Toshkentdagi maktablar faoliyati bosqichma-bosqich tiklanadi
Bugundan Toshkentdagi bir necha umumta’lim maktablarida Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan sanitariya-gigiena talablari asosida ta’lim jarayonlari boshlandi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati ma'lum qildi.
Bugun Shayxontohur tumanidagi 40-, Sergeli tumanidagi 266-, Bektemir tumanidagi 289-, Uchtepa tumanidagi 295-maktablarda yangi o‘quv yili boshlandi. Ushbu maktablarning barchasi mukammal ta’mirdan chiqqan bo‘lib, zamonaviy ko‘rinish, sharoit va qulayliklarga ega. Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida ta’lim o‘quvchilar orasida masofa saqlagan holda olib borilishi uchun barcha choralar ko‘rilgan.
Eslatib o‘tamiz, Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov maktablar ochilishi borasida fikr bildirib, bu bo‘yicha qarorni faqatgina barcha shahar va tumanlarning mahalliy Kengash deputatlari maktablarning haqiqiy tayyorligi, hududdagi sanitariya-epidemiologik holat va sog‘liqni saqlash tizimi imkoniyatidan kelib chiqib, qabul qilishini aytib o‘tgan edi.