“Bolam birinchi sinfga chiqadi, ammo…”
Kechagina toy-toylab qadam tashlayotgan bolakay hash-pash deguncha maktab yoshiga yetib qoldi. Bundan juda xursandman. Ijtimoiy tarmoqlarda maktab darslari ham an’anaviy, ham onlayn davom etishi mumkinligi haqida o‘qib qoldim. Darslar masofadan o‘tilishi bir qancha yengilliklar yaratadi albatta.
Ota-ona uyda yaxshi “ustoz” bo‘lsa, o‘qituvchilar ham mas`uliyat bilan yondashsa, muammo yo‘qdek. Onlayn darslar 2–11-sinflarda qiyinchilik tug‘dirmas, ammo bu men kabi bolasini bu yil maktabga chiqaradiganlar qalbiga g‘ulg‘ula tushirdi.
Darslar boshlangach masofadan ishlab, uyda bolamning darslari bilan iloji boricha o‘zim shug‘ullanaman. Lekin keling, tan olaylik, ustoz baribir ustozda! O‘yinqaroq bolajonimning qaysarliklariga chidab, qo‘llaridan ushlab yozdirolarmikanman? Harflab, bo‘g‘inlab o‘qitib savodini chiqarolarmikanman? Yoki bu yil maktabga chiqarmay turaymi, degan savollar tinchlik bermayapti. Bunday savollar nafaqat meni, farzandi birinchi sinfga chiqadigan barcha ota-onalarni qiynamoqda. Maktab darslari qanday o‘tilishi haqida qaror chiqarilayotganda 1-sinflar haqida aniq gap aytilmagan. Bizning fikrlarimiz ham inobatga olinishini xohlardim. Zero, barcha bilimlarning poydevori 1-sinfda qo‘yiladi.
Shoira AZIMOVA