O‘quvchi hunarmand bo‘lmoqchi, o‘qituvchida nima ayb?
So‘nggi yillarda ta’lim tizimida juda ko‘p ijobiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Ushbu tizimga oid ko‘plab qaror va farmonlar imzolanib, amaliyotga joriy etilmoqda. Ularga muvofiq bu sohada ishlovchi kadrlarning ishi birmuncha yengillashtirildi, keraksiz qog‘ozbozliklarning oldi olindi, o‘qituvchilar mavqeyi va ish haqi oshirildi. O‘zbekiston xalqaro baholash dasturilarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Lekin ayni paytda ta’lim sohasida shunaqangi ko‘p qarorlar qabul qilinmoqdaki, ba’zilari bir-biriga mos kelmaydi, yoki biri ikkinchisini bekor qilib qo‘yadi. Ko‘pchilik muhokamaga qo‘yilgan qarorlar, takliflar qaysidir davlat ta’lim tizimini misol qilib ko‘rsatish bilan boshlanadi. Lekin bu qanchalar to‘g‘ri, o‘zimizga xos milliy ta’lim tizimini yaratish mumkin bo‘lganda boshqanikini moslashtirib nima qilamiz?! Ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida dars soatlari qisqartirildi, buning oqibatida milliy til kamsitildi va bu bilan ko‘plab ushbu sohada dars beruvchi pedagog kadrlar ishsiz qolish arafasida turibdi. Bu masala yuzasidan matbuotda va ijtimoiy tarmoqlarda asosli noroziliklar bildirildi, lekin bunga hali hamon biror chora ko‘rilgani yo‘q.
Ikkinchidan, hozir o‘quvchi maktabda olishi kerak bo‘lgan bilim va malakasiga qo‘yilgan talablar bilan o‘qituvchi ish faoliyatiga qo‘yilgan talablar bir-biriga mos kelmay qolayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Ya’ni, bundan bir necha yil avval o‘qituvchilarni baholashda ularning ijodkorligi, dars o‘tish mahorati, jamoat ishlarida faolligiga qaralardi, ammo o‘quvchi maktabdan keyingi bosqichda bir-biridan qiyin testlar bilan sinalib kelindi. Hozir ham shunday. O‘qituvchi faoliyati faqat test bilan o‘lchanadigan bo‘lib qoldi. Bu holatda, demak, o‘zgarish bo‘ldi deb emas, o‘rin almashdi deyishimiz mumkin. Ya’ni avval o‘qituvchiga qo‘yilgan talab bilan o‘quvchiga qo‘yilgan talabning o‘rni almashdi xolos. Oxirgi xabarlarga qaraganda maktab o‘qituvchilarining oylik maoshi, olinadigan ustama haqlar maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtiga kirish ko‘rsatkichlariga qarab belgilanadi. Bu qanchalar to‘g‘ri, axir maktab o‘quvchilarining barchasi oliy o‘quv yurtiga kirishni emas, hunarmandchilik qilishni istasa, yoki o‘qish xarajatlariga imkoniyati bo‘lmasa, bu nima uchun o‘qituvchi faoliyatiga, oylik maoshiga ta’sir qilishi kerak? Maktabda olingan baholar, ko‘rsatkichlar o‘quvchi uchun muhim
ahamiyat kasb etsa, qandaydir imtiyozlar bersa, oliy ta’lim imtihonlari maktab dasturiga to‘la mos kelsa o‘quvchiga ham, o‘qituvchiga ham yaxshi bo‘lardi. Ra’no NURMETOVA, Amudaryo tumanidagi 40-maktab o‘qituvchisi