O‘qituvchida ish reja va konspekt bo‘lmasa…
2020-yil 29-iyunda Adliya vazirligidan 3058-1 raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari bo‘yicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibiga o‘zgartirish kiritilib, 2020-2021-o‘quv yilidan o‘qituvchilar yuritadigan hujjatlar soni bittagacha qisqartirilar ekan. Fan o‘qituvchilarining ish rejalarini bir xil qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi, deyilibdi.
Xalq ta’limi tizimida o‘qituvchilar manfaatini o‘ylab qilinayotgan ishlar tahsinga loyiq. Bundan minnatdormiz, ammo fan o‘qituvchisi o‘zi ish reja tuzib, konspekt yozmasa, qanday uni o‘qituvchi nomiga munosib ko‘ramiz? Har bir fan o‘qituvchisi o‘zi dars berayotgan sinfdagi o‘quvchilarning bilim-salohiyatini yaxshi biladi hamda o‘zining taqvim-ish rejasini shunga moslab tuzadi. Ish reja tuzishda murakkab bo‘lgan mavzularni soatga bo‘lib chiqadi, sababi, o‘qituvchi o‘quv rejaga 15 foizgacha o‘zgartirish kiritishi mumkin deyilgan. Ikkinchidan, o‘qituvchilarning salohiyati, dars o‘tish metodi turlicha. Fan o‘qituvchilari mavzularni o‘ziga moslab, keyin taqvim-ish reja tuzishi kerak. Endi fan o‘qituvchilari yagona ish reja bilan ta’minlansa, o‘qituvchi bir qolipga solib qo‘yilmaydimi? Bu orqali oliy o‘quv yurtini bitirib kelayotgan yosh pedagoglar metodikasida ham bo‘shliq paydo bo‘ladi. Hali ish reja, konspekt, darsning ta’limiy, tarbiyaviy, rivojlantiruvchi maqsadini to‘liq tushunib yetmagan yosh pedagoglar darsni qanday o‘tadi? Bu qaror ayrim qo‘l uchida ish ko‘radiganlarni quvontirgan bo‘lishi mumkin, chunki ular shu ish rejani ham davlat qilib bersa, deb ishlab kelgan...
Aslida o‘qituvchi konspektni nima uchun yozadi? Darsda maqsad hamda samaradorlikka erishish, o‘quvchilarga manbaning asosiy joylari va qo‘shimcha materiallarni yetkazib berish uchun. Konspekt 45 daqiqaga mo‘ljallangan dars taqsimoti bo‘lib, 45 daqiqada o‘quvchiga yetkazib beradigan ma’ruza yoziladi. O‘qituvchidan dars taqsimoti olib qo‘yilsa, o‘quvchiga nimani tushuntiradi? Uchinchidan, elektron jurnalga kelsak, hamma hududda internet ishlashi bir xil emas. Chekka qishloqlarda umuman internet ishlamaydi, u yerdagi pedagoglar baholarni qanday kiritadi? O‘qituvchi har darsda bolani baholab borishi, uni o‘quvchiga e’lon qilishi kerak. Internet ishlamasa, buni qanday qiladi, og‘zaki yoki qo‘shimcha jurnal tutadimi? Yoki aloqa bor joyga borib baholab kelishi kerakmi? Unaqada o‘qituvchining vaqti yetmay qolishi turgan gap-ku. Demak, o‘qituvchilarda shu hujjatlar bo‘lmasa, e’tibor faqat bilim berishga qaratiladimi? Yo‘q, albatta, bu ayrim pedagoglar uchun ayni muddao bo‘ladi, xolos.
Yana bir gap, maktablarda faqat o‘quvchilarning kelajagi uchun jon kuydirib ishlaydigan pedagoglar soni ko‘paysa, ta’limda o‘sish bo‘ladi. Hozirgi kunda maktab rahbarlarida yoshi katta o‘qituvchilarga 20 soat dars berish an’anaga aylandi. Yaqinda nafaqaga chiqadigan pedagogning oxirgi 5 yillik ish staji inobatga olinarkan. O‘sha ustoz rostdan ham talabga javob bersa, undan ham ko‘proq soat ishlasin, lekin, afsuski, ularning ko‘pchiligi bunga loyiq emas. Faqat cho‘ntakni o‘ylab, bilimni bir chetga surib qo‘yaversak, bolalarimiz taqdirini kim o‘ylaydi?
Elyorjon MAHKAMOV, Rishton tumanidagi 21-maktabning tarix fani o‘qituvchisi