Bu yilidan boshlab maktablarda matematika, kimyo va biologiya fanlari chuqurroq o‘rgatiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasi hamda 2020-yil 31-yanvar kuni matematika, kimyo, biologiya va geologiya ilm-fanini rivojlantishga bag‘ishlangan yig‘ilishida ilm-fanning ustuvor yo‘nalishlari sifatida matematika, kimyo, biologiya va geologiya sohalari belgilandi.
Shu maqsadda, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab matematika, kimyo va biologiya fanlarini chuqurroq o‘rgatish uchun mazkur fanlarga qo‘shimcha dars soatlari ajratildi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Jumladan:
— 10-sinf “Matematika” faniga haftasiga 1 soat;
— 10-11-sinf “Kimyo” faniga haftasiga 1 soatdan (jami 2 soat);
— 10-11-sinf “Biologiya” faniga haftasiga 1 soatdan (jami 2 soat).
Shuningdek, 2020-yil “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da mamlakatimizda ta’limning barcha bosqichlarida xalqaro andozalarga to‘liq javob beradigan axborot texnologiyalari joriy etilishi munosabati bilan
— 5-6-sinflarda “Informatika va axborot texnologiyalari” faniga haftasiga 0,5 soatdan (jami 1 soat) qo‘shib berildi.
Endilikda, xalq ta’limi tizimida 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab:
— matematika fani haftasiga 55 soat (o‘tgan yilda 54 soat);
— kimyo fani haftasiga 12 soat (o‘tgan yilda 10 soat);
— biologiya fani haftasiga 15 soat (o‘tgan yilda 13 soat);
— informatika fani haftasiga 10 soat o‘qitiladi (o‘tgan yilda 9 soat).
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-mayda “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda 2020-yil 12-avgustda “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi.