Masofaviy ta’limmi, onlayn ta’lim?
Pandemiya sharoitida an’anaviy ta’limga muqobil tushuncha sifatida “onlayn ta’lim”, “masofaviy ta’lim” kabi birikmalar iste’molga faol kirishga ulgurdi. Ta’limning bu shakldagi ko‘rinishi, ya’ni insonlarni bir joyga to‘plamasdan tashkil etiladigan o‘qitish jarayoni davr talabi ekanligi shubhasiz. Shu o‘rinda “masofaviy ta’lim” va “onlayn ta’lim” tushunchalarining farqiga e’tibor qaratsak. Garchi ikkala ta’lim strategiyasi ham o‘rganuvchining kompyuter yoki boshqa qurilmalar orqali ta’lim olishini anglatsa ham, onlayn o‘rganish vositalari kerak ekanligi – ularning yagona birxillik jihatidir.
Masofaviy va onlayn ta’lim – bu o‘quvchi ta’lim oluvchining dars xonasida bo‘lmagan holatdagi ta’lim shakllari. Ushbu ta’lim shakllari asosan 3 xil mezonga ko‘ra farqlanadi:
1. Makon.
2. Munosabat shakli.
3. O‘qitish maqsadi.
Makon – asosiy taqqoslanayotgan ta’lim shakllari uchun asosiy farqli xususiyat. Onlayn ta’limda raqamli dars mashg‘ulotlarida ishlash jarayonida talabalar o‘qituvchi hamrohligida onlayn holatda bir joyga to‘plana oladilar. Masofaviy ta’limda esa o‘rganuvchi o‘qituvchi tomonidan berilgan topshiriq va vazifalarni uyda turgan holda bajaradi. Bajarilgan ishlar ham o‘qituvchi tomonidan raqamli holatda tekshirib baholanadi.
Munosabat shakli ham o‘qitish jarayoni makonga ko‘ra turlicha ekanligi bois farq qiladi. Onlayn ta’lim ta’lim beruvchi va oluvchi bilan shaxsan – yuzma-yuz muloqot orqali munosabatga kirishadilar. Onlayn ta’lim shu jihati bilan aralash ta’lim texnikasi turlaridan biri hisoblanadi. Ya’ni uni an’anaviy ta’lim jarayoni mobaynida ham qo‘llash mumkin.
Masofaviy ta’lim esa yuzma-yuz muloqot orqali amalga oshmaydi. Batafsilroq aytganda, yuzma-yuz holatda o‘qitish olib borilmaydi, ba’zi hollardagina ta’lim jarayoni obyekti va subyekti o‘rtasida videoqo‘ng‘iroq yoki aloqa almashinuv dasturlarida muloqot amalga oshishi mumkin xolos.
Onlayn va masofaviy ta’lim o‘rtasidagi so‘nggi farq o‘qitish strategiyasining maqsadida. Onlayn o‘qitish boshqa individual shakldagi o‘qitish usullari bilan birgalikda foydalanishga mo‘ljallangan. Masofaviy ta’lim o‘rganish jarayoni uchun ko‘rsatma/yo‘riqnomani taqdim qiladi xolos, ya’ni u o‘qitish uslubi emas.
Demak, respublikamizda mavjud oliy ta’lim muassasalari tomonidan pandemiya davrida yo‘lga qo‘yilgan ta’lim jarayoni ikkala shakldan foydalangan holda amalga oshirilgan. Ko‘p sonli OO‘Ylarda Moodle platformasi orqali tashkil etilgan o‘qitish shakli masofaviy ta’limning ko‘rinishidir. Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialida joriy etilgan ta’lim esa onlayn ta’lim shaklining yorqin misoli. Chunki mashg‘ulotlar (ma’ruza, amaliy, seminar) kunlik dars jadvali asosida ZOOM platformasi oqali olib borildi. Bir vaqtning o‘zida fanlar bo‘yicha tashkil etilgan telegram guruhlarida materiallar ta’lim oluvchilar tomonidan o‘qituvchi bilan bevosita muloqot orqali mustahkamlab borildi.
E’zoza SOBIROVA, Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali o‘qituvchisi