Yangicha yondashuvdagi yangi darsliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy komunikatsiyalar agentligi Xalq ta’limi vazirligi, Respublika ta’lim markazi bilan hamkorlikda darsliklarni tayyorlash va nashr etish jarayonini yoritish maqsadida ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida “KOLORPAK” MChJ, “CREDO PRINT GROUP” MChJ hamda “O‘zbekiston nashriyot-matbaa ijodiy uyida press-tur tashkil etildi.
Darsliklar ta’lim jarayonining asosini tashkil qilishi barchamizga ma’lum. U qancha sifatli, zamon talablariga mos, puxta tayyorlangan bo‘lsa, o‘quvchi shuncha chuqur bilim oladi. Hozirgi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarini darsliklar bilan ta’minlash yuzasidan jiddiy izlanishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2020/2021-o‘quv yili rejasiga asosan 1-, 4-, 5-sinflar uchun jami 558 nomdagi darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar chop etilishi rejalashtirilgan. Shundan: 346 nomda — umumta’lim maktablari uchun; 160 nomda — imkoniyati cheklangan bolalar uchun; 52 nomda — multimedia ilovalari, 346 nomdagi (27,9 mln) darsliklarning 118 nomdagisi (34,1 foiz) original maketlar va 228 nomdagisi (65,9 foiz) tarjima maketlar hisoblanadi.
Yangi o‘quv yilda 1–9-sinflar uchun “Tarbiya” fani kiritilganidan xabaringiz bor. Press-tur ishtirokchilari odobnoma, vatan tuyg‘usi, milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari hamda dunyo dinlari tarixi fanlarini birlashtirgan “Tarbiya” darsliklarini nashr qilish jarayoni bilan tanishdi.
— Tarbiya fani “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” g‘oyasi asosida tayyorlangan. Uning asosiy maqsadlaridan biri maktab o‘quvchilarini ijtimoiy hayotga tayyorlash, ularda ma’naviy axloqiy fazilatlarini rivojlantirish, — deydi Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov. — “Tarbiya” darsliklarining shu mazmundagi avvalgi darsliklardan farqlari shundaki, ularda ilk marotaba XXI asr ko‘nikmalari deb nom olgan “yumshoq ko‘nikmalar” joriy qilindi. Darslik orqali o‘quvchiga bilim berishdan tashqari, unda ko‘nikma shakllantiriladi. Yangi fan darsliklaridagi amaliyotga yo‘naltirilgan mashg‘ulotlar va mavzular o‘quvchida muvaffaqiyat motivlarini uyg‘otadi. Faol fuqarolik pozitsiyasi shakllantiriladi. O‘quv fani mohiyati 50 foiz nazariy, 50 foiz amaliy asosga qurilgan. “Tarbiya” darsliklarida “role-model”, ya’ni “namuna keltirish” zamonaviy pedagogik metodidan unumli foydalanilgan.
5-, 8-, 9-sinf o‘quvchilari 2020\2021-o‘quv yilida yangilangan “Informatika” darsliklarini qo‘liga oladi. Informatika — axborot texnologiyalari qurshovida voyaga yetayotgan yangi davr bolalarining eng sevimli fanlaridan biri desak adashmagan bo‘lamiz.
— Ma’lumotlarga qaraganda, o‘quvchilar 1-sinfdan 11-sinfgacha 11 ming soatdan ziyod vaqtini maktabda o‘tkazar ekan. Bu vaqt ichida 7 mingga yaqin mavzu o‘qiydi. Xo‘sh, ayting-chi, shularning qanchasi o‘quvchiga kelajakda kerak bo‘ladi? Avval darsliklar o‘quvchilarda faqat nazariy bilimlarni shakllantirishga qaratilgan edi. Biz darslikka iloji boricha o‘quvchining ertangi kunida asqotadigan mavzularni joylashtirdik. Yangilangan informatika darsligidan maqsad o‘quvchilarda hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish va ularni kasbga yo‘naltirishga qaratilgan, — deydi darsliklar loyihasi rahbari Dadajon Sayfurov.
Darsliklar innovatsion yondashuv asosida tayyorlandi. Ulardagi ta’limiy o‘yinlar, mashqlar, masalalar va topshiriqlar o‘quvchilarda amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga yo‘naltirildi. Yangilanayotgan darsliklarning yana bir qulay tomoni shuki, ularga QR kod joylashtirilgan bo‘lib, o‘quvchilar kodni skanerlash orqali mobil telefonda darslikning elektron nusxasini o‘qish, mavzuga oid qo‘shimcha materiallarni qo‘lga kiritish imkoniga ega bo‘ladi.
Humoyun QUVONDIQOV