Ustoz, “normalniy” bolalarga ham dars berasizmi?
Poytaxtimizning chekkarog‘ida joylashgan maktablardan birida pedagogik amaliyot o‘taganman. Ya’ni fransuz tili o‘qituvchisi bo‘lib dars berganman. Maktab chekka mavzeda joylashganligi uchun bo‘lsa kerak, o‘qituvchilar bu yerda ko‘p ishlab qolmas edi. Bundan tashqari, o‘quvchilarning intizomi borasida muammolar bor edi. Ayrim amaliyotchi talabalar yuqori sinf o‘quvchilari bilan kaltaklashib, maktabdan ketib qolganiga o‘zim guvoh bo‘lganman.
Ammo men maktabga nomigagina amaliyot o‘tab ketish uchun emas, aksincha haqiqiy o‘qituvchi bo‘lib o‘quvchilarimga ta’lim berish uchun kelgan edim. Hayotdagi prinsipim shunday: biron ishga kirishsam, sidqidildan oxirigacha qilaman yoki uni umuman qilmayman. Soxtalikni yomon ko‘raman. Xullas, dastlab o‘quvchilarning tarbiyasi bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri keldi. Buning uchun birinchi navbatda ularning yuragiga quloq tutib ko‘rdim. Suhbat taxminan mana bunday kechdi:
— Biz hech qachon fransuz tilini o‘rgana olmaymiz. Bundan tashqari bizga fransuz tilining keragi yo‘q...
— Nimaga o‘rgana olmas ekansizlar? Hozirgi zamonda chet tilini bilish hammaga kerak. Mana men o‘rgataman sizlarga fransuz tilini ...
— E, bizga hech kim o‘rgata olmaydi. Markazdagi maktablar baribir bizdan kuchli. Biz hech qachon ularday bo‘la olmaymiz...
— Kim aytdi buni sizlarga? Boshqa bolalardan kam joyingiz yo‘q. Kelinglar, bir narsaga kelishib olamiz. Men darslarimni o‘taveraman. Sizlar esa darsda yaxshi qatnashasiz va men nima vazifa bersam, barchasini qoldirmasdan bajarasiz. Men sizlarga fransuz tilini o‘rgana
olishlaringizni va markazdagi maktablardan kam emasliklaringizni isbotlab beraman. Kelishdikmi?
— Kelishdik...
... Bizni poytaxtimizdagi nogiron bolalar maktablaridan biriga olib borishdi. Maqsad bo‘lg‘usi pedagoglarni nogiron bolalar bilan uchrashtirish edi, menimcha. Maktabda har xil darajadagi nogiron bolalar bor edi. Kimningdir qo‘li, kimningdir oyog‘i, kimningdir boshqa tana a’zosida muammolar bor edi. Lekin ularning miyalari joyida edi. Ularni ko‘rib, yuragim yumshab ketdi. Bilsam, u yerda fransuz tili darsi o‘tilmas ekan. Maktab direktori bilan gaplashib, maktabga kelib haftada bir marta fransuz tilidan beg‘araz dars berib ketishga kelishib oldim. Maktab direktori har xil sinflardan xohlovchi bir sinf bola yig‘ib berdi. Darslar boshlandi. Bolalar bilan ilk suhbatimiz taxminan quyidagicha bo‘ldi:
— Ustoz, “normalniy” bolalarga ham dars berasizmi? Ular bizdan ancha kuchlidirlar-a?
— “Normalniy”, “normalniy emas” degan gaplarni qayerdan oldingiz? Barchangiz bir xilsizlar...
— “Normalniy” deb nogiron emas bolalarni aytyapmiz. U bolalarda bizga o‘xshab sog‘liq bilan muammolar yo‘q. Shuning uchun biz bilan qiynalsangiz kerak deb aytyapmiz...
— Avvalambor, sizlarga “normalniy”, “nenormalniy” degan gaplarni aytishni man etaman. Bilib qo‘yinglar, barchangiz bir xilsizlar. Undan keyin, kelinglar, bir narsaga kelishib olamiz. Men sizlarga darslarimni o‘taveraman. Siz esa darslarda yaxshi qatnashasiz va men nima vazifa bersam, barchasini qoldirmasdan bajarasiz. Men sizlarga barcha bolalar bilan bir xil ekanliklaringizni, sizlar ham fransuz tilini
ularday o‘rgana olishingizni isbotlab beraman. Kelishdikmi?
— Kelishdik...
... Jahon tillari universiteti roman-german filologiyasi fakultetida bir udum bor edi. Pedagogik amaliyot yakunida talabalar o‘z o‘quvchilari bilan kelib, fakultetning majlislar zalida bironta badiiy chiqish (qo‘shiq, raqs, sahna ko‘rinishlari va hokazo) qilib berishlari kerak edi. Fakultet ma’muriyati, domlalar va barcha talabalar tomosha qilishardi. Fransuz madaniyat markazidan olgan musiqiy materiallar yordamida 5 minutlik sahna ko‘rinishi tayyorladim. Sahna ko‘rinishi to‘liq fransuz tilida bo‘lib, unda deyarli butun sinf ishtirok etdi. Ishtirok etgan 23 o‘quvchining orasida a’lochilar ham, sinfning hamma “bu odam bo‘lmaydi” deb ta’rif bergan “ikkichi” o‘quvchilari ham bor edi. Sahna ko‘rinishini tayyorlash bilan birga o‘quvchilarning fransuz tiliga muhabbati ortdi va bilim saviyalari ham ko‘tarildi. Xullas, fakultetdagi tadbirga uchta “marshrutka”ni to‘ldirib bordik. Odatda bunday tadbirga 1 yoki 2 nafar o‘quvchini olib kelib qo‘ya qolishadi xolos. Bizning sahna ko‘rinishimiz shunchalar professional darajada ijro etildiki, tadbir yakunida hakamlar maktabimizning nomini va mening o‘quvchilarimni alohida ta’kidlab tabriklashdi. Shunda, 2 oy oldin “biz markaz o‘quvchilariday bo‘la olmaymiz” deb tushkun holatda bo‘lgan o‘quvchilarim meni o‘rab olib quvonchdan sakray boshladilar. “Ustoz, biz birinchi o‘rinni oldik” deb xursand bo‘lishardi ular. O‘zlarining boshqa bolalardan kam emas ekanliklarini avvalo o‘zlariga, qolaversa boshqalarga isbotlab bergan edilar...
... Nogiron bolalar maktabidagi o‘quvchilarimga darslardan tashqari fransuz tilida she’r, qo‘shiq va raqslarni o‘rgatib borar edim. Chunki ana shundagina chet tilini o‘rganish qiziq va oson bo‘ladi. Bir kuni odatdagiday maktabga dars o‘tishga bordim. Sinfga kirishim bilan o‘quvchilarim tetak-tetak kilib, oldimga yugurib kelib, meni o‘rab olib xursandchilikdan sakray boshladilar. Nima gapligini tushunolmay hayron edim. Nima bo‘lganligini so‘radim. Ular esa biri olib, biri qo‘yib, nima bo‘lganini gapirib berishdi.
— Biz televizorga chiqdik, ustoz. Televizordagilar bizdan qo‘shiq, she’rlar bilasizlarmi deb so‘rashgan edi. “Ha, bilamiz” dedik. Keyin bizni televideniyega olib borishdi. Sog‘lom bolalar bilan birga biz ham frantsuzcha she’r va qo‘shiqlarimizni aytib berdik. Biz ham televizorga chiqdik. Ura! Ura! Ura!
...Ushbu ikki voqeani eslasam hozirgacha ko‘zimga quvonch yoshlari keladi. Dunyoda bolalarning shodligi, xursandchiligini ko‘rishdan ortiq baxt yo‘q. Bolalar shod — olam guliston! Aytmoqchi bo‘lganim, dunyodagi barcha bolalar bir xil. Amerikada ham, Xitoyda xam, Afrikada ham, O‘zbekistonda ham bola bu bola. Bolalarni hech qachon poytaxt va viloyat bolalariga, markaz va chekka maktab bolalariga, sog‘lom va nosog‘lom bolalarga ajratishlariga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Bunday ishonchni biz avvalo bolalarning o‘zlariga bera olishimiz zarur. Undan keyin ularni g‘alabalar sari yetaklash va bir olam quvonch hadya etish hech gap bo‘lmay qoladi. Bolalarimizning umrlari uzun, baxtlari butun, kelajaklari porloq bo‘lsin!
Doniyor RO‘ZMETOV