Boshlang‘ichda soxta baho qo‘yiladimi yoki yuqori sinflarda ta’lim sustmi?
Ta’lim turli bosqichlarga bo‘linsa-da, ular orasidagi uzviylikka hech qachon putur yetmasligi zarur. Boshlang‘ich va yuqori sinf ta’limi bir-birisiz hech qachon mukammallik kasb etolmaydi. Shu sabab bu ikki bosqich pedagoglari hamisha bir-birlari bilan hamkorlikda ishni tashkil etishlari talab etiladi. “Telegram”dagi “Ma’rifat” mushtariylari” guruhimizda boshlang‘ich va yuqori sinf ta’limiga taalluqli bo‘lgan muammolar haqida qizg‘in bahslarga guvoh bo‘ldik. Bu bahslar zamirida zarur haqiqatlar, eslab qolish lozim bo‘lgan fikrlar aytildi.
Tamara RASHIDOVA, Tayloq tumanidagi 8-maktab o‘qituvchisi:
— Ba’zi boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarida o‘quvchilarni haddan ortiq erkalatib, bahosini o‘ta oshirib qo‘yish holati kuzatiladi. Aslida o‘quvchilarni boshidan xatolarni tushunishga va haqiqiy bilimiga yarasha baho olishga ko‘niktirib borish kerak. 5-sinfgacha o‘qituvchi va o‘quvchi ham, ota-ona ham “a’lo” baholardan xursand bo‘lishi aniq. Ammo yuqori sinfga o‘tganda-chi? Yo o‘sha “a’lochi” o‘quvchi “sinib” qoladi yoki o‘qituvchidan “adolat”ni talab qilib hujumga o‘tadi. Faoliyatim davomida xuddi shunday o‘quvchilar bilan ishladim. Bu sinf o‘quvchilari o‘zlaridagi xatoni umuman tan olishmaydi, arzimagan ishni bajargani uchun ham “besh” baho qo‘yishni talab qilishadi. Bu ularga boshlang‘ich sinfda singdirilgan. Past baho qo‘ysangiz, butun sinf to‘polon ko‘tarishni boshlaydi va daftar, kitobni yig‘ishtirib qo‘yadi. Shuning uchun ba’zi o‘qituvchilar tinchini o‘ylab, bahosini oshirib qo‘ya qoladi. Ammo haqqoniy, adolatli o‘qituvchilar bunga ko‘nikolmaydi.
Dilrabo NORQULOVA, Qarshi shahridagi 41-IDUM o‘qituvchisi:
— Bunday sinflar ko‘p uchraydi. Hatto ayrim boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari o‘rtaga tushib yana erka o‘quvchining baholarini sun’iy ravishda oshirib qo‘yishga erishadi. Agar boshlang‘ich sinfda o‘qituvchilar o‘quvchilarni haqqoniy bahoga o‘rgata olsa, juda kerakli ko‘nikmani hosil qilishga erishgan bo‘ladilar.
Hafiza RАSHIDOVА, Termiz shahridagi 13-maktab o‘qituvchisi:
— Bahoni oshirib qo‘yish savodsizlikning boshlanishidir. O‘quvchini dangasalikka o‘rgatuvchi birinchi qadamdir. Qolaversa, boshlang‘ichdan endi yuqoriga chiqqan o‘quvchilar birdaniga murakkabliklarga duch kelyapti. Sababi 9 + 3 ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish uchun darsliklardagi mavzular murakkablashtirildi, 11 yilda o‘tiladigan mavzular 9 yil ichiga ixchamlashtirildi. Bu yetmaganday mavzular optimallashtirildi va integratsiyalashtirildi. Mana oqibat.
Go‘zal PINYOZOVA, Yangiariq tumanidagi 31-IDUM o‘qituvchisi:
— Yuqori sinf o‘qituvchisi bolaning nega bahosi pasayib ketayotganining sababini o‘rganishi kerak. Balki yangi muhit, yangi ustozlarga ko‘nikishi qiyin kechayotgandir. Shuning uchun boshlang‘ich sinfda a’lo baholarga o‘qib yurgan o‘quvchilarga past baho qo‘yishga shoshilmasliklari kerak. Boshlang‘ich sinfda har bir mavzu qayta-qayta, ipidan ignasigacha tushuntiriladi. Yuqori sinfga o‘tishi bilan, ayniqsa, matematika fani ularga qiyinchilik tug‘diradi. Fan o‘qituvchisi sodda qilib tushuntira olmaydi, yuqori sinflarda qisqa tushuntirishga o‘rganib qolishgan. O‘quvchilar bunday tushuntirishga hali tayyor bo‘lishmaydi. Shu sabab ham uning bahosi pasayib boradi. O‘zim yuqori sinf o‘qituvchisining matematikadan mavzu tushuntirganini kuzatib bunga amin bo‘lganman. Ustozlar, maqsadimiz bolaning haqiqiy bahosini qo‘yib, uning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini so‘ndirish emas, har qanday yo‘l bilan bolani fanimizga qiziqtirishdir.
Saidaxon MAMAJONOVA, Chust tumanidagi 2-maktab o‘qituvchisi:
— Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari 1-sinfga chiqadigan o‘quvchilariga odatda bir yil oldin tayyorlov darslarini boshlaydi. Bu jarayonda bola maktab, sinf tartib-qoidasi, o‘qituvchi talablariga ko‘nika boradi. Yangi sinf rahbarligi oladigan yuqori sinf o‘qituvchilari ham hech bo‘lmaganda qaysi sinfga rahbarlik qilishini aniqlab olib, ular 4-sinfligida dars tahlillariga tez-tez kirib tursa, o‘quvchilari bilan tanishib borsa, o‘quvchilar yangi ustoziga tez moslashadi.
Ravshan MATMUSAYEV, “TRUST Education” nodavlat ta’lim muassasasi rahbari:
— Aslida boshlang‘ich sinflardan baholash tizimini olib tashlash kerak. Bolani bahoga emas, o‘zlashtirishga o‘rgatgan ma’qul. Ammo bir sinfda 30–40 bola o‘qiydigan sharoitda o‘qituvchi hamma bolaning o‘zlashtirishini eslab qololmasligi mumkin va shuning uchun baholash qulay ko‘rinadi. Lekin hamma narsaning yo‘lini topsa bo‘ladi, masalan, baholash tizimi o‘rniga o‘quvchilarga ko‘rsatilmaydigan alohida qayd daftari yoki elektron baza yaratilsa yaxshi bo‘lardi. Unda boladagi o‘zgarishlar, kamchilik va yutuqlar, zaifliklar haqida ma’lumotlar kiritib boriladi. Mazkur ma’lumotlar bazasi o‘quvchi ustida ishlashga, bolaning vakili bilan maslahatlashib hamkorlikda muammolarni bartaraf etishda qo‘l keladi. Keyinchalik bu daftar yuqori sinf o‘qituvchisining bolalar bilan yaqindan tanishishi uchun juda ham asqotadigan manba bo‘ladi. Baholash, reyting yuqori sinfdan boshlansa ham bo‘laveradi.
Sarvinoz SUNNАTOVА, G‘ijduvon tumanidagi 47-maktab o‘qituvchisi:
— Deyarli hamma maktablarda boshlang‘ich va yuqori sinf o‘qituvchilari o‘rtasida ziddiyat bor. 4-sinfni tugatguncha sinfning bilim darajasi yaxshi bo‘ladi. Beshinchi sinfga o‘tdi, tamom, sifat to‘satdan tushib ketadi. Boshlang‘ichlar “ishlamaysiz” deb yuqorini ayblaydi. Yuqori sinf o‘qituvchilari bahoni oshirib qo‘yasiz deb boshlang‘ichlardan xafa bo‘ladi.
Norxol ABDIDOYIYEVA, Termiz shahridagi 13-maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari:
— Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari bolani rag‘batlantirib baholash bilan harakatchanligini oshiradi. Shuning uchun o‘quvchilar “4” va “5” bahoga o‘rganib qolishadi. Aksariyat ota-onalar ham o‘qituvchidan “baho” talab qiladi. Bolaning bahosini to‘g‘ri belgilash va asoslash o‘qituvchinig mahorati va saviyasiga bog‘liq. O‘quvchini baho olishga emas, bilim olishga o‘rgatish kerak.
Norchuchuk NORMURODOVА, Shahrisabz shahridagi 16-maktab o‘qituvchisi:
— Yuqori sinfga o‘tgandan so‘ng o‘quvchi bilimi qandayligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shuning uchun ko‘pchilikning bahosida pasayish kuzatiladi. 5-sinfga o‘tgan o‘quvchilarning tabellarini ko‘rib chiqish odatim bor. 2-, 3-sinflarda “4” bahoga o‘qigan o‘quvchining 4-sinfdagi choraklik va yillik baholari “5” bo‘ladi. Balkim o‘qituvchi o‘quvchisiga “yaxshilik qilyapman” deb o‘ylar. Baholar o‘quvchi bilimiga mos bo‘lsa, bu barcha o‘qituvchilar uchun foydali, o‘quvchining o‘zi uchun ham.
Dildor NURMUHАMMEDOVА, Termiz shahridagi 23-maktab o‘qituvchisi:
— Ikki yildan beri atay boshlang‘ich sinf darslarini kuzataman. 4-sinfdan 5-sinfga o‘tayotgan bolalarni bog‘ oralab tog‘ga chiquvchilarga o‘xshataman. Tog‘ga chiqish mashaqqati uchun yuqori sinf o‘qituvchilari aybdor emas. Yana bir sabab bor: boshlang‘ichda 4 yil kam sonli ustoz bilan birga bo‘lishadi. Asosiy darslarni sinf rahbari o‘tadi. Fanlararo bo‘shliqni bitta ustoz tahlil qiladi va bartaraf etishga qiynalmaydi. Yuqoriga o‘tishi hamonoq o‘n to‘rtta fandan o‘n to‘rt xil mutaxassisga duch keladi. Buning yechimi, menimcha, fanlararo uzviylikni ta’minlash.
Mahfuza RAJABOVA, Denov tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi:
— Har bir sinfda 3 xil toifadagi — a’lo, yaxshi va qoniqarsiz o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar bor. A’lo o‘qiydiganlar har qanday sharoitda o‘z bahosini olishning uddasidan chiqadi. Savod o‘rgatish davrida shuni sezganmanki, bola uyda o‘qishni mashq qilmagan, lekin darsda matnni tengdoshlariga nisbatan juda yaxshi o‘qib beradi. Uni rag‘batlantirishdan boshqa iloj yo‘q. Ba’zilarini esa nisbatan “5” baho bilan rag‘batlantiramiz. Chunki u ham astoydil harakat qilayotganini sezib turamiz. Qaysidir taraflarini hisobga olib, bolani “sindirmaslikka” harakat qilamiz. “4” va “3” baholarda ham shunday. Boshlang‘ich sinf rahbarining fanidan doim topshiriqlar tayyorlanadi. 1 soatlik fan o‘qituvchilarining bergan topshiriqlari esa ko‘pincha bajarilmay qoladi. Sinf rahbarlari o‘z obro‘si, sinf reytingi, o‘quvchilar o‘z farzandidek bo‘lib qolgani uchun ham “3” bahoga o‘qiydigan o‘quvchining “qulog‘idan tortib” bo‘lsa-da baholarini yaxshilashga, rag‘batlantirib, kamchiligini yashirishga intilishadi. Ammo yuqoriga chiqqanda ular bunday kuyunchak yetakchidan ayrilishadi. Ayrim yuqori sinf o‘qituvchilari faqat o‘ziga yoqadigan 5–6 o‘quvchi bilan ishlaydi. Sinfdagi boshqa o‘quvchilar bilan ishi yo‘q.
Aksariyat ota-onalar farzandini 1-sinfga berish oldidan rahbariyat bilan kelishib mahoratli, tajribali o‘qituvchi sinfiga joylashga harakat qiladi. Qarabsizki, bu sinfda maktabga yaxshilab tayyorlangan, ota-onalari e’tiborli sara o‘quvchilar yig‘ilib qoladi. Bunday sinfning ko‘rsatkichi tabiiyki a’lo bo‘ladi. Ota-onalar tomonidan doim talab qilinadigan ustozlarni qattiq hurmat qilaman. Ular bu obro‘ga o‘z mehnati bilan erishganlar. Lekin ko‘pchilik nazdida “o‘zlashtirishi sust o‘quvchilar” sinfiga aylanib qolganlarning aybi nima? Ularga darsga kirgan ayrim o‘qituvchilar ham sidqidildan dars o‘tmaydi. Ahvol battarlashib boraveradi. Menimcha sinflarni shakllantirishdagi bunday ayirmachiliklarga chek qo‘yish kerak.
Feruza HOSHIMOVA, Qarshi shahridagi 4-maktab o‘qituvchisi:
— Hamkasblarimning deyarli barchasi mavzularni bola ongiga singdirishda turli uslublardan foydalanadi, ko‘rgazmali vositalar tayyorlaydi, ayniqsa, bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar bilan darsdan so‘ng mashg‘ulotlar olib borishadi. Lekin yuqori sinf o‘qituvchilari ning biror marta bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchi bilan qo‘shimcha shug‘ullanganini, tushunmagan mavzularini qayta, soddalashtirib tushuntirib berganini ko‘rmaganman.
Xosiyat JUMABOYEVA, Amudaryo tumanidagi 37-maktab o‘qituvchisi:
— O‘quvchining o‘qish tezligi boshlang‘ichda shakllanib bo‘lishi kerak. Ammo shunday o‘quvchilar bo‘ladiki, 5-sinfda alifbe va husnixatni qaytadan o‘qitganman. Sinfda ko‘pi bilan 2 yo 3 nafar ravon o‘qiydigan o‘quvchi bo‘ladi. Mutlaqo xatosiz yozadigani juda kam. O‘quvchining o‘qish tezligi va savodxonligi past bo‘lishiga boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi aybdor. Bola boshlang‘ichda kerakli malakaga ega bo‘lolmadimi, uni yuqorida o‘rgatish juda qiyin kechadi. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining mehnati samarasi va yutug‘i ham o‘quvchilarining ravon o‘qishi, savodxonligi va husnixatida ko‘rinadi. Yuqori sinf o‘qituvchisida esa bu asosiy maqsad bo‘lmaydi. Uning bolaga berishi kerak bo‘lgan juda katta dasturi bor. Yuqori sinfga bola qanchalik mustahkam poydevor bilan borsa, keyingi bilimlarni egallashi qiyin kechmaydi.
Dilfuza SUVONOVА, Yangiyo‘l tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi:
— Sinfda o‘quvchi soni 35 nafardan ortiq bo‘lsa, savodxonlik, og‘zaki nutq shakllanishi qiyin. O‘qituvchi qay biriga ulguradi. Bir rahbar mahoratli o‘qituvchi uchun o‘quvchi sonining ahamiyati yo‘q, degan fikrni aytgandi. Nega unda Prezident maktablarida bitta sinfga 12 bolani jamlashyapti. Iqtidorlilar ko‘p. Hech bo‘lmasa 25 ta qilishsin u holda. Boshlang‘ich sinfda o‘quvchi sonini 20 nafardan oshirmaslik kerak. Ming chiranmaylik, o‘zimizcha har xil fikrlar bildirib xaspo‘shlamaylik, bu haqiqatni ich-ichimizdan tan olib turaveramiz.
Sanobar BERDIYEVA, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 286-maktab o‘qituvchisi:
— Ota-onalar 4 yil bolasi bilan birga dars qilib, 5-sinfga o‘tishi bilan “Katta bo‘lib qoldi, o‘zi eplaydi” deb nazoratni tashlab qo‘yishadi. Shu yerda noto‘g‘ri o‘ylashadi. Yangi sinfxona, yangi ustozlar, yangi darslar va uslublar bilan shundog‘am esankiragan murg‘ak bola ota-onasining ham 4 yillik e’tiboridan mosuvo bo‘ladi. Bu ham bolaning psixologiyasiga salbiy ta’sir qiladi. Menimcha, 4-sinf o‘quvchilarining kelasi yilgi sinf rahbarini 4-chorakdan boshlab tayinlab, bir chorak mobaynida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bilan hamkorlikda o‘quvchilarning bilimi, saviyasi, xarakteri, oilaviy ahvolini o‘rganishi kerak. Ona tili va matematika fani o‘qituvchilari ham tayinlanib, ular bir chorak davomida dars tahliliga kirishsa, yaxshi samaraga erishish mumkin.
Muhabbatoy ORIPOVA, Namangan shahridagi 62-maktab o‘qituvchisi:
— Maktablarda shunday bir norasmiy qoida bor: bilimsiz, tajribasiz o‘qituvchilarga 1-sinf berilmaydi. 1-sinf kuchli o‘qituvchilarga beriladi. Haligi pedagoglar esa odatda 3-sinfdan rahbarlik qila boshlaydilar. Chunki savod o‘rgatish oson emas. Yangi ishga kelganimda aylanib bir 4-sinf darsiga kirib qoldim, o‘qituvchi diktantni doskaga yozib beryapti. Ajablandim... Xuddi shu o‘qituvchi matematikadan ochiq dars o‘tdi. Ustun shaklida 4 xonali sonni doskada chapdanmas, o‘ngdan qo‘shib keldi, qoldig‘ini ham unutdi. Shu dars pedagogik kengashda chunonam maqtaldiki, ajablandim… bilsam, bir “katta”ning odami ekan... Hammaga kulgi bo‘lavergach, texnologiya faniga qayta tayyorlovda o‘qib keldi. Mehnat darsi ham zo‘r: qizlar xonaga qamaladi, o‘qituvchi yo‘q. Shunaqa o‘qituvchi boshlang‘ichda dars bersa, tasavvur qiling, uni deb qancha o‘quvchi savodsizlikka mahkum bo‘ladi.
Sahifani Zilola MADATOVA tayyorladi.