Darslik o‘quvchi yoshiga mos bo‘lsa...
Adabiyot ta’limi hamma davrlarda pedagogikaning asosi sifatida o‘quvchining ta’lim bilan birga tarbiyasini shakllantirishda muhim vosita bo‘lib kelgan. Shuning uchun ham o‘rta maktablarning 5–11-sinflarida adabiyot ilmiga alohida e’tibor qaratilgan.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida adabiyotni o‘qitishdan ko‘zlangan maqsad shundaki, birinchidan, bilim olish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ikkinchidan, o‘quvchilarning o‘zaro munosabatga kirishishini shakllantirish.
Agar adabiyot muallimi bu jihatlarni namunali tarzda rivojlantira olsa, keyingi jihatlarning paydo bo‘lishiga turtki bo‘ladi. Ular aksiologik, gedonistik, tarbiyaviy omillardir. Demak, mazkur omillar umumta’lim maktablarida adabiyot fanini o‘qitishda pedagog uchun qo‘llanma vazifasini o‘tashi, ular izchillik bilan saboq jarayonida shakllantirib borilishi maqsadga muvofiqdir.
Buning uchun, avvalo, darslikdagi mavzularning ko‘lami, davrlashtirilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘tgan asrning so‘nggi o‘n yilligida adabiyot darsliklaridagi o‘rganilish obyektlari bir qadar ko‘p, o‘rganilish uchun nazarda tutilgan ma’lumotlar keng qamrovli ekanini hisobga olgan holda adabiyot tarixi, adabiyotning siyosiy ijtimoiy hayotdagi o‘rni, uning inson ma’naviy kamoloti va atrof-muhitga ruhiy ta’siri singari keng ko‘lamli mavzular bir qadar boshqa fanlar tarkibiga kiritildi. Jumladan, adabiyot tarixi va uning o‘zi shakllangan ijtimoiy va siyosiy jarayondagi o‘rni ko‘lamidagi mavzular tarix fani tarkibiga, adabiyotning ijtimoiy, inson ruhiy kamolotidagi o‘rni, adabiyot yaratilishining milliy va umuminsoniy jihatlarini o‘zida aks ettiruvchi mavzular “Milliy istiqlol g‘oyasi”, “Vatan tuyg‘usi”, tarbiyaviy soatlar tarkibiga kiritildi. O‘quvchilarni mustaqil izlanishga undash maqsadida o‘lkashunoslik mashg‘ulotlari fan to‘garaklari hamda fakultativlar tarkibiga o‘tdi.
5–11-sinf darsliklaridagi mavzular ko‘lamiga e’tibor bersak, darslikning mazmuniy tuzilishi shunday.
Birinchi, xalq og‘zaki ijodining o‘qitilishi, ikkinchi, mumtoz adabiyot, milliy uyg‘onish davri adabiyoti, XX asr adabiyoti, jahon adabiyoti va umumiy mavzu ichida nazariy ma’lumotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Mazkur bosh mavzularni o‘qitishda nimalarga e’tibor qaratiladi?
O‘rta maktablarning 5–11-sinflarida dastlab o‘rganiladigan mavzu xalq og‘zaki ijodi. Bunda kichik janrdagi asarlardan yirik hajmdagi asarlargacha bosqichma-bosqich o‘rganib borish nazarda tutilgan bo‘lib, 5-6-sinfda ertak, maqol, topishmoq, matal, latifa janrlaridagi asarlar o‘rganilsa, 7-sinfdan boshlab doston janrini o‘rganish, bunda voqean sodda asardan mazmuni keng qamrovli dostonlarni izchillik bilan o‘rganish, u orqali asar yaratilgan zamon va makon qonuniyatlarini hamda asardagi g‘oyani bugungi kun bilan bog‘lash jihatlarini o‘rganish ko‘zda tutilgan.
O‘quvchilarning tushunishini hisobga olgan holda antik adabiyot vakili Ezop va uning masallariga ham mavzu ajratilgan.
Mumtoz adabiyot vakillari Yassaviy, Navoiy, Lutfiy, Bobur, Atoiy ijodi, o‘rta asrlar turkiy adabiyot vakillari Mashrab, Furqat, Ogahiy, Nodira, Uvaysiy asarlari, Muqimiy lirikasi orqali adabiyotning klassik ko‘rinishi va uning milliy tafakkurdagi o‘rni, uning o‘n asrlik oraliqdagi ham shaklan, ham mazmunan shakllanishi haqida o‘quvchilarga ma’lumot yetkazish bilan birga adab berish funksiyasi yuzaga chiqadi.
Milliy uyg‘onish va jadid adabiyoti vakillari orqali ta’lim, maktab va erk haqidagi qarashlarni o‘quvchilarning ongiga singdirib borish, o‘tgan asr odamlarining tafakkuri bilan bugungi kun qarashlarini solishtirish imkoniyati beriladi. Shu bilan birga shukronalik, qadrlash va anglash layoqatini shakllantirish nazarda tutilgan.
Mustaqillikkacha va mustaqillik davridagi o‘zbek adabiyotidagi yangilangan shakl, yangilangan mazmun va tafakkur o‘quvchilarga begona emas. O‘quvchilar o‘zi mansub bo‘lgan jamiyat va odamlarga munosabat bildirishi osonroq kechadi va ular atrofdagi insonlar qilmishini asardagi qahramonlar kechmishidan kelib chiqib baholaydilar, munosabat bildiradilar va tushuntira oladilar.
Adabiyot ilmining yana bir tomoni sanalgan chet el adabiyoti vakillarining hayoti va ijodini o‘rganish, ular tomonidan yaratilgan asarlarning inson badiiy tafakkuriga ta’sirini o‘rganish har bir sinf adabiyot darsligida alohida o‘rin tutadi. 5-sinf dasturida Xans Kristian Andersen, Antuan de Sent Ekzyuperi, Ezop va Nodar Dumbadze asarlari, 6-7-sinflarda Janni Rodari, Musa Jalil asarlari jamlangan. 8–11-sinflarda o‘quvchilarning yoshi, dunyoqarashi va fikrlashi nuqtayi nazaridan kelib chiqib ijodkorlarning asarlari tanlangan bo‘lib, bu asarlar o‘rgatilishidan o‘quvchi o‘zbek va jahon adabiyoti degan tushunchani anglashi, jahon tafakkuri, ya’ni umuminsoniy tafakkur bilan milliy tafakkur haqida mufassal tushunchaga ega bo‘lishi, obrazlarni o‘rganish orqali muqoyasa qilishi shakllantirilishi maqsadi ko‘zda tutilgan. Bu esa o‘quvchining yurt atalmish qo‘rg‘onning ichidagi manbalar bilan kifoyalanmay, milliylikning o‘zi bilangina yashamay, umuminsoniyatga daxldor g‘oyalarni o‘rganishi va ulardan kelib chiqib o‘ziga munosib yo‘l va ideal tanlashi imkonini beradi.
Har bir bo‘lim o‘quvchining mustaqil fikrlashi, anglash va anglata olish malakasini shakllantirish uchun xizmat qiladi.
Adabiyotshunoslikning yirik turi sanalgan nazariy ma’lumotlarning o‘rta maktab o‘quvchilariga o‘rgatilishi so‘zning qudrati va imkoniyatlari ko‘rsatilishi jihatidan alohida o‘rin tutadi. Maktab dasturida 5-sinflarda hikoya janri, she’r haqida tushuncha, 6–8-sinflarda ham qissa, ham hikoya janri, she’riy san’at, aruz vazni va dramatik janrlar haqidagi tushunchalar va 9–11-sinfda faqat roman janriga oid asarlarga alohida soatlar ajratilmagan bo‘lsa-da, takrorlash, mustahkamlash darslarida, mustaqil o‘qish va badiiy tahlil kechimlari va fakultativlarda o‘quvchilarga ma’lumotlarni yetkazish muhim. Shuning uchun ham o‘qituvchi o‘ziga aniq bir maqsadni belgilab olishi lozim bo‘ladi. Bizningcha, bunday saboqlarning maqsadi, o‘quvchilarga milliy adabiyotimiz va uning o‘ziga xos jihatlarini anglatish asosida milliy o‘zlik va milliy qadriyalarga hurmatni anglatish, so‘zga muhabbatni shakllantirish, 5–11-sinflar uchun badiiy asardan kelib chiqib, nazariy ma’lumotlarni anglatish va yodda saqlab qolish, yozuvchi tarjimayi holi bilan ishlashga o‘rgatish layoqatini shakllantirish, bunday ma’lumotlarni o‘rganishdagi o‘ziga xos jihatlarni tushuntirish va uni badiiy asar misolida o‘rganishga rag‘batlantirish, o‘smirlarga o‘zlarining va o‘zgalarning tuyg‘ulariga odilona munosabat bildirish va mustaqil fikrini bayon eta olishlariga ko‘maklashishdan iborat.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, o‘rta maktablarda adabiyot ilmini o‘rganishda, avvalo, darsliklarning tuzilishi muhim ahamiyatga ega. Darsliklar o‘quvchi yoshiga mos bo‘lishi, o‘quvchilarning ruhiy-hissiy qarashlarini inobatga olgan holda o‘rganish uchun obyekt tanlanishi muhim sanaladi. Bundan tashqari, badiiy asarni tahlil qilish yo‘nalishida nazariy ma’lumotlarning kiritilishi adabiyot bu o‘quvchiga odob-axloqni o‘rgatuvchi vosita sifatidagi qarashni yo‘qqa chiqarib, adabiy asar sof badiiy-estetik hodisa ekanligini yanada oydinlashtiradi.
Xurshida NISHONOVA,
Shohida NISHONOVA,
Namangan shahridagi 43-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari