Maktab repetitorlikdan o‘zishi mumkin, agar…
Hali-hanuz joylardagi mahalliy hokimlik vakillarining maktablar faoliyatiga asossiz va noqonuniy aralashuvlari yuqoriligicha qolmoqda. Yoki joylardagi mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari doimiy tarzda o‘zlarining “reja”larini bajarish uchun 45 daqiqalik dars jarayonini buzgan holda mantiqsiz fotosessiyalarni uyushtirib, o‘qituvchi va o‘quvchilarni asosiy vazifalaridan chalg‘itishmoqda.
Shu yilning 15-iyulida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz: “Avvallari o‘qituvchilar 3 oy paxta, 15 kun pilla bilan ovora bo‘lardi”, deb ta’kidladi. So‘nggi uch yilda bu tizimning bekor qilingani biz, o‘qituvchilar “Bizning ko‘ksimizga ham shamol tegarkan-ku!” deyishimizga asos bo‘la oladi. Biroq ba’zi chekka hududlarda bu holatning “innovatsion” ko‘rinishlari saqlanib qolmoqda. Ya’ni, shanba (asosan dars soati bo‘lmagan) va yakshanbada o‘qituvchilar paxta dalalariga chiqishi yoki o‘z hisobidan terimchi yollashi, ayrim maktablarda esa o‘qituvchilar tomonidan pilla uchun pul yig‘ishlar hali-hanuz mavjud.
O‘quv yili davomida tuman va viloyat XTB yoki yanada yuqori tashkilotlar xodimlari maktablarga kelib, o‘qituvchilarning ruhiyatini ko‘tarib, mavjud muammolarni o‘rganib, ularni bartaraf etish o‘rniga toki kamchiliklar topilmagunicha necha kunlab tekshiruvlarni amalga oshiradi. Agar hech qanaqa kamchilik topilmasa, navbat “komissiya”larning maktablardagi asosiy quroli hisoblanmish “davomat”ga keladi. Ota-onalarning aybi yoki e’tiborsizligi sababli maktabga kechikib kelgan yoki umuman kelmagan o‘quvchilar uchun sinf rahbari va fan o‘qituvchilari javob berishadi. Shuni unutmaylikki, maktablarda tekshiruvlar bo‘layotgan kunlarda o‘tilayotgan darslarning sifati buziladi! Shuningdek, biz o‘qituvchilar uchun eng katta va tobora keng ildiz otib borayotgan masala bu — ota-onalarning o‘qituvchilar bilan munosabati masalasidir. Hozirgi kunda deyarli 80–90 foiz ota-onalar haftada bir marta tugul, oyda bir marta ham o‘z ixtiyori bilan farzandining ertasini o‘ylab, ularning fanlarni o‘zlashtirishi, tarbiyasi va kelajagini maslahatlashish maqsadida maktabga kelmaydi. Achinarlisi shundaki, agarda farzandining aybi bilan maktabda biror tartibsizlik bo‘lsa, 20 daqiqaga qolmay, hozir-u nozir bo‘lishadi. Maktab ma’muriyati va fan o‘qituvchilari ustidan yuqori davlat organlariga shikoyat qiladi. Ko‘pgina hollarda ommaviy axborot vositalari va millionlab foydalanuvchiga ega turli ijtimoiy tarmoqlar ham o‘qituvchining bilib-bilmay bosgan birgina noto‘g‘ri qadamini ovoza qilish bilan vaziyatni yanada murakkablashtiradi.
Agar faqatgina qog‘ozda va qonunda saqlanib qolgan, amalda esa umuman bajarilmayotgan “fanlarni o‘zlashtirmagan, tarbiyasi og‘ir...” o‘quvchilarni sinfdan sinfga qoldirish tizimi qayta jonlanadigan bo‘lsa, yuqori sinflarda har yili har bir sinfdan o‘rtacha 20–25 foiz (bitiruvchi sinflarda esa bu ko‘rsatkich undan-da yuqori) o‘quvchilar sinfdan sinfga qoldirilishi kerak. Agar fan o‘qituvchisining vijdoni qiynalib, bu ishni amalga oshiradigan bo‘lsa, boshqa birorta ham maktablarda bunaqa holat kuzatilmayotgani ro‘kach qilinib, maktab ma’muriyati yoki boshqa mas’ul tashkilotlar tomonidan mazkur o‘qituvchi qistovga olinib, “o‘qituvchining o‘zi aybdor, fanini, mavzularni o‘quvchilarga yetkazib bera olmagan” bahonasi ostida unga chora ko‘riladi. Adolati o‘ziga jabr bo‘lishini anglagani uchun ham o‘qituvchilar ko‘pgina adolatsizliklarga ko‘z yumishga majbur bo‘ladi.
Hozirgi kunda abituriyentlarning 90–95 foizi nodavlat ta’lim muassasalarida repetitor o‘qituvchilar tomonidan belgilangan qolip asosida (faqatgina test yechishga) tayyorlanib, oliy o‘quv yurtlariga kirishmoqda. Chunki nodavlat ta’lim muassasalaridagi o‘qituvchilar har xil keraksiz qog‘ozbozlik, tadbirbozlik bilan shug‘ullanishmaydi. Ularga kunora turli davlat tashkilotlaridan “komissiyalar” (tekshiruvlar) kelmaydi. Kundan kunga ko‘payib borayotgan o‘quv markazlarida ish oson va sifatli bo‘lib ko‘rinishi mumkin, biroq nodavlat ta’lim muassasalarida o‘quvchilarga ta’lim bilan bir qatorda eng asosiysi hisoblanadigan tarbiya, vatanparvarlik ruhi, o‘zaro ijtimoiy munosabatlar va erkin ijodiy yondashuv o‘rgatilmaydi.
Agar ota-onalar o‘qituvchilarni hurmat qilib, sinf rahbari va fan o‘qituvchilari bilan doimo farzandlarining kelajagi uchun aloqada bo‘lib, birgalikda harakat qilishsa, nodavlat ta’lim muassasalariga to‘layotgan qanchadan-qancha pullari o‘z cho‘ntaklarida qoladi. Natijada yuqoridagi raqamlar tamomila o‘zgarib, maktab ta’lim-tarbiyasini olgan yoshlargina talabalik maqomiga erishadi.
Zavqibek MAHMUDOV, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti magistranti,Yuqorichirchiq tumanidagi 34-maktab o‘qituvchisi