamoqdaman. Biologiya — hayot fani, bu oddiy so‘zlar emas, biologiya butun hayotimizni boshidan oxirigacha o‘rab olgan bilimlar tizimi desam adashmayman. Yurtimizda yetishib chiqayotgan har bir biolog yoki tibbiyot yo‘nalishidagi yosh olim va mutaxassislarning yutuqlari haqida eshitganimda qalbim faxrga to‘ladi.
Ayniqsa ular orasida yurtimizda va dunyoning turli davlatlarida insonlar salomatligi uchun kurashayotgan shogirdlaringiz bo‘lsa juda ham faxrlanib ketasiz ekan. O‘rni kelganda aytishim kerakki, Norvegiyaning Oslo universitetida doktorlik dissertatsiyasini yoqlayotgan va hozirda Shvetsiyadagi So‘rmland ko‘z klinikasi oftalmologi bo‘lib ilmiy faoliyat olib borayotgan Behzod Toshboyev kabi shogirdlarimning yutuqlaridan doimo quvonib yashayman. Maktabda bolalarga dars berar ekanman, mehnatim beiz ketmayotganiga, men o‘qitgan o‘quvchilar bir kun kelib sohamizni rivojlantruvchi, o‘zbekning nomini dunyoga tanita oladigan olimlar bo‘lishiga ishonaman.
— Meni doim bir narsa — o‘quvchi va talabani biologiyaga qiziqtirish, uning butun diqqat-e’tiborini sohaga qaratish uchun nima qilish kerakligi, eng samarali yo‘l qaysiligi, hamma uchun universal bo‘lgan biror uslub mavjud yoki mavjud emasligi qiziqtiradi. Siz bu borada qanday yo‘l tutasiz, qanday o‘zingizga xos “layfhak”laringiz bor?
— Bolani fanimga qiziqtirish uchun avvalo uning ichki dunyosini o‘rganishga harakat qilaman. Har doim ham an’anaviy uslublarda dars o‘tish samarali natija bermasligini aytishim mumkin. Bola psixologiyasini bilishni oldimdagi eng birinchi vazifam deb bilaman. Fandan oldin bola sizga qiziqsin, sizni sevsin, ana shunda barcha ishlar silliq ketadi. 5–11- sinf o‘quvchisi har xil dunyo, qolaversa, maktabda har bir sinfda kamida 3 tadan guruh bor. Mana shundan ham xulosa qilish mumkinki, o‘qituvchi bir kunda necha xil turga kirishi-yu, necha xil dunyoni o‘rganishi lozim.
Har bir sinfdan kelib chiqib mavzularni bolaga moslab, hayotga bog‘lab, o‘zi ko‘zi bilan ko‘rgan organizm va hodisalar haqida gapirib darsni tushuntirganimda doim yaxshi natijaga erishganman. Qolaversa, hayotda har bir o‘simlik, hayvonning o‘rnini va inson o‘z salomatligiga o‘zi mas’ul ekanligini singdira olsak, o‘quvchining qiziqishi ortib boraveradi. Dars jarayonida turli metodlarni tajriba qilishdan qo‘rqmayman. Gohida o‘zimni aktyordek his qilaman. Qo‘limda o‘quvchilarni fanimga qiziqtirish va ularga zarur bilmlarni berish degan senariy bor va men har kuni uni sidqidildan ijro etaman.
— Farg‘ona viloyatida juda ko‘pchilik biologlar ichida peshqadam, tajribali ustozsiz. Universitetlarni bitirib kelayotgan yosh o‘qituvchilarda bilim kuchli bo‘lsa-da, hali pedagogik malaka shakllanmagan bo‘ladi. Mana shunday yosh kadrlar bilan “ustoz-shogird” tarzida ishlash, ularga kasb sirlarini o‘rgatish borasidagi fikrlaringizni bilmoqchi edim.
— Har bir oily o‘quv yurtida metodik amaliyotlar o‘tkazilsa-da, lekin real hayot baribir boshqa bo‘ladi. Jangga tayyorlanish boshqa, jang maydoni boshqa, deydilar-ku!
Buning uchun “ustoz-shogird” tizimini ma’qullayman. Har bir bitiruvchi yangi ish boshlagan joyida mutaxassisligi bo‘yicha ustozlarga biriktirilishi kerak. Agar o‘zi ishlayotgan maktabda bo‘lmasa qo‘shni maktablardagi tajribali ustozlar bilan ham hamkorlik qilsa bo‘ladi. Bugungi davrda bu qiyin ish emas. Afsuski, hozir yosh avlod biologlari va tajribali katta avlod orasida masofa yuzaga kelgan. Mana shu masofani yo‘qotish choralarini ko‘rish kerak. Qilinayotgan ishlar rasmiyatchilik uchun bo‘lmasligi, barcha-barchasi yosh kadrlardan malakali pedagoglar yetishtirib chiqarishga qaratilishi kerak. Zero, bilim bu o‘qituvchilikdagi muvaffaqiyatning yarmi, uni o‘quvchiga yetkazib berish esa qolgan yarmini tashkil etadi.
— Ko‘pchilik oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarida biologiya fanidan beriladigan savollarga maktabning o‘zida o‘qib o‘rgangan bilim bilan javob berib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Shu bois albatta repetitorga borish kerak, deyishadi. Nega bunday dunyoqarash shakllandi? Muammo nimada yoki kimda?
— 9 + 3 yillik ta’lim tizimida o‘quvchida 3 yillik bo‘shliq paydo bo‘lib qoldi. Hamma akademik litsey yoki kollejlarda ham biologiya bir xilda o‘qitilmaydi, ular o‘zlarining yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda darslarni tashkil etishar edi. Bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun bola qo‘shimcha darslarga va repetitorlarga ehtiyoj sezar edi. Bundan tashqari, 9 yil bir maktabda o‘qigan bola yangi muhitga tushsa, yangi muhit, yangi ustozlar, yangi yo‘nalishga moslashishi uchun ham bir-ikki yil kerak bo‘lar edi. Hozirgi kunda ta’lim tizimida islohotlar shu tarzda izchil tashkillansa, umid qilamanki, yaqin kelajakda o‘quvchilarimiz maktabdagi bilimlari bilan ham oliy o‘quv yurtlariga kira oladigan bo‘lishadi. Natijaga erishish uchun biz ustozlar ham astoydil mehnat qilishimiz kerak.
— Feruza opa, tasavvur qiling, Siz Xalq ta’limi vaziri etib tayinlandingiz. Eng avval tizimdagi nimalarni o‘zgartirgan bo‘lar edingiz?
— Qiyin va o‘ylantiradigan savol… Bunday imkoniyatda rivojlangan davlatlar xalq ta’limi tizimlarini o‘rgangan holda maktablardagi o‘qitish bilan bog‘liq moddiy-texnik bazani shakllantirish uchun ajratiladigan mablag‘ hissasini ko‘paytirar edim. Masalan, bizning maktabda sharoit yuz foiz bo‘lmasa ham har holda tuzukroq. Lekin ayrim chekka tumanlarda shunday maktablarni bilaman, hatto mikroskoplari yo‘q. Endi o‘zingiz tasavvur qiling, biologiya darslari mikroskopsiz olib borilmoqda. O‘zingiz bilasiz, biologiya bu tabiiy fan, u mavhum emas, uning obyektlarini bevosita kuzatish, ko‘rish, ushlash imkoni bo‘lmasa o‘quvchida bilim hosil bo‘lishi juda qiyin.
Bir zumga xayolda bo‘lsa-da vazir bo‘lish imkonini berdingiz, endi o‘ylaganlarimni oxirigacha aytib olaman. Hozirda loyiha bo‘lib turgan tanlov sinflarini joriy qilishni kuchaytirar edim. 10- va 11-sinflarda o‘quvchilarni kelajakda egallaydigan kasblari bo‘yicha alohida fanlar bo‘yicha o‘qitilsa yaxshi natijalarga erishish mumkin. Va albatta, kirish imtihonlariga chet tilini kiritar edim, boisi, dunyoga chiqish uchun o‘quvchilarimiz oldida turgan eng katta to‘siq bu til bilmaslikdir. Mana shu to‘siqni yengib o‘tish uchun ham chet tillariga ko‘proq urg‘u berardim.
— Biologiya sizga nima berdi? Biolog bo‘lsammi yoki yo‘qmi degan tanlov ostonasida turgan yoshlarga qanday tavsiyalar berardingiz?
— Biologiya fani men uchun onameros kasb. Uyimizda onam boshliq uch kishi biologmiz. Mening har bir yutug‘imdan xursand bo‘lgan onamni ko‘rish bu hech narsaga alishmaydigan baxt. Mana, siz meni tajribali ustozsiz, deb aytyapsiz. Lekin onam uchun hali ham o‘quvchiman, u menga har doim maslahat berib turadi.
O‘z fanimni yaxshi ko‘raman. Agar mendan siz aytgan savolni so‘rab qolishsa “Balki biologiya sizga boshqa ayrim sohalardek ulkan moddiy imkoniyatlar olib kelmas, lekin ishoning, biolog bo‘lgach, hayotga boshqacha qaraysiz, avvalo o‘zingizni, o‘z tanangizni, atrofingizdagi butun borliqni, o‘simlik va hayvonot olamini anglay boshlaysiz. Agar biologiya o‘qituvchisi bo‘lishni tanlasangiz o‘quvchilaringizga ularni o‘rab turgan tabiatni tanishtirish vaqtida topadigan quvonchdan bir umr lazzatlanib o‘tasiz” deb javob bergan bo‘lar edim. Har bir o‘zbek xonadonining tomorqasi, chorva mollari, parrandalari, dehqonchiligi bor, biologiyani bilgan odamga ular bilan shug‘ullanish foyda bo‘lsa bo‘ladiki, aslo zarar bo‘lmaydi. Biologiya ana shunaqa fan.
— Maroqli suhbatingiz uchun tashakkur. Sizga sharafli va mashaqqatli faoliyatingizda charchamang deb qolamiz. Yurtimizda siz kabi o‘z fanini sevadigan ustozlarimiz ko‘payaversin.
Suhbatni Xitoy Xalq Respublikasi Chongqing shahridagi Janubi-g‘arbiy universitet doktoranti, biolog Baxtiyor SHERALIYEV olib bordi.