O‘qituvchining ijtimoiy mas’uliyati
Global informatsion xaos hukmron bo‘lgan bir davrda yashamoqdamiz. Bunday sharoitda eng katta mas’uliyat ziyoli qatlam vakillari, xususan, o‘qituvchilar zimmasiga tushishi tabiiy. Turkiston tarixida bundan 120—130 yil ilgari maydonga chiqa boshlagan jadidlar ham o‘zlarining ilg‘or g‘oyalarini aynan o‘qituvchi pozitsiyasidan turib tarqatishga tutingan. Millatni yo‘lga solishda ota-onanikidan-da kam bo‘lmagan mas’uliyat o‘qituvchilar zimmasida bo‘lgan o‘sha zamonlarda ham. Noshud, farzandining ta’lim-tarbiyasiga befarq, ya’nikim millat kelajagiga befarq ota-onalar o‘sha vaqtda ham bo‘lgan, hozir ham bisyor. Bunga o‘tmishda ham (Behbudiyning “Padarkush” pyesasi, hozirgi kunimizda ham (Xalq ta’limi vaziri Shermatovning oxirgi birifingdagi iqtibosi) misollar bisyor.
Biroq sharaf nuqtayi nazaridan ota-onadan kam bo‘lmagan o‘qituvchi va murabbiylik kasbining egalariga e’tirozlar ham talaygina. Oxirgi 4 oyda ulardan ayrimlarining (bu aslida xamir uchidan patir xolos) saviyasi bilan bog‘liq o‘ta jiddiy savollar yuzaga qalqib chiqdi. Mayli, masalaning bir tomonini oliy ta’limga bog‘lab kamchilikni xaspo‘shlarmiz, lekin shu kasbning nonini yeb, ro‘zg’or tebratayotgan o‘qituvchi vijdoni qarshisida yuzi yorug‘ bo‘lishi uchun o‘z ustida ishlashi, kamchiliklarini tuzatishi, o‘qishi, o‘rganishi kerak emasmi? Qog‘ozbozlikni bahona qilardik, majburiy mehnatni bahona qilardik, boshqani bahona qilardik, maoshni bahona qilardik – bir necha yildan buyon bu illatlardan tobora qutulib bormoqdamiz, muammolarimizga yechimlar taklif qilinayotir (men buni dardlarimizga em (bu so‘zning ma’nosini bilmaydigan o‘qituvchilar izohli lug‘atdan ko‘rib olishsin, harna yana bir so‘z o‘rganishadi) deb ta’riflagan bo‘lardim), biroq saviyada o‘zgarish yo‘q, yosh mutaxassislarni qo‘yib turaylik, necha yillardan buyon sohada ishlab kelayotgan hamkasblar orasida ham serial ko‘rishdan, ijtimoiy tarmoqdan bo‘shamaydigan o‘qituvchilar serob ekan (oldindan bilardim, dalilim yo‘q edi).
Birodarlar, men o‘z o‘quvchilarimga “Sizdan keyin keladigan avlod sizdan ko‘ra kuchliroq, bilimliroq, saviyaliroq bo‘ladi, harakatdan, o‘qishdan, o‘rganishdan bir zum to‘xtasangiz, jamiyatdagi o‘rningizni ularga boy berasiz va keyin uni qaytarib olish juda qiyin bo‘ladi” deb aytaman. Aslida, Prezident maktabining o‘quvchilarida shusiz ham stimul, motivatsiya yetarli, ko‘cha tilida aytganda, “vagoni bilan topiladi”. Biroq ularni haqiqatning ko‘ziga tik qarashga o‘rgatish barobarida o‘zim ham ularga o‘rnak bo‘lish uchun tirishishim, intilishim kerakligini his qilib turaman. Yuqoridan topshiriqlar, tashabbuslar – o‘z yo‘liga. Hatto ayrim topshiriqlar ensangni qotirishdan o‘zgasiga yaramaydi.
Keling, siz bilan bir tajribani o‘rtoqlashay: yanvar oyida maktabimizda “Zakovat” turnirini tashkillashtirishni reja qilgandik, savollarni tuzib, rahbariyatga tasdiqlash uchun taqdim etdim, keyin turnir Nizomini ishlab chiqish topshirig‘i berildi, uniyam qildim. Biroq ayrim sabablarga ko‘ra turnirni o‘tkazish cho‘zilaverdi. Bu orada men Character Education darslarida o‘quvchilar bilan mantiqiy savollarga asoslangan o‘yinlar tashkil etib yuraverdim, qariyb 2 hafta shunday davom etdi. Ishonsangiz, o‘quvchilarning o‘zlari mendan hatto tarix darslarida ham shunday o‘yinlar tashkil qilishni so‘rashdi. Yo‘q demadim, bolaga o‘zi xohlagan narsasini bera olish yoki har qanday bilimni u xohlagandek shaklda, yo‘sinda bera olish muhimdir.
Shu asnoda intellektual o‘yinlar bo‘yicha Toshkent shahar hokimi kubogi o‘tkazilishi haqida e’lon chiqib qoldi. Tezgina shu kungacha mantiqiy savollarga javob berishda o‘zini ko‘rsatgan o‘quvchilardan terma jamoa tuzdik, tuman bosqichida osongina g‘alabani qo‘lga kiritdik. Shahar bosqichida esa jamoamiz 5-o‘rinni oldi. Nega 1-o‘rin emas, albatta, g‘olib bo‘lishganida yaxshi bo‘lardi, biroq o‘quvchilarning aksariyati ilgari rusiyzabon maktablarda tahsil olishgani uchun aksariyati milliy savollardan iborat bo‘lgan shahar bosqichi o‘yinlarida qiyinchilikka duch kelishdi. Shunday bo‘lsa-da, PIIMA tasarrufidagi maktablar ichida kuchli 5 likka kirgan yagona jamoa sifatida qayd etildik.
Terma jamoaning natijalari rahbariyatni ruhlantirib yubordi, maktab birinchiligi – “Inter Intel Liga-Spring” turniriga start berildi. Afsuski, pandemiya munosabati bilan karantin e’lon qilinishi tufayli turnir to‘xtab qoldi.
Karantinda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishning yo‘llarini axtara boshladim. Chunki bunday qiyin vaziyatda jim turish, “energiyani tejash” rejimiga o‘tib olish, passivlik ko‘rsatish mumkin emas edi. Shunda bir nechta filantrop hammaslaklarim bilan birgalikda birinchi masofaviy individual intellektual turnirga start berdik – “Distance Intel Liga”. Bir yarim oy mobaynida har kuni 10 tadan “Zakovat” darajasidagi savollarni tuzib, ishtirokchilarga taqdim etib bordim. Qariyb 180 kishi ishtirok etgan respublika miqyosidagi ushbu turnir g‘olibiga 1 mln so‘mlik kitoblar jamlanmasini topshirdik.
“Distance Intel Liga” davom etayotgan bir paytda “Inter Intel Liga” jamoaviy turnirini ham yakuniga yetkazib qo‘yish muhim edi. Turnirni ko‘tarinki ruhda davom ettirdik va shu ruhda yakunladik. Sharoit imkon berishi bilan, g‘olib jamoaga maktab rahbariyati hamda homiylarning sovg‘alari topshiriladi.
Bu yilgi yozgi ta’til o‘quvchilar uchun “syurpriz” bo‘ldi. Mana, ayni vaqtda ham yoshlar uydan chiqmagan holda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish haqida bosh qotirishga majburlar. “Intel Liga” klubi bunga o‘ziga xos yondashuv bilan munosib hissa qo‘shishga qaror qildi – “Summer Intel Liga” jamoaviy turniri tashkil etildi, hozir turnirning 7-turini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda, g‘olib jamoa vakillari, albatta, taqdirlanadi.
Qolaversa, ingliz tilida ham o‘ziga xos kichik turnir o‘tkazishni rejalashtirgan edik. Hozir “English Intel Liga” turnirining endigina 1-o‘yini ortda qoldi, ushbu masofaviy individual intellektual turnir g‘olibiga ham sovrinlar va’da qilingan.
Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan “Inter Intel Liga” turnirining kuzgi mavsumi – “Inter Intel League-Autumn” start oladi. Tinmaymiz, to‘xtamaymiz. Shu bilan birga o‘quvchilarni ham tindirmaymiz, fikrlashdan, bellashuvlardan zavq olishdan to‘xtashlariga yo‘l qo‘ymaymiz.
Nima deb o‘ylaysiz, buning uchun mendan nima talab qilinmoqda? Haftasiga salkam 5 soat vaqt (“Distance Intel League” turnirida kuniga 5 soatdan sarflaganman, biroq karantinda bu mening ish soatlarim hisobidan qoplanardi), shu xolos. Nima yo‘qotyapman? Hech nima. Chunki o‘sha 5 soatni shunchaki bekorchilik bilan o‘tkazib yuborishim ham mumkin edi.
Menga o‘qituvchilik kasbi rizq qilib berilgan ekan, bu rizqni halollab olishim muhim. Bo‘sh vaqtida dasturlash, veb-dizayn, chet tillari kurslarini o‘tayotgan, hunar o‘rganayotgan hamkasblarimni bilaman. Ularga hurmatim cheksiz. Vijdonan onlayn to‘garaklarni yuritayotgan, xo‘jako‘rsinga ishlashni or deb biladigan hamkasblarimga boshim yerga tekkuncha ta’zimdaman. Har bir o‘qituvchini, har bir pedagog hamkasbimni ana shunday pedagoglardan bo‘lishga da’vat etaman. Toki o‘qituvchi nomini ulug‘lash, jamiyatdagi obro‘sini oshirish – vazirlikning yoki hukumatning emas, aynan o‘zimizning qo‘limizdadir, qadrli hamkasblar!
Iqboljon KAMOLOV, Toshkent shahridagi Prezident maktabi tarix fani o‘qituvchisi