O‘quv dasturlari uzviyligini ta’minlash — ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi

Ta’lim sohasi mamlakat taraqqiyotining strategik yo‘nalishi hisoblanadi. “Yoshlarimizning mustaqil fikrlaydigan, yuksak intellektual va ma’naviy salohiyatga ega bo‘lib, dunyo miqyosida o‘z tengdoshlariga hech qaysi sohada bo‘sh kelmaydigan insonlar bo‘lib kamol topishi, baxtli bo‘lishi”ga erishishda “...umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus va oliy ta’lim sifatini yaxshilash hamda ularni rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish”ga Yurtboshimiz tomonidan alohida urg‘u berilgani bejiz emas.
Yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun 2020-yilning 7-avgust kuni senatorlar tomonidan ma’qullandi. 1997-yildan buyon amalda bo‘lgan Qonun yangilandi. Ushbu qonun loyihasi barcha vazirliklar takliflari asosida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan muvofiqlashtirilib, hukumatga kiritilgan. Qonunda maktabgacha ta’limdan boshlab, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus ta’lim, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, maktabdan tashqari ta’limning uzviyligini, mazmun jihatdan ketma-ketligini ta’minlashga alohida ahamiyat berilmoqda.
12-avgust kuni Prezidentimizning “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham ta’lim, fan, ishlab chiqarish integratsiyasiga alohida e’tibor qaratilgan. O‘zbekiston ta’limi Xalqaro ta’lim tizimiga bosqichma-bosqich integrallashib bormoqda. O‘zbekistonda ilk bor Milliy malakalar ramkasi tasdiqlandi, bugungi kunda tarmoq kvalifikatsiya ramkalari, kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha professional standartlar hamda tabaqalashtirilgan ta’lim dasturlarini yaratish va yangi o‘quv yilidan joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.
2020-yil boshida Oliy Majlisga Prezident Murojaatnomasida maktab o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, o‘quv yuklamalari va fanlarni qayta ko‘rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarurligi hamda oliy ta’lim standartlari xorijiy tajriba asosida takomillashtirilishi, ta’lim yo‘nalishlari va o‘qitiladigan fanlar qayta ko‘rib chiqilishi, mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar sonini 2 barobarga qisqartirish vazifalari belgilangan edi.
Prezident Administratsiyasi tomonidan “2020-yilda ta’lim sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb masalalar, maqsadli ko‘rsatkichlar va islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha kompleks “yo‘l xaritasi”ning 3-bandida ta’limning barcha bosqichlarida fan dasturlarini tahlil qilish, ularning o‘zaro muvofiqligini ta’minlash vazifalari ko‘zda tutilgan. Ushbu vazifalar ijrosiga ko‘ra o‘tgan davr davomida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan,
Maktabgacha ta’lim tizimi bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasining “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonuni 2019-yil 22-oktabrda qabul qilindi, 14-dekabrda Senat tomonidan ma’qullandi. Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan Davlat talablari, Maktabgacha ta’lim tashkilotining davlat o‘quv dasturi yangilanmoqda. Maktabgacha ta’lim davlat o‘quv dasturining mazmun-mohiyati, mavzularning mantiqiy ketma-ketligi va uzviyligini ta’minlash hamda 6-7 yoshli bolalarni boshlang‘ich ta’limga sifatli tayyorlash, ularda zarur bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalar darajasini aniq belgilash ishlarini tashkil etish maqsadida ishchi guruhlari tashkil etilgan. Ishchi guruh a’zolari UNISEF xalqaro bolalar fondi mutaxassislari ishtirokida, Estoniya, Finlandiya, Janubiy Koreya, Polsha davlatlarining tajribalarini o‘rganishdi. Estoniya (Anna Golubyeva) va Janubiy Koreya(professor Li Don Vuk) xalqaro ekspertlarining xulosalarida maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablari aynan bugungi kun zamonaviy bolalarning rivojlanish xususiyatlariga mosligi va talablar murakkab bo‘lmaganligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Tarbiyalanuvchilar tomonidan o‘quv dasturlari sifatli o‘zlashtirilishi va ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish maqsadida mazkur Davlat talablari asosida zamonaviy o‘quv-metodik majmualar, didaktik va ko‘rgazmali o‘quv materiallar, shuningdek, boshqa ta’lim resurslari bosqichma-bosqich yaratilib, o‘rnatilgan tartibda joylarga yetkaziladi.
“Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasida Maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat standartini tasdiqlash belgilangan. Ushbu standartlarni tasdiqlash bo‘yicha qaror loyihasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan tayyorlanib, vazirliklar bilan project.gov.uz orqali kelishilib, hukumatga taqdim etilgan. Maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat standarti maktabgacha yoshdagi bolalar uchun maktabgacha ta’lim va tarbiya olish imkoniyatini yaratish, har bir bolaning iste’dodi nishonalarini, ishtiyoqlari va qobiliyatlarini rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish, maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalarga ta’lim, tarbiya berish va ularni sog‘lomlashtirish, oila hamda maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyaviy ta’sirining birligi, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’limning izchilligi hamda uzluksizligi, maktabgacha ta’lim va tarbiya mazmuni, darajasi hamda hajmining maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalarning rivojlanish xususiyatlariga hamda sog‘lig‘i holatiga muvofiqligini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi.
Umumiy o‘rta ta’lim tizimi bo‘yicha
Xalq ta’limi tizimida Umumiy o‘rta ta’limning Milliy o‘quv dasturi(MO‘D)ni ishlab chiqish vazifasi belgilangan.
UNISEF bilan hamkorlikda Singapur, AQSh, Angliya, Koreya, Yaponiya, Gongkong dasturlari, Prezident maktablari bilan Kembrij tajribasi, o‘quv dasturlari va darsliklari o‘rganilgan. Xalqaro konsultant ishtirokida 6 ta an’anaviy va 10 ta onlayn ishchi yig‘ilishlar o‘tkazilgan va davom etmoqda. 21 ta fandan ijodiy ishchi guruhlar tomonidan o‘quv dasturlari tahlil qilingan. Pandemiya davrida ham ekspertlar 21 ta fan bo‘yicha alohida telegram botlari orqali onlayn rejimda ishlarni tashkil etgan. Xalq ta’limi vazirining “Umumiy o‘rta ta’limning Milliy o‘quv dasturini ishlab chiqish to‘g‘risida” buyrug‘i hamda Xalq ta’limi vazirligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining “Umumiy o‘rta ta’limning Milliy o‘quv dasturi loyihasini ishlab chiqishni tashkil etish to‘g‘risida” qo‘shma qarori va “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Boshqa vazirliklarga qaraganda Xalq ta’limi tizimida Respublika ta’lim markazi tomonidan ushbu yo‘nalishda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Respublika ta’lim markazi umumiy o‘rta ta’limning MO‘D 6 ta komponentdan iborat bo‘lishini ko‘zda tutmoqda: (1) umumiy o‘rta ta’limning malaka talablari; (2) umumta’lim fanlarining konsepsiyalari; (3) umumiy o‘rta ta’limning o‘quv rejasi; (4) umumta’lim fanlarining o‘quv dasturlari; (5) umumta’lim fanlarini o‘qitish metodologiyasi; (6) baholash tizimi.
Respublika ta’lim markazi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda xalqaro ekspertlar bilan birga MO‘Dning 4 ta komponenti: umumiy o‘rta ta’limning malaka talablari, umumta’lim fanlarining konsepsiyalari, umumiy o‘rta ta’limning tayanch o‘quv rejasi, umumta’lim fanlari o‘quv dasturlari loyihalari ishlab chiqilgan. MO‘Dni ishlab chiqish, tajriba-sinovdan o‘tkazish va bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish samaradorligini ta’minlash maqsadida yuqori salohiyatli milliy ta’lim ekspertlari, xalqaro hamkorlar, jumladan UNISEF, USAID va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan xorijiy konsultantlar bilan tizimli ishlash tashkil etilgan.
Baholash tizimi va o‘qitish metodologiyasi 2020-2021-o‘quv yilining 1-3-choraklarida hududiy xalq ta’limi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlarida ekspertizadan o‘tkaziladi. Ishchi guruh tomonidan MO‘Dning barcha komponentlari 2021-yil may oyiga qadar xulosalar va takliflar asosida takomillashtiriladi. MO‘D va u asosida yaratilgan darsliklar 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab tajriba-sinovdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Umumiy o‘rta ta’limning amaldagi DTS (2017-y.) va yaratilayotgan MO‘Dning qiyosiy tahliliga e’tibor qaratilsa, agar amaldagi DTS 12 yillik ta’limning A1, A2 va B1 darajalari bo‘yicha bitiruvchilarga qo‘yiladigan malaka talablari, MO‘D esa umumiy o‘rta ta’lim bitiruvchilari va har bir sinf bo‘yicha o‘quvchilar faoliyati natijalariga qo‘yiladigan talablarni nazarda tutadi.
Amaldagi DTS umumiy o‘rta ta’limning tayanch o‘quv rejasini MO‘D esa umumiy o‘rta ta’limning tayanch va variativ o‘quv rejalarini, amaldagi DTS umumta’lim fanlari o‘quv dasturlari mazmuni 80% nazariya va 20% amaliyotga yo‘naltirilgan, MO‘D esa umumta’lim fanlari o‘quv dasturlari mazmuni 50% nazariya va 50% amaliyotga yo‘naltirish ustida ishlanmoqda.
Tahlillarga ko‘ra shuni aytish mumkinki, xalq ta’limi tizimida joriy etilishi kutilayotgan Milliy o‘quv dasturi tizimli va yaxlit ishlab chiqilayotgan 6 komponentli milliy hujjat bo‘lib, 2017-yilda joriy etilgan 2 komponentli Davlat ta’lim standartini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, o‘qitish va baholashning samarali metodologiyalari asosida bosqichma-bosqich joriy etish orqali ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-dekabrdagi 997-“Xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida aniq va tabiiy fanlarni o‘qitishga alohida e’tibor qaratilmoqda, jumladan, aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha Milliy o‘quv dasturini ishlab chiqishda Singapur, Koreya Respublikasi, AQSh va Yaponiya kabi davlatlar tajribalaridan tashqari umume’tirof etilgan xalqaro baholash dasturlari talablari va metodologiyasi inobatga olinmoqda.
Kasb-hunar maktablari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentabrdagi “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan tashkil qilingan kasb-hunar maktablarida kadrlar tayyorlash umumta’lim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari hisobidan shakllantirilgan guruhlarda 2 yillik umumta’lim va mutaxassislik fanlarining integratsiyalashgan dasturlari asosida kunduzgi ta’lim shaklida amalga oshirilishi belgilangan.
Kasb-hunar maktablari – Xalqaro tasniflagichning 3-darajasiga mos keluvchi ta’lim dasturlari asosida 9-sinf bitiruvchilarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan boshlang‘ich professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan ta’lim muassasalari hisoblanadi. Kasb-hunar maktablari uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 3-iyundagi 313-buyrug‘i bilan “Boshlang‘ich professional ta’lim darajasida o‘qitiladigan 140 ta kasblarning malaka talablari” va “Boshlang‘ich professional ta’lim darajasida o‘qitiladigan umumta’lim fan dasturlari ro‘yxati (29 ta) va ularning o‘quv soatlari miqdori” belgilandi. Joriy yil 7-avgust kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida uzluksiz boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim tizimini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 466-qarori qabul qilindi va qator vazifalar belgilab berildi.
Kasb-hunar maktablarida umumta’lim fanlarini o‘qitish uchun asosan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-11-sinflarida o‘qitiladigan o‘quv dasturlaridan foydalanish ko‘zda tutilmoqda. Bu vaqtincha yechim, muammo juda ham ko‘p. 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab 9-sinfdan keyin ma’lum qism bitiruvchilar kasb-hunar maktablariga, yana bir qismi ALda 2 yil o‘qishadi. Kasb-hunar maktablarida umumta’lim fanlarining soatlari 10-11-sinflarga qaraganda 40% ga kam, ALlarda esa fanlar chuqurlashtirib o‘qitish hisobiga soatlar hajmi ko‘p. Kasb-hunar maktablarida 2017-, 2018-yillarda 10-11-sinflar uchun chop etilgan umumta’lim fanlari darsliklaridan foydalanish ko‘zda tutilmoqda, chunki bu darsliklar 5 yilga mo‘ljallab nashr qilingan. Albatta, soatlar hajmining kamligi munosabati bilan qaysidir mavzular o‘qitilmasdan qolishi tabiiy. Kasb-hunar maktablarida umumta’lim fanlarini kasblar bilan integratsiyalashgan holda o‘qitish rejasi mavjud, ammo unga bu o‘quv yilidan erishib bo‘lmaydi. Masalan, Kasb-hunar ta’limi maktablarida payvandlash kasbida o‘qitiladigan 1 ta umumta’lim fan dasturigi to‘xtalsak. Payvandchilarni tayyorlashda ular bilishi shart bo‘lgan bilimlar, jumladan, fizikaning elektr va magnetizm, elektromagnit va to‘lqinlar, razryadlar, o‘zgaruvchan va o‘zgarmas tok mavzulariga ko‘proq e’tibor qaratilishi lozim. Bundan ko‘rinib turibdiki, kasb-hunar maktablaridagi fizika fan dasturi 10-11-sinf fizika fan dasturidan farq qiladi.
Akademik litseylar bo‘yicha
Akademik litseylardagi umumta’lim fan dasturlari maktabning 10-11-sinf fan dasturlaridan farq qiladi. Shunday bo‘lsa-da, amalda umumiy o‘rta ta’limning 10-11- sinflariga mo‘ljallangan darsliklardan va qo‘shimcha darsliklardan foydalanib kelinadi.
Fan dasturlarining mazmun-mohiyati borasida bugungacha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va mahalliy ekspertlar birgalikda xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganilgan va kelajakda sifatli kadr tayyorlash bo‘yicha takliflar tayyorlanmoqda. Jumladan, mavjud muammolardan kelib chiqqan holda iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni akademik litseylarga jalb qilish, oliy ta’lim tashkilotlariga saralab olish, chuqurlashtirilgan ta’lim dasturlari asosida o‘qitish, ilmiy faoliyatga qiziqishini oshirish maqsadida “Akademik litseylar faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasida ALlarning davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv reja va dasturlarini, shu jumladan, umumta’lim fanlari soni va soatlarini optimallashtirish evaziga chuqurlashtirilib hamda qo‘shimcha chuqurlashtirilib o‘qitiladigan fanlar soni va soatlarini oshirishni nazarda tutgan holda qayta ko‘rib chiqib, zamonaviy talablar asosida takomillashtirish vazifalari ko‘zda tutilgan.
Oliy ta’lim tizimida ham keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda, qabul kvotasi oldingi yillarga nisbatan oshdi, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari soni 20 ga yaqinlashdi. Xorijiy OTMlar bilan qo‘shma fakultetlar, qo‘shma dasturlar ishga tushmoqda. 2020-2021-o‘quv yili uchun bakalavriatga 162 364 ta va magistraturaga 10425 ta joy ajratilgan. 91 ta OTM uchun 1 mln 484 ming abituriyentdan bakalavriat uchun hujjat qabul qilingan, bu o‘tgan yilga nisbatan 39% ga ko‘p. Magistraturaga esa 72 ta OTM uchun 78 720 ta hujjat qabul qilingan, bu ham 3 baravar ko‘p o‘tgan yilgidan.
Kredit modul tizimi ishga tusha boshladi. Ushbu o‘quv yilida 33 ta OTMda kredit modul tizimida o‘qishni tashkil etish, masofaviy o‘qish turlarini joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu o‘zgarishlarning barchasi ta’lim hajmi, o‘quv reja, o‘quv dasturlarini takomillashtirish, xorijiy talablarga moslashtirish vazifalarini qo‘ymoqda.
Tayanch oliy ta’lim muassasalarining barcha bosqichlaridagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari fan dasturlari tahlil qilinmoqda.
O‘quv dasturlarining fanlar kesimida uzviyligi haqida gapirganda, oliy ta’lim muassasalarida nomutaxassis yo‘nalishi bo‘yicha umumta’lim fanlarini, ya’ni aksariyat hollarda o‘quv rejadagi 1-blokdagi umumta’lim fanlarini nazarda tutmoqdamiz.
Faoliyatimiz davomida ko‘p davlatlar tajribasini o‘rganib boramiz. Masalan, Janubiy Koreyada maktablarda o‘quvchilar qiziqishlarini rag‘batlantirish maqsadida tanlov fanlari joriy etilgan. Ularning Konstitutsiyasiga ko‘ra, boshlang‘ich va o‘rta maktab (1–9-sinflar) har bir fuqaro uchun majburiy bo‘lib, ta’limning mazmuni orqali o‘quvchi shaxsi rivojlantiriladi va mustaqil qaror qabul qilishga o‘rgatiladi. O‘quvchi qobiliyatini kelajakda biron-bir mutaxassislikni egallashga yo‘naltirish orqali uni barcha zaruriy bilimlarni olishga o‘rgatish, estetik tarbiyalash, mas’uliyatli bo‘lish, mustaqillik va so‘z erkinligini sevishga o‘rgatish, milliy g‘oya va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ko‘zda tutiladi. Janubiy Koreya hukumati tomonidan 2009-2011-yillarda milliy o‘quv dasturlari qayta ko‘rib chiqilgan bo‘lib, mamlakatning milliy va ijtimoiy ehtiyojlarini inobatga olgan holda ta’lim mazmuni takomillashtirilgan va bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etilgan ekan.
Mazkur takomillashtirilgan o‘quv dasturlari umumiy va ixtiyoriy qismlardan tashkil topgan bo‘lib, 1—9-sinflarni to‘rtta guruhga ajratgan holda baholash tizimi joriy etilgan: 1-guruh (1-2-sinflar), 2-guruh (3-4-sinflar), 3-guruh (5-6-sinflar) va 4-guruh (7-9-sinflar). Bunday yondashuv o‘quv dasturini bir yilda emas, balki bir necha yil mobaynida o‘zlashtirish, ya’ni o‘quvchilarning individual xususiyatlarini inobatga olgan holda ularning natijalarini korreksiyalab borish imkonini beradi.
Har bir vazirlik tizimidagi ishlarga to‘xtaldik, endi ularning uzviyligini ta’minlash maqsadida o‘tgan davr mobaynida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi umumiy nazorati ostida 21 ta ishchi guruh shakllantirilganligini ma’lum qilamiz. Ushbu ishchi guruhlarga inspeksiya xodimlari, maktabgacha, xalq ta’limi va oliy ta’lim muassasalarining yetakchi professor-o‘qituvchilari ekspert sifatida jalb qilindi. Inspeksiya qoshida Konsultativ organ tashkil etildi. Ta’lim inspeksiyasi xodimlari, tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda dastlab texnologiya va ona tili va adabiyot fanlaridan namuna tariqasida uzluksiz ta’lim tizimi uchun fan konsepsiyasi (ta’lim turlariaro fanning mazmunan va mohiyatan uzluksizlik va uzviylikni ta’minlash asoslari yoritiladi), qiyosiy jadvallar (fanlar kesimida barcha ta’lim turlarida o‘tiladigan mavzular bo‘yicha qiyosiy tahlil qilinadi. Bunda mavzular takrorlanishi, nazariy mavzularning salmog‘i, nazorat materiallarining xorijiy tadqiqotlarga asoslanganligi, soddadan —murakkabga tomon tamoyiliga asoslanganligi o‘rganiladi. Fan dasturlarini shakllantirish uchun taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi) va fan dasturlari (uzluksiz ta’lim turlari har bir bosqichida o‘tiladigan mashg‘ulotlar fan dasturlari ishlab chiqiladi. Fan dasturlarini ishlab chiqishda uzviylik, uzluksizlik, mantiqiy ketma-ketlik, izchillik va tizimlilikka e’tibor beriladi) ishlab chiqiladi.
Ta’lim bosqichlari orasida uzviylikni ta’minlash uchun dastlabki holatda 317 nafar mutaxassis, (shundan OTMlardan — 48, ALdan — 33, MOIlardan — 46, amaliyotchi o‘qituvchi — 75 va metodistlar — 44 nafar) 22 ta fandan o‘quv dasturlarini tayyorlashda ishtirok etmoqda.
O‘quv dasturlarining uzviylik va uzluksizligini ta’minlash jarayoni boshlandi desa bo‘ladi, lekin bu oson ish emas, ilgari ta’lim bosqichlari o‘rtasida uzviylikni ta’minlash bo‘yicha boshlangan harakatlar to‘liq nihoyasiga yetgan deb ayta olmaymiz. Bu juda katta mehnat talab etadi, vazirlik va idoralar mutasaddilari bir yoqadan bosh chiqarib, Prezidentimiz oldimizga qo‘ygan maqsad va vazifalar sari ildam qadam tashlashni talab etadi. O‘quv dasturlarining uzviyligini ta’minlash vazifasining davomi darsliklardagi uzviylikka, takroriylikning oldini olishga, davlat budjetini iqtisod qilishga, farzand larimiz bir xil bilimlarni takroriy olishga vaqt ketkazmasligiga xizmat qiladi.
Bu vazifalarni amalga oshirish natijasida fanlar kesimida mavzular soddadan — murakkabga tomon tamoyili asosida shakllantiriladi, xalqaro tadqiqotlar fan dasturlariga kiritiladi, mavzular takrorlanishi bartaraf etiladi, amaliy mashg‘ulotlar hajmi ko‘paytiriladi. Mantiqiy fikrlash va qiziqish o‘sadi, kompetensiyalar rivojlanadi, xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik takomillashtiriladi, ta’lim oluvchi va beruvchilar uchun o‘zaro integratsiyalashgan pedagogik-metodik muhit shakllanadi. Uzluksiz ta’lim turlariaro me’yoriy hujjatlar tizimlashtiriladi, fanlar mazmuni izchilligiga erishiladi, ta’lim jarayoni innovatsion tarzda muvofiqlashtiriladi.
Aslida esa xalqaro tajribada o‘quv jarayonining uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash yuzasidan har bir fan bo‘yicha tajribali mutaxassislardan iborat katta-katta ilmiy-tadqiqot institutlari ishlaydi. O‘ylaymizki, bizda ham barcha ta’lim bosqichlariga xizmat qiladigan yagona “Uzluksiz ta’lim strategiya instituti”nisng faoliyatini yo‘lga qo‘yish zamon talabiga aylanmoqda.
O‘quv dasturlarining uzviyligini ta’minlashga (tahlillari, takliflari, ilmiy izlanishlari, maslahati, ma’naviy va moddiy) hissa qo‘shish istagida bo‘lgan mahalliy va xorijiy, jismoniy va yuridik shaxslarni hamkorlikka taklif etib qolamiz.
Abdurahim NOSIROV, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i maslahatchisi, filologiya fanlari doktori, dotsent