Masofaviy ta’lim imkoniyatlari
Pandemiya kishilik jamiyatini og‘ir sinovlarga duchor qilib, ko‘plab sohalarda yangilanish va o‘zgarishlar yuz berishiga sabab bo‘ldi. Ana shunday o‘zgarishlardan biri mamlakatimiz ta’lim sohasiga onlayn ta’limning kirib kelishi bo‘ldi.
Masofaviy ta’lim to‘g‘risidagi ma’lumotga ilk bor o‘quvchilik davrimda duch kelganman. “Chet mamlakatlar iqtisodiy geografiyasi” fanidan “Avstraliya” mavzusini o‘rganayotganimizda olis, cho‘l hududlar aholisining farzandlari radio vositasida o‘qitilishi haqida bilganmiz. O‘tgan asr oxiri va asrimiz boshlariga kelib internet va telekommunikatsiya vositalarining rivojidagi yutuqlar masofaviy ta’limni yangi bosqichga olib chiqdi. Ko‘plab rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar ta’lim tizimi, ayniqsa, oliy ta’limda masofaviy ta’limdan keng foydalanishga o‘tildi. Ammo mamlakatimizda ta’limning bu yo‘nalishiga e’tibor qaratilmadi. Bunga, nazarimda, oliy ta’limda chuqur ildiz otgan korrupsiya sabab bo‘ldi. Chunki masofaviy ta’lim joriy etilsa, qabul jarayonidagi korrupsiya ildiziga bolta urilgan bo‘lardi.
Xullas, masofaviy ta’limga pandemiya sabab e’tibor qaratishga majbur bo‘ldik. Shunday ekan, ta’lim tizimi oldida ikki yo‘l: tayyor andozalardan ― xorijiy mamlakatlar tajribalardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish yoki milliy mentalitetimiz va mamlakatimiz imkoniyatlariga mos keladigan, yangi “Milliy ta’lim” tizimini yaratish ko‘ndalang bo‘lib turibdi.
Yaqindagina Respublika ta’lim markazi tomonidan o‘tkazilgan “Umumiy o‘rta ta’lim sifatini oshirish: mazmun, metodologiya, baholash va ta’lim muhiti” mavzusidagi xalqaro onlayn ilmiy-amaliy konferensiyada ham masofaviy ta’lim masalalariga e’tibor qaratildi. Xalqaro ekspertlarning ma’ruzalaridan anglashildiki, masofaviy ta’lim hali dunyo mamlakatlarida ham rivojlanish bosqichida ekan. Demak, biror mamlakat ta’lim tizimini andoza sifatida qabul qilishga erta. To‘g‘ri, bu borada ayrim mamlakatlar qator yutuqlarga erishgan. Ammo qolip sifatida qabul qilsa bo‘ladigan tizim yaratilganicha yo‘q.
Salkam 40 yillik ish tajribasiga ega amaliyotchi pedagog sifatida o‘qituvchilarimiz salohiyati, ota-onalar va o‘quvchilarning ta’limga munosabatini yaxshi bilaman. Pandemiya sharoitida ta’lim tizimidagi vaziyat va konferensiyadagi ishtirokimdan so‘ng masofaviy ta’limni rivojlantirish imkoniyatlari haqidagi fikr-mulohazalarim bilan o‘rtoqlashishni lozim topdim. Mamlakatimizda mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, ijtimoiy muhit va mentalitetimizni hisobga olgan holda bir qator yangiliklarni ta’limda dadillik bilan qo‘llash mumkin degan xulosaga keldim.
Barcha sohalarda yurtimiz imkoniyatlari va darajasini boshqa mamlakatlar bilan solishtirganda, odatda salbiy fikrlarni eshitishga o‘rganib qolganmiz. Ammo so‘nggi yillarda ta’limdagi o‘zgarishlarni har qanday salbiy fikrlovchi inson ham tan olsa kerak. Uzoqqa bormaylik, karantin boshlanishi bilan teledarslar yo‘lga qo‘yilishi mazkur e’tiborning yaqqol isbotidir. Xo‘sh, biz ushbu imkoniyatlardan qay darajada foydalandik?
Avvalo, teledarslarni efirga joylashtirish strukturasida bir qator xatoliklarga yo‘l qo‘yildi.
Birinchidan, teledarslar uchta telekanalda 1–4, 5–8, 9–11-sinflar kesimida tashkil etildi. Bir qarashda barchasi to‘g‘ri va mantiqiy joylashtirilgandek tuyuladi. Ammo ...
Ikkinchidan, darslar sinflar ketma-ketligida, ya’ni bir sinfning darsi to‘liq o‘tilib bo‘lgach, ikkinchi sinfning darsi boshlanishi tartibida joylashtirildi. Bu yerda ham bir qarashda barchasi to‘g‘ridek tasavvur uyg‘onadi. Ammo...
Uchinchidan, teledars mashg‘ulotlarida uyga vazifalar, savol va topshiriqlarning javoblari teledarslarni o‘tayotgan o‘qituvchilar tomonidan jarayonning o‘zida aytib ketildi. Bu esa o‘quvchilarni mavzu, savol va topshiriqlar ustida ishlashdan, eng muhimi, fikrlashdan biroz to‘xtatadi. Ko‘pchilik bu fikrga teledarslarda dars bosqichlarining barchasini qamrab olish uchun shunday qilinishi kerak, deya e’tiroz bildirishi mumkin. Ammo...
Endi mana shu “ammo”larni tahlil qilsak. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ko‘p bolali oilalarda odatda farzandlar orasidagi yosh tafovuti 2-3 yil. Aksariyat oilalarda esa bir dona televizor bor. Bu ko‘plab oilalarda aka-uka va opa-singillar uchun dars vaqtining parallel kelib qolishiga olib keladi. To‘g‘ri, bu muammoni to‘liq hal qilish imkoniyati yo‘q. Ammo sinflar joylashishini o‘zgartish hisobiga parallellikning oldini olish mumkin. Bunda yana bir muammo ― boshlang‘ich sinflari darslarining efirga kech uzatilishining ham oldi olinadi. Amaldagi jadval bo‘yicha 4-sinf o‘quvchilari uchun darslar kunning ikkinchi yarmida efirga uzatiladi.
Uzoq yillik faoliyatim davomida shunga amin bo‘ldimki, ikki smenada dars o‘tiladigan maktab rahbarlari, o‘quvchilarning va o‘qituvchilarning manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yuvchi ikki toifaga bo‘linar ekan. Ya’ni, birinchi toifa rahbarlar boshlang‘ich sinflar darslarini birinchi smenaga, ikkinchi toifa rahbarlar esa ikkinchi smenaga qo‘yishadi. Birinchi holat o‘qituvchilar uchun biroz qiyinroq bo‘lsa-da, o‘quvchilarning o‘zlashtirishi yuqori bo‘ladi. Ikkinchi holatda esa aksincha. Hozirgi teledars jadvallari esa, afsuski, ikkinchi toifa maktablari kabi tuzilgan.
Shu nuqtayi nazardan, dars jadvaliga o‘zgartish kiritish orqali muammolarga qisman bo‘lsa-da yechim topish mumkin. Masalan, teledarslarning uchta telekanal orqali uzatilishini e’tiborga olgan holda birinchi soatga 1-, 2-, 3-sinflarning, ikkinchi soatga esa 4-, 5-, 6-sinflar darslarini joylashtirish boshlang‘ich sinflarga ertaroq dars o‘tilishi, darslar orasida tanaffus bo‘lishi, oiladagi o‘quvchilar darslarining parallel kelish ehtimolini kamaytirish imkoniyatini oshiradi.
Ikkinchidan, dars soatlari orasida tanaffus bo‘lishi bolaning charchamasligi, darslardan zerikmasligi, eng muhimi, o‘quvchilar ko‘zlari tolib qolmasligi uchun zarur. Yuqori sinflarning darslari esa oldingi sinflar o‘rniga yuqoridagi tartibda va ketma-ketlikda joylashtirilib boriladi.
Uchinchidan, teledarslarning eng muammoli jihati dars jarayonida savol va topshiriqlarga o‘qituvchi tomonidan javob berilishidir. Bu esa o‘quvchilarning dangasaligini oshirib, ularni fikrlashdan to‘xtatadi.
Mazkur teledarslarni suratga olishda aytilgan muammolarni e’tiborga olish zarur. Xo‘sh muammoni qanday hal qilish mumkin? Agarda teledarslar oldingi qolipda suratga olinishda davom ettirilsa, samaradorlikni keskin pasaytirib yuborishi shubhasiz. Shuning uchun suratga olishda darslarning tarkibiy tuzilishini ham, mazmunini ham o‘zgartirish kerak. Bunda asosiy e’tibor yangi mavzuni tushuntirish va mustahkamlashga qaratilib, uyga vazifa va topshiriqlarni tekshirish va baholash fan o‘qituvchilariga qoldirilishi kerak.
Men ko‘proq o‘z mutaxassisligim bo‘lgan tarix fanidan teledarslarni kuzatib bordim. Nazorat-sinov darsini olib borayotgan o‘qituvchining holatiga kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaysan kishi. O‘qituvchi test savollarini e’lon qilgach, o‘n-yigirma soniyadan so‘ng o‘zi javobini aytmoqda. Mana shu vaziyatda o‘qituvchining javoblarni e’lon qilishi qanchalik shart? Axir, u butun respublikadagi o‘quvchilarni baholay olmasligi aniq-ku. Savollarni e’lon qilib, nari borsa murakkab testlarni ishlash texnologiyalari haqida tushuncha bersa kifoya. O‘quvchilar test javoblarini fan o‘qituvchilariga topshirib, baho olishi mumkin. Javoblarini teledarslardan olgan test topshirig‘ining baholanishi sinflarda uchrab turadigan ko‘chirmakashlikning yangi shakli bo‘ldi, menimcha.
Taklifim: yangi teledarslarni suratga olishda uyga vazifalarni tekshirib, baholashni fan o‘qituvchilariga qoldirish kerak. Agar onlayn darslar davom etadigan bo‘lsa, maktablar tashkil etgan “Kundalik.com” dasturi yoki telegram kanallaridagi guruhlari orqali o‘quvchilar o‘z o‘qituvchilariga javoblarni yuborib haqqoniy baholarini olishsin.
Qolaversa, yuqori sinf o‘quvchilari uchun “Zoom” dasturi orqali videokonferensiya shaklidagi darslarni ham tashkil etish mumkin.
Normamat ESHONQULOV,
Oltinsoy tumanidagi 63-maktabning tarix fani o‘qituvchisi