Otello va Hamlet bir xil obraz…mi?!
Amaldagi 9-sinf “Adabiyot” darsligi yuzasidan ba’zi mulohazalar
2019-yili umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-sinfi uchun nashr etilgan “Adabiyot” darsligida bir qancha yutuqli jihatlar bor. Jumladan, “Imom al-Buxoriy hayoti va ijodi”, “Hadislar” mavzularining 5-sinf darsligidan ushbu darslikka o‘tkazilgani, Xoja hikoyatlari, Oybekning “Qutlug‘ qon” romani o‘rniga “Navoiy” romanining kiritilishi, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva, Sharof Boshbekov kabi ijodkorlarning yana darslikka qaytishi quvonarli hol, albatta. Xoja hikoyatlari kelgusida yosh avlodni adolat mezonlari asosida ish olib borishga undaydi. 5-sinf o‘quvchisi “Hadislar” mavzusini tushunishga qiynalayotgandi. 9-sinf o‘quvchisida esa bu mavzu haqida teranroq bilimlarga ega bo‘lish istagi bor.
Darslikning uchinchi, ya’ni “O‘zbek adabiyoti — ruhiy tarbiya vositasi” bobida Shavkat Rahmon she’riyati berilgan. Bu shoir ijodi oldinlari 7-sinf darsligida edi. Berilgan she’rlar 9-sinf o‘quvchisining yoshi va psixologiyasiga mos. Bugun tarixiy mavzudagi asarlar, kinofilmlar orqali berilayotgan ma’lumotlar qatorida, ayniqsa, shoirning “Jangda o‘lgan emas biror bahodir” she’ri 9-sinfni bitirish arafasidagi o‘quvchilar tavsifnomasiga yoziladigan bir qancha ijobiy sifatlarning shakllanishiga yordam beradi. Bundan tashqari, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva she’rlarini ham o‘quvchilar juda sevib mutolaa qilishdi, yod olishdi. Lekin darslik yutuqlar bilan bir qatorda kamchiliklardan ham xoli emas.
2014-yili nashr etilgan 9-sinf “Adabiyot” darsligidagi “Otello” fojiasi to‘g‘risida” mavzusida berilgan Otello haqidagi bir qancha fikrlar 2019-yili nashr etilgan “Adabiyot” darsligidagi “Hamlet” fojiasi to‘g‘risida” mavzusiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, faqat Otello va Hamlet so‘zlarining o‘rni almashtirilgan holda, hech qanday o‘zgarishsiz ko‘chirib qo‘yilgan. Bu mavzulardagi ayrim fikrlarni aytmaganda, Otello va Hamlet bir xil obrazlar ekan degan fikr uyg‘onadi o‘quvchida. Misol tariqasida quyidagi jumlalarni keltirib o‘tmoqchimiz: “Otello” fojiasida insoniyat paydo bo‘lgandan beri yonma-yon kelayotgan ezgulik va yovuzlik, xiyonat va sadoqat, jinoyat va ishonch, olijanoblik va pastkashlik singari sifatlar o‘rtasidagi kurash tasvirlangan” (2014-yil 9-sinf “Adabiyot” darsligi, 132-bet, 1-xatboshi). Yangi darslikda Otello o‘rniga Hamlet so‘zi qo‘yilgan. Shu xatboshidagi 3-gapda esa “ana shunga intilgan zotlar va o‘tkinchi manfaat jumlasi yangi darslikda ezgulikka intilgan zotlar” jumlasi bilan, qabihlik so‘zi yovuzlik so‘zi bilan almashtirilgan (yangi darslik, 325-bet). “Manfaatparastlik, xudbinlik shunday illatki, unga yo‘liqqan kimsa o‘zgalarga zug‘um qilmasligi, zarar yetkazmasligi mumkin emas…
Yovuzlik ham o‘rgimchakning to‘ri kabidir. O‘rgimchakning to‘riga pashsha ham, uni quvlab kelgan ari ham ilinib qolavergani singari yovuzlik to‘ri unga tushgan mazlumni qanday mahv etsa, uni yoygan zolimni ham shunday komiga tortishi mumkin” (eski darslik, 132-bet). “…yovuzlik mazlumni mahv etgani kabi zolimni ham domiga tortadi” (yangi darslik, 325-bet).
To‘g‘ri, insoniyatga aloqador umumbashariy qadriyatlar va u tomonidan olam yaralganidan beri ezgulikka aks tushunchalar qoralanib kelinayotgani hech kimga sir emas. Ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurash tasvirlangan asarlar ko‘p, ulardagi qahramonlar ham bir-biriga o‘xshashi mumkin. Albatta, bu yerda mavzu jihatdan o‘xshashlikni nazarda tutyapmiz. Lekin har qanday asar, har qanday obraz boshqasiga qanchalik o‘xshamasin, ularning o‘ziga xos jihatlari bor.
Har ikkala darslikdagi boshqa-boshqa asar qahramonlari (ayniqsa, bosh qahramonlar) haqida bir-ikki og‘iz gap bilan obrazlar xarakteri ta’kidlangan-u, aksariyat jumlalar eski darslikdan yangi darslikka timsollar nomigina o‘zgartirilib, aynan ko‘chirilgan.
“Asarning bosh qahramoni Otello gumonlar, iztiroblar girdobida tasvirlanadi. Xato qilishdan cho‘chiydigan, xiyonatni kechirmaydigan, nohaq qon to‘kilishini istamaydigan sadoqatli general har bir qadamini o‘lchab bosadi, har bir gapini o‘ylab gapiradi” (eski darslik, 133-bet). Yangi darslikda esa yuqorida berilgan parchadagi Otello o‘rniga shahzoda Hamlet, sadoqatli general o‘rniga shahzoda, xiyonatni kechirmaydigan birikmasi o‘rniga adolatsizlikdan qo‘rqadigan birikmasi qo‘yilgan (yangi darslik, 326-bet).
“Otello — samimiy odam. U turlanishni, kishilar ko‘ziga yaxshiroq ko‘rinishni istamaydi. Oriyatli bo‘lgani uchun ham xotinining xiyonati haqidagi xabarni juda og‘ir kechiradi, yo‘qotish dahshatidan qutulolmaydi, hamisha shuning ta’sirida yuradi. Lekin u dardini bozorga solmaydi, odamlarga tomosha bo‘lishni istamaydi” (eski darslik, 133-bet). Yangi darslikda Otello so‘zi Hamlet, yaxshiroq so‘zi boshqacha, xotinining xiyonati haqidagi xabarni jumlasi otasining o‘limini birikmasi bilan almashtirilgan (yangi darslik, 326-bet).
“Otello inson hayoti, umr mazmuni haqida ko‘p o‘ylaydigan va uni to‘g‘ri baholashga urinadigan o‘ychil odam. Hamma insofli odamlar singari o‘ziga nisbatan talabchan… Otello o‘zini tinimsiz taftish qiladi, xatti-harakatlari, o‘ylari, tuyg‘ulariga baho beradi. U har qanday oriyatli erkak singari xiyonatchi ayolni tezroq jazolagisi keladi...” (eski darslik, 133-bet). Yangi darslikda esa yana Otello so‘zi Hamlet bilan, odam, erkak so‘zlari yigit so‘zi, xiyonatchi ayolni birikmasi dushmanlariga so‘zi bilan almashtirilgan (yangi darslik, 326-327-betlar).
Yangi darslik degani eskisini ko‘chirish degani emas-ku! Buni mutaxassislarimizning hafsalasizligi, bee’tiborligiga yo‘yamizmi yo erinchoqligigami? Nahotki, ikki asarning ikki xil qahramoniga bir xil ta’rif berilsa?! Agar eski darslikda berilgan manbalar qo‘shimcha ma’lumotlar bilan to‘ldirilsa, bu o‘quvchi uchun yangilik bo‘ladi. Lekin bir asar qahramoniga yozilgan ta’rifning ikkinchi bir asar qahramoni uchun hech qanday o‘zgarishsiz ko‘chirib qo‘yilishi yuksak asarga nisbatan haddan ortiq qo‘pol beparvolik, nopisandlik emasmi? Darslik mualliflarining bunday hafsalasizligi oqibatida o‘quvchi asarlarning tag mazmuniga yeta olmaydi. Asarni tahlil qilish shu tariqa berilar ekan, ular mustaqil tahlil qilishga hech qachon kirisholmaydilar. Balki buni o‘quvchi bilmas. Chunki opasi o‘qigan asarni (agar darslikka o‘zgartirish kiritilsa) ukasi o‘qimasligi mumkin. Lekin darslik yaratishga nisbatan mualliflarning bunday hafsalasizligi o‘qituvchini ranjitadi.
Bir davrda yaratilgan asarlarning qahramonlari shu davr ruhidan kelib chiqib, bir-biriga o‘xshashi mumkindir. Erki bo‘g‘ilgan xalqning dilida ozodlik istagi yotadi. Adolatsizlik hukm surgan davr odamlari esa adolat uchun kurashadi. Demak, bir davrda yashagan ijodkorlarning qahramonlari shu nuqtayi nazardan, ya’ni ozodlikka erishish istagi, adolatsizlikka qarshi, muhabbat yo‘lidagi kurashishi bilan bir-biriga o‘xshashi tabiiy. Lekin baribir ularning o‘ziga xos qarashlari, xarakteri, hayoti bor. Masalan, “O‘tkan kunlar”dagi Otabek va “Mehrobdan chayon”dagi Anvar haqiqatgo‘yligi, oddiy xalqqa bo‘lgan munosabati, adolat uchun kurashishi, xotin-qizlarga muomalasi, sadoqatliligi bilan o‘xshash timsollar bo‘lishi mumkin. Bu esa o‘xshash ikki obraz uchun bir xil ta’rif yozish kerak degani emas-ku!
Avvalo, asar mohiyati va timsollar xarakterini yoritishda ularning o‘ziga xosligi juda muhim. Aks holda, bir mavzuga bag‘ishlangan turli janrdagi asarlarning qahramonlari bir-biriga aynan o‘xshab qolgan bo‘lardi. O‘xshash jihatlarni esa ular bilan tanishish asnosida o‘quvchi yoki kitobxon o‘zi anglab olaveradi.
Yangi darslikning 327-beti 2-xatboshisidan Hamletning xarakteri, siyosiy-ijtimoiy qarashlari, hayot va o‘lim haqidagi tasavvurlari o‘ziga xos tarzda ochib berilgan. Betakror fikrlar aytilgan. Hattoki “Hayotimni bir chaqaga ko‘raman qimmat” degan iqrorining, odam uchun yashash o‘lishdan mushkul ekanini anglab yetishining o‘ziyoq uning qanday obraz ekanligini ochib bera oladi. Demak, Hamlet — o‘ziga xos timsol. Shunday ekan, Otello haqidagi fikrlarni Hamlet uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirib qo‘ymasdan, bir-biriga o‘xshash obrazlar bo‘lsa-da, ularning har biri o‘ziga xos ekanligi aytilib, qiyosiy o‘rgangan holda Otello ta’rifi uchun berilgan fikrlarni Hamlet uchun ham takrorlamay, uning o‘ziga xos jihatlariga ko‘proq urg‘u berilishi kerak edi.
O‘ylaymizki, yangi darsliklar yaratishda pedagoglardan taklif va mulohazalar so‘ralayotgan bir paytda darsliklar ustida ishlayotgan mutaxassislarimiz bizning fikr-mulohazalarimizni ham e’tibordan chetda qoldirishmaydi.
Munavvara NURMANOVA, Tuproqqal’a tumanidagi 6-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi