“Tarbiya”ning qaytishi
Insoniyat taraqqiyotida avloddan-avlodga o‘tib, izchil rivojlanishni ta’minlaydigan xazinalar ko‘p: kelajakka meros qoladigan uy-joy, mol-mulk va, albatta, tarbiya. Ularning dastlabki ikkisi yana boshqa shunday boyliklar bilan qo‘shilib, tiriklikning moddiy asosini ta’minlasa, tarbiya bu borada yashashning ma’naviy asosi bo‘lib xizmat qiladi. Tilimizdagi “tarbiya” so‘zi arabchadagi “robbi” — yaratuvchi so‘zi bilan bir o‘zakdan.
Qolaversa, tarbiyani ota-onadan farzandga qoladigan eng katta boylik ham deb baholaydilar (Maqol: “Olmaning tagiga olma tushadi”). Dunyoga endi kelgan zurriyot ham yashashning ilk saboqlarini ota-onadan oladi (Maqol: “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”). Farzand voyaga yetib, jamoaga qo‘shilar ekan, odamzod osmonida yangi bir yulduz paydo bo‘lgandek tuyuladi, atrofdagi hamma unga qaraydi, u doim jamoaning nazarida (Maqol: “Bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona”). Jamiyatning bir teng huquqli a’zosi ana shunday so‘qmoqlardan o‘tib, insoniyat olamiga qo‘shiladi. Bu hol go‘zal turmush tarzimizda ajib bir tarzda mazmun kasb etgan: bir farzand bilan butun jamoaning ezgu orzulari ulg‘ayib boradi, undan (zurriyotdan) dunyoning koriga yaraydigan bir bunyodkor paydo bo‘lishini istaydi. Xalqimizning azaliy turmush tarzi ana shunday mezonga asoslangan, yaxshidan hamma baravar quvonadi. Aksincha, yomondan hamma birdek aziyat chekadi.
Bunday munosabat bizda tarbiyaning ijtimoiy qiyofasini tayin etadi. Demak, tarbiya hammaning har kuni qiladigan ishi. Azaldan turmush tarzimizda tarbiyaga qattiq amal qilingan, dasturxon atrofida, o‘qish, mehnat jarayonlarida, ko‘cha-ko‘yda yurish-turishda kattalar muttasil yoshlarga tanbeh borib borishlari odat tusiga kirgan, shundan bolalar ham o‘ziga hushyor, atrof-tevarakka tarbiyali munosabatda bo‘lishga harakat qilib o‘sishgan. Keksalarga ro‘baro‘ bo‘lish xuddi qattiqqo‘l ustozga imtihon topshirgandek mas’uliyatli bo‘lgan, shundan hadeb ularga duch kelinavermagan, agar kattalar gaplashib turgan bo‘lsa, boshqa ko‘chadan aylanib o‘tilgan. Tarbiyaning yuki shu darajada og‘ir bo‘lgan (hozir ham shunday tartiblar amal qiladigan qishloqlar juda ko‘p). Tarbiyaga jiddiy e’tibor berilganidan ta’lim ham tarbiyaning bir bo‘lagi deb qaralgan, ilm o‘rganish, aslida, tarbiyani ilmiy o‘rganish usuli bo‘lgan. Tarbiyali odamning bir fazilati uning ilmli ekani ham hisoblangan.
Afsuski, keyingi asrlarda tarbiya tor oilaviy masala sifatida cheklanib, ilm – ta’lim yetakchi o‘ringa chiqdi. Kishi faoliyatiga ilmiga qarab baho beriladigan bo‘ldi va bu bahoning mezonlari ishlab chiqilib, ijtimoiy hayotda majburiy qilib qo‘yildi. Ilm hamma yo‘llar bilan rag‘batlantirildi, o‘qish-o‘qitish muassasalarida ta’lim yo‘nalishiga urg‘u berildi, ilmiy unvonlar joriy qilindi: fan nomzodi, doktori, professor, akademik... Bu holning sababi – milliy qadriyatlarga o‘t ochilgan va insonga katta mexanizmning bir vinti deb qaralgan tuzumda yaratuvchining kimligi emas, uning mehnat mahsuli lozim edi (Maqol: “Taka bo‘lsin – sut bersin”). Tarbiya esa tomiriga suv yetmagan daraxtdek qurib boraverdi. Ana shunday bir tomonlama yondashuv tufayli odamzod “oqibatda, ilm-u urfon-(ta’lim)da eng baland nuqtaga — apogeyga yetdi. Dunyoning bundan keyingi taqdirini esa TARBIYA hal qiladi” (2009-yilda yozilgan “Janob” Tarbiya” maqolasi shu so‘zlar bilan yakunlangan). Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, ilm tufayli odamzod aqli butun galaktikani kezib chiqdi, odamning shisha naychadagi namunasi — klon yaratildi, viruslardan ajal quroli sifatida foydalanish mumkin bo‘ldi va hokazo. Ma’naviyat esa tubanlashib, bir jinsli nikoh va boshqa ko‘rguliklargacha borildi. Ikki oyoqli xilqat ba’zi qiliqlari bilan to‘rt oyoqli hayvonni ham ortda qoldiradigan bo‘ldi. Demak, hechdan ko‘ra kech, deganlaridek, vaziyatni o‘nglash uchun keskin choralar ko‘rish lozim bo‘lib qoldi. Ana shunday sharoitda mamlakatimizda zamon so‘roqlariga hozirjavoblik bilan Tarbiya darslarining joriy qilinishi ayni ko‘ngildagi ish hisoblanadi.
Tarbiya har lahzada kerak bo‘ladigan amal. Gavjum shahar transportiga chiqib olgan odam shundoq eshikning oldida turib qoladi, yo‘lovchilar uni turtib, u yoq-bu yoqqa o‘tadilar, biroq u bir qadam ichkariga kirishni, chunki bu joy bo‘sh, fahmlay olmaydi. Noz-ne’mat to‘la dasturxon atrofida o‘tirganda tanovul qilishni nimadan, qanday boshlash lozim – hamma bilavermaydi. Qachon qo‘l olib ko‘rishiladi, qachon bosh irg‘ab salomlashiladi – va hokazo millionta mayda ikir-chikirlar. Ularning odobini bilmay, ko‘pga ergashib ham yuraverish mumkin, lekin uzukni barmoqqa, bilaguzukni qo‘lga taqish madaniyat hisoblanadi. Ko‘p takrorlanadigan MADANIYAT degan katta boylik ana shunday mayda unsurlardan tashkil topadi. Madaniyat joriy bo‘lgan tuzum madaniyatli hisoblanadi va unda g‘ayriinsoniy qiliqlarga o‘rin bo‘lmaydi – tariximiz ana shunday jannatoro davrlarni ko‘rgan. U paytda iqtisodiyot, ilm-fan, san’at yuksalgan, bu yuksalishni madaniyat ta’minlagan.
Ko‘p asrlik tajriba va zakiy olimlarning sa’y-harakati bilan tarbiyaga doir ulkan ilm shakllangan. Hozirgi axborot asrida ana shu ilmdan xabardor bo‘lmay, chin ma’nodagi komil inson bo‘lish mumkin emas (bexabar bo‘lsa, umri qiyinchilikda o‘tadi xolos). Bu ilmga kirishishdan oldin bir aniq holni e’tirof etish lozim: ijtimoiy borliqda paydo bo‘lgan zurriyot ilk tarbiyani ota-onasidan oladi! Hatto tarbiya unsurlarini irsiy ham deyishadi (Maqol: “Qazisan – qartasan, bir kun aslingga tortasan”). Tarbiyaning biologik genlardan o‘tish hodisasidan tashqari tarbiyada homilaning qanday luqma (halol yo harom) bilan ulg‘aygani asosiy o‘rin oladiki, hatto tarbiyani moddiy hodisa, deyish ham mumkin. Shunday ekan, halolidan buyursin, “harom luqma bilan ulg‘aygan bola do‘zaxga o‘tin bo‘lishdan boshqasiga yaramaydi” (Hadisdan). Ha, insoniyat dunyosining talablari shafqatsiz, bitta yaxshi insonning dunyoda qoyim bo‘lishi uchun qancha shartlar lozim – shuning uchun atrofimizda yaxshi odamlar kam.
Shunday mulohazalardan kelib chiqib, tarbiyani ichki (botiniy; fitriy) va tashqi (zohiriy; kasbiy) yo‘nalishlarga ajratadilar. Professor Abdurauf Fitrat 1914-yilda yozilgan “Oila” risolasi(kitob 1998-yili “Ma’naviyat” nashriyotida bosilgan)ning ikkinchi qismida farzand tarbiyasi masalasiga batafsil to‘xtaladi (risolaning birinchi qismi uylanish zarurati va mas’uliyati masalalariga bag‘ishlangan) va olim tarbiyani uch qismdan iborat deb hisoblaydi: 1) Badan tarbiyasi (ovqatlanish, uyqu, poklik, harakat).
2) Aqliy tarbiya. Tashqi ma’lumot manbalari (ko‘z, quloq, til, burun, teri) orqali; ichki ma’lumot manbalari (his, aql, diqqat, idrok, xotira, muhokama) orqali. 3) Axloqiy tarbiya. Fe’l (tasavvur, muhokama, solishtirish, qaror, ijro); mayllar (shaxsiy, ijtimoiy, oliy) orqali inson shaxsining yuksalishiga ta’sir etish. Har bir atama milliy sharoitdan kelib chiqib batafsil izohlanadi. Bunda jadid bobomizning islom dini arkonlari bilan birga Yevropa ilmidan ham chuqur xabardor ekanligi ma’lum bo‘ladi. Bu hol risolaning qimmatini oshiradi.
Risolada har bir tarbiya bo‘g‘iniga alohida ta’rif berilar ekan, ularni takomillashtirish va amaliyotga joriy etish usullari dunyo ilmidagi qoidalar orqali tushuntiriladi. Albatta, bu qarashlar bir muallifning o‘zi kashf qilgan, dunyoviy ilmlarga asoslangan va mavjud ijtimoiy hayot(XIX asr, Buxoro)dan olgan misollari asosidagi ilmiy xulosalari. Risola o‘z paytida O‘rta Osiyo ilmiy jamoatchiligi o‘rtasida ancha mashhur bo‘lgan. Fitrat domlaning qo‘liga qalam tutqazgan masalalar esa xalqimiz madaniy saviyasining rivojlangan davlatlar, xususan, muallif o‘zi ko‘rgan yurtlar darajasidan pastligi bo‘lgan. Bu hol turmushning barcha jabhasida, jumladan, ajralishlarda ham aks etayotgandi. Oilalar buzilishining ko‘pligini “Biz turkistonliklar o‘rtasida axloqiy fazilat va islomiy tarbiya joriy etilmagani va undan mahrum bo‘lganimiz sababli” deb sharhlaydi. Bu masalaning juz’iy tomoni. Tarbiya shunchalik nochor yo‘lga qo‘yilganki, musulmon birodarlarimiz biron sohada kamolga yetishni o‘ylamaydilar. Odamlarning loqaydligidan iztirob chekib, shunday yozadi Fitrat: “Bitta yahudiy savdogar qancha turkistonlik savdogarlarning ko‘zini bog‘lab qo‘yadi yoki bir armani qancha buxorolik duradgorni qoyil qilib qo‘yadi” deydi va shunday savol qo‘yadi: “Nima sababdan?”. Javob esa juda oddiy: “Chunki ular bilag‘on: muhokama, mulohaza va tafakkur qiladiganlardir”. Bizning mardumlar esa taqdirga tan berib, “chordona qurib o‘tiraveradilar” (Bu holning shu kunlardagi ko‘rinishi: masjidga yuguradilar va hamma narsani Xudoga tashlab, osmondan chalpak yog‘ishini kutib o‘tiraveradilar. Harakat yo‘q yoki joiz emas). Ko‘rinib turibdiki, bir asr oldin qalamga olingan muammolar bugun ham begona emas.
Olim bunday noxush holning sababini tarbiyaning naqadar ibtidoiyligida, deb biladi va o‘z millatdoshlarini dunyo tajribasi, ilmidan bahramand etish uchun shu risolasini yaratadi. Ochig‘i, bunday ilmiy va didaktik adabiyotlar yetarli, hayot esa yangi muammolarni ko‘ndalang qo‘yaveradi. Bugungi kunda yosh avlod tarbiyasi har qachongidan ham dolzarb. Masalaning nozikligi shundaki, axborot vositalari o‘ta ko‘p va ularni jilovlashning iloji yo‘q. Shunday sharoitda shaxs tarbiyasi masalalarning masalasi bo‘lib maydonga chiqayapti. Shaxs kamolotida tarbiyani idish, ta’limni unga quyiladigan suyuqlik, ma’lumotni esa suyuqlikning nimaligi: sharobmi, sharbatmi yoki oddiy suvmi — shunga qiyoslash mumkin. Yoxud tarbiya — libos, ta’lim — cho‘ntakdagi pul. Xullas, bu borada qiyoslar ham, mulohazalar ham yetarli. Umuman, kuzatishlarimni tartibga solib va tarbiyaning dolzarbligi hamda ijtimoiy ahamiyati yuqoriligini aniq misollar bilan dalillab, bir maqola yozgandim va u “Tarbiyani yashirib bo‘lmaydi” degan sarlavha bilan “Hurriyat” gazetasining 2010-yil 10-fevral sonida bosilgandi. Maqola yaxshi kutib olingan, mushtariylar ancha jo‘yali fikrlarni izhor etishgandi. Keyin uni yana ham mukammallashtirdim va “Janob” Tarbiya” degan nom bilan “Umid manzili” (“O‘zbekiston” nashriyoti, 2016-yil. 30–56-betlar) kitobimga kiritdim. Bu sa’y-harakatlardan maqsad — bir fuqaro, qolaversa, 10 yil maktabda o‘qituvchilik qilgan ustoz sifatida Tarbiyaning inson hayotidagi muhim o‘rnini ta’kidlash, shu bilan birga jamiyatda, o‘qitish tizimida unga lozim darajada jiddiy ahamiyat berilishi shartligini uqtirish edi.
Taraqqiyotning hozirgi bosqichida savod o‘rgatish yoki ma’lumotli qilish deyarli har bir kishining shaxsiy ishi va muammosiga aylandi. Davr shu darajada taraqqiy etdiki, endilikda ilmli bo‘lmay yashashning umuman iloji qolmadi. Shunday sharoitda bu masala keyingi qatorga o‘tdi, deyish mumkin. Zotan, shaxsning kimligi, borliqqa munosabati, uning ichki olami asosiy o‘ringa chiqdi. Fikrlar, manfaatlar kurashida kimning yutib chiqishi emas, qanday odamning (yoki g‘oyaning) yutib chiqishi muhim bo‘lib qoldi. Keyingi sa’y-harakatlar ishlab chiqarishni rivojlantirish, unumdorlikni oshirish yoki mo‘l-ko‘l mahsulot yaratish emas, dunyoni shu boricha ushlab turishga qaratilmoqda: qurollanishning haddan oshib ketgani, ekologik va boshqa anomal fojialar endi taraqqiyot tezligini jilovlashni taqozo etmoqda. Ana shunday tahlikali sharoitda tarbiya masalasi, ya’ni insonning madaniyati masalasi yetakchi o‘ringa chiqdi. Bu — haqiqat. Albatta, maktablarimizda joriy etiladigan Tarbiya darslari boy ma’naviy, tarixiy merosimizning eng nodir durdonalari asosida tuziladi va kelajak avlodimizning dunyo tamaddunida o‘z o‘rnini tayin etadigan kishilar bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.
Hakim SATTORIY