Maktab o‘qituvchilari noutbuk va planshetlar bilan ta’minlanadi
Xalq ta’limi vazirligi umumiy o‘rta ta’lim maktablarini noutbuk va planshetlar bilan ta’minlash bo‘yicha «Alif Moliya» MChJ bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Hamkorlikdagi dastur poytaxtimizdagi uchta, 144-, 217- hamda 222-maktablarni texnika bilan ta’minlashdan boshlandi.
Hozirgi kunda o‘qituvchilarni noutbuk va planshetlar bilan ta’minlash imtiyozli dasturi faqat Toshkentning o‘zidagina emas, balki Sirdaryo va Samarqand viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilyapti.
Bugungi kunda mazkur dasturni Buxoro, Jizzax va O‘zbekistonning boshqa shaharlarida davom ettirish rejalashtirilgan. Shuningdek taklif etilayotgan jihozlar assortimentini kengaytirish imkoniyati ko‘rib chiqilyapti, deb xabar beradi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.