Dars soati qisqarishi to‘g‘rimi?
O‘rmonda daraxt tagida tushib yotgan yong‘oqlarni ko‘rib qolgan maymun tezda ularni bir joyga yig‘ib, olib ketmoqchi bo‘libdi. Yong‘oqlarni hovuchlab hammasini olaman desa bittasi tushib ketadi, amallab uni olaman desa boshqasi tushib ketadi. Qancha urinsa ham yong‘oqlarning hammasi maymunning hovuchiga joylanmas ekan. Asabi dosh bermagan maymun achchig‘idan yong‘oqlarning hammasini tashlab ketvoribdi. Maktablarda ona tili va adabiyot fanining o‘qitilishi ham “maymun hovuchiga sig‘magan yong‘oq”dek tuyuladi, o‘qituvchi jamiki grammatik qoidalarni o‘qitib ulgurishi mushkul.
O‘quvchiga bilim berish maqsadida belgilangan har bir fan va dars soatining o‘z maqsad-vazifasi bor. Ona tili fanining vazifasi, sodda qilib aytganda, o‘quvchilarni xatosiz yozish va chiroyli gapirishga o‘rgatishdir. Xo‘sh, biz bunga qay darajada erishmoqdamiz? O‘quvchilarimizning savodxolik darajasini bilasiz. Shuningdek, nutqi ham maqtanadigan emas. Buning asosiy sabablari nimada?
Birinchidan, ona tili darslarida shunchalik ko‘p tushunchalarni bermoqchi bo‘lishimiz. Eng qizig‘i, bu tushunchalarning 70 foizdan ko‘prog‘i bizning maqsadlarimizga mos emas. Ularsiz ham savodli bo‘lish, chiroyli gapirish mumkin. Buncha ko‘p tushunchalar oldida o‘quvchi maymunning holiga tushib, qo‘l siltayapti. Misol keltiraman: o‘zi birgina tovush, talab qilinadigan tushunchalarga e’tibor qarating: unlimi-undosh, jaranglimi-jarangsiz, portlovchimi, sirg‘aluvchimi, titrovchimi, til oldimi, til orqami, o‘rta tormi, o‘rta kengmi, yuqori tormi, yuqori kengmi, lab-labmi, lab-tishmi, burun tovushimi, bo‘g‘izmi? Xullas, shunga o‘xshash yana o‘nlab tushunchalarni bilish talab etiladi. Bu birgina tovushga qo‘yiladigan talablar. Biror so‘z turkumiga yoki gapga qo‘yiladigan tushunchalarni sanash qiyin. Nima qilmoq kerak? Dastur talabi, darsliklar holati shunday deb o‘qityapmiz. Adashib ketgan, lekin adashganini bilmagan yo‘lovchimiz, go‘yo. Bunday o‘ylab qarasak, keraksiz tushunchalar bilan o‘quvchilarni chalg‘ityapmiz, charchatyapmiz. Natijada maymunday qo‘l siltab ketish, savodsizlik davom etmoqda.
Ochig‘i, bu tushunchalarni bilish faqat OTMlarga kirish testi uchungina kerak bo‘lib turibdi. Shu o‘rinda, ta’kidlamoqchimanki, ona tilidan OTMlarga kirish imtihonlarida test o‘rniga yo‘nalishiga qarab diktant va inshoni joriy etish kerak. Shundagina savodxonlik yaxshilanishi mumkin. Aytaylik, 70 foiz tushunchalardan voz kechsak, o‘rniga nimani o‘qitamiz? Qanday o‘qitamiz?
“O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari” savod chiqarish uchun bizga asosiy dastur bo‘lmog‘i kerak, shuningdek, o‘zbek tilining imlo lug‘ati hamda o‘zbek tilining izohli lug‘ati ona tili fani maqsadiga erishish yo‘lida asosiy manba bo‘lmog‘i lozim.
Hozir ushbu lug‘atlar bilan deyarli ishlanmaydi. Ayniqsa, izohli lug‘atni topish mushkul. Tezda o‘quvchilar uchun saralangan izohli lug‘at nashr ettirib, maktablarga darsliklarday yetkazilsa yaxshi bo‘lar edi.
Darslarni amaliy mashg‘ulotlarga keng o‘rin bergan holda olib borishni taklif qilaman. Bundan ancha yillar oldin “O‘zbek tilining doimiy anjumani” har yili o‘tkazilar edi. Anjumanda o‘zbek tilining muammolari to‘g‘risidagi taklif va istaklar muhokama qilinardi. Men ham ikki marta anjuman ishtirokchisi bo‘lganman. 1997-yili Toshkentda o‘tkazilgan anjuman “Matn tuzish” masalasiga qaratilgan edi. Sho‘ba yig‘ilishida “O‘quvchilarga matn tuzdirish tajribasidan” mavzusida chiqish qilganman. Demoqchimanki, darslarda amaliy mashg‘ulotlarni ko‘paytiraylik, faol dars jarayoniga o‘quvchini olib kiraylik, darsda o‘quvchi tinglovchi emas, balki ijrochi bo‘lsin! Biz o‘qituvchilar yetaklovchi bo‘lib boshqarib turaylik.
Masalan: “Erta bahor. Gullarni parvarishlab tursam, turnalarning “qurey-qurey”si eshitilib qoldi. Men turnalarga... qarayman”. Nuqtalar o‘rniga hamma o‘quvchi o‘ziga yoqqan, ma’qul iborani aytadi. Albatta, o‘qituvchi boshlab beradi: sog‘inib qarayman. O‘quvchilar esa “tikilib, hayratlanib, sog‘inib-sog‘inib, hayajon bilan, butun vujudim bilan, havas bilan, tikilib, ko‘zlarim tolguncha, ovozlari eshitilmay qolguncha, tabassum bilan, xo‘rsinib, sevinib qarayman” kabi davom ettirishlari mumkin. Bir necha marta birgalikda bajarilgandan keyin o‘quvchilar amaliy ish bajarayotganda o‘zlariga ma’qul, matnga o‘ta mos so‘z yoki birikmalarni tanlay boshlaydilar. Bu, albatta, o‘qituvchidan tajriba, mehnat talab qiladi.
O‘zbek tili orfografiyasi, leksikologiya, punktuatsiya bo‘limlari kengroq o‘rganilishi kerak. Insho yozish nazariyasiga doir bilimlarni o‘rganish uchun ko‘plab dars soatlari ajratish lozim. Xullas, savodxonlik masalasi faqat o‘quvchilar uchun emas, hamma uchun zarurligini his qilishimiz lozim bo‘ladi. Buning uchun ishga kirishda, harbiy xizmatga olishda ariza, tarjimayi hol kabi ish qog‘ozlarini shaxsan o‘zidan yozma talab qilish kerak. Nufuzli ishlarga qabul qilishda diktant olish shart qilib qo‘yilsa savodxonlikka e’tibor kuchayar edi. O‘zbek tili go‘zal va boy til. O‘zbek tili O‘zbekistonda davlat tili. O‘zbek tilida 30 milliondan ortiq
kishi muloqot olib boradi. Yaqinda o‘tkazilgan brifingda maktablarda ona tili darslari ma’lum miqdorda qisqarishi sharhlandi. Davlat tili bo‘lgan ona tili — o‘zbek tiliga bo‘lgan bunday yondashuv to‘g‘rimi? Undan ko‘ra chet tillardagi kabi ona tili darslarini ham bo‘lib o‘qitishni joriy qilsak, bo‘lmaydimi? Savodxonlik — davr talabi. Bunga mehnat bilan, islohotlar bilan erishiladi. Kelajakda tilimiz musaffoligini saqlab qolaylik desak, mehnatimizni ayamaylik, hamkasblar; mablag‘ni ayamang, mutasaddilar!
Nurmamat HASANOV, Kasbi tumanidagi 31-maktab direktori