Endi vaqt va asabimizni tejayapmiz
Dunyo mamlakatlari tomonidan karantin davrida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning aksariyati raqamli texnologiyani joriy qilish va undan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Paxtakor tumanidagi 9-maktabda dastur bo‘yicha yetarli ishlar amalga oshirildi. Axborot texnologiyalaridan foydalanish, uning imkoniyatlariga yetarli e’tibor qaratish maqsadida maktabimiz o‘qituvchilari, o‘quvchilari va ota-onalari uchun dars jadvali, uyga vazifalar hamda olgan baholarni ko‘rish imkonini beruvchi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan joriy etilgan kundalik.com tizimini ishga tushira boshladik. Ushbu tizimning maktab uchun qulay tomonlarini o‘rganib chiqdik. Tizimni hozirgi kunda ishga tushirsak, o‘qituvchilar texnologiyadan foydalanishni o‘rganish uchun vaqt topiladi, maktab ma’muriyati masofadan turib o‘qituvchilar bilan ish olib boradi, o‘qituvchilar va o‘quvchi o‘rtasida mustahkam aloqa tizimi yo‘lga qo‘yilib, har bir o‘quvchi bo‘yicha kunlik monitoring shakllantiriladi. Bu tizimning asosiy jihatilaridan biri tizimga kirish bepul.
Xo‘sh, bu jarayon qanday amalga oshirildi? Men maktabda AKT bo‘yicha ma’sul xodim sifatida karantin davrida me’yorlarga rioya qilgan holda kundalik.com tizimini o‘rganib chiqdim va barcha bosqichlarni masofadan turib amalga oshirdim. Albatta, bu yerda o‘qituvchilarning ham shijoatini hisobga olish kerak. Internet tizimida ishlashning afzalligi va qulayligini bilib oldik, barchamiz qo‘ldan kelgancha harakat qildik.
Ushbu loyihaning rivojlanishi bizga yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu albatta bizning qanday foydalanishimizga bog‘liq. Men maktablarda ilk o‘quv seminarlarini o‘tkazganimda, o‘qituvchilar tomonidan ikkilanish va ishonchsizlik ko‘p bo‘lgan. Ular bu yangilikni qo‘shimcha yuk sifatida qabul qilishgan edi. Ammo bir necha oy o‘tishi bilan yetakchi maktablar, faol ota-onalar aniqlashib qoldi, ular har kuni tizimda ishlab, vaqt va asabni tejash uchun yangi imkoniyatlarni kashf eta bordilar. Men bu loyihaga qattiq ishonaman. Fikrimcha, bu ta’limni modernizatsiya qilishning eng samarali va oddiy vositalaridan biridir.
Bizdan kundalik.comda ishlash uchun o‘qituvchilar mustaqil ravishda planshet yoki smartfon sotib olishlari kerakmi, degan savol tez-tez so‘raladi. Tushuntirib o‘taman: o‘qituvchilarning hech narsa sotib olishlariga hojat yo‘q. Tizim ularning hayotini murakkablashtirish uchun emas, balki osonlashtirish uchun joriy qilinmoqda.
Elektron kundalik.com tizimi nafaqat o‘qituvchilarni, balki ota-onalarni ham ogohlikka chaqiradi. Ular farzandlari to‘g‘risidagi ma’lumotni, berilgan uyga vazifalarni, bahosini (izohi bilan), davomatini har kuni bilib boradi va nazoratga oladi. Bu maktab bilan bevosita bog‘lanish uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
2020-2021-o‘quv yilida respublikadagi barcha maktablar elektron kundalik.com tizimida ish boshlasa, texnologiya bilan ishlash borasida juda ko‘p yutuqlarga erishiladi. Natijada xalq o‘rtasida o‘qituvchilarga bo‘lgan e’tibor va hurmat yanada ortadi.
Sanjar XOLMO‘MINOV, Paxtakor tumanidagi 9-maktabning informatika fani o‘qituvchisi