Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limida 141.364.663 so‘m byudjet mablag‘lari talon-taroj qilingan
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Andijon shahar prokuraturasi Andijon shahar bo‘limi tomonidan Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi sobiq mudiri Sunbuloy Eraliyeva hamda boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK ning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilyotganini ma’lum qildi, Human.uz sayti.
Unda yozilishicha, Andijon shahar moliya bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshirishda, Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi mutaxassisi S.D.Eraliyeva 2020-yilning 12-iyuniga qadar mazkur bo‘lim mudiri vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelib, Andijon shahar Xalq ta’limi bo‘limining boshqa mansabdor shaxslari va boshqalar bilan oldindan til biriktirib, 2015-2019-yillarda Andijon shahridagi 6 ta umumta’lim maktablarining aslida attestatsiyadan o‘tmagan va malaka toifa sertifikatlari berilmagan 31 nafar o‘qituvchi xodimlarga attestatsiyadan o‘tganligi va malaka toifa sertifikati berilganligi haqida qalbaki xujjatlar rasmiylashtirish orqali 111.642.876 so‘m, aslida malaka toifa sertifikatlarining amal qilish muddati tugagan 8 nafar o‘qituvchi xodimlariga shunday yangi sertifikatlari berilganligi to‘g‘risida buyruqlar chiqarish orqali 19.291.291 so‘m, aslida 2-toifa sertifikatlari berilgan 3 nafar o‘qituvchi xodimlarga go‘yoki 1-toifa sertifikatlari berilganligi to‘g‘risida hujjatlar tuzish yo‘li bilan 10.430.496 so‘mni ularning oylik ish haqlariga qo‘shimcha tarzda to‘lanishiga sharoit yaratib, jami 141.364.663 so‘m бюджет mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilib kelganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan 2020-yilning 25-iyun kuni Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Andijon shahar bo‘limi tomonidan Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi sobiq mudiri Eraliyeva Sunbuloy Dilijanovna hamda boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK ning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan hamda tegishliligi bo‘yicha Andijon shahar prokuraturasiga yuborilgan.
Joriy yilning 27-iyun kuni jinoyat ishi bo‘yicha olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlarini to‘laqonliligini ta’minlash maqsadida Andijon shahar Xalq ta’limi bo‘limi moliyaviy-xo‘jalik faoliyati yuzasidan hujjatli taftish tayinlangan.
Jinoyat ishi pandemiya sababli 2020-yilning 10-iyul kuni harakatdan to‘xtatilib, 10 avgustda tiklangan. Jinoyat ishi yuzasidan 25 nafar shaxslar so‘roq qilingan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.