Mustaqil o‘qishga qanday o‘rgatiladi?
Mustaqil ish bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarning o‘z ustida ishlashi, ziyrak va hozirjavob bo‘lishiga yordam beradi. Buning uchun o‘quvchini ruhan tayyorlash, ko‘zlangan ishni bajarish uning qo‘lidan kela olishiga ishontirish lozim. Bunda bolani nazorat qiluvchiga ham mas’uliyat yuklanadi. U puxta o‘ylangan, maqsadli va davomiy mashqlarni tavsiya etishi kerak.
O‘quvchining imkoniyati, yosh xususiyati, qiziqishlarini e’tiborga olish zarur. O‘g‘il-qizlarni aqliy rivojlantirish shartlaridan biri topshiriqlarni to‘liq “eslab qolib” bajarishdir. Bajariladigan ishning maqsadini tushungan(tasavvur qilgan) holda uning rejasini belgilash va ish usulini tanlash, yo‘l qo‘yilgan xatolarni mustaqil topa olish va uni tuzata bilishga alohida e’tibor beriladi. O‘quvchilarning topshiriqlarni tez, to‘g‘ri bajarishi uchun qulay usullarni tanlash, yo‘naltiruvchi savollar berib, tayanch so‘zlar tavsiya etish maqsadga muvofiqdir.
Bolalar mustaqil ishlarni sifatli bajarishi oson bo‘lmaydi, albatta. Chunki hali ularning tasavvuri yorqin bo‘lsa-da, so‘z boyligi yetarli emas. Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, bolalar o‘qituvchi rahbarligida ishlaganda, tezroq mulohaza yuritishadi. Bu holga o‘rganib qolmasliklari uchun ko‘proq ularning o‘zini mustaqil fikrlashga da’vat etish lozim. O‘quvchilar e’tiborini jalb etish maqsadida matndagi voqealarni eslatib: “Nega shunday bo‘ldi? Seningcha, qanday bo‘lishi kerak edi?” kabi savollar berib, fikrini ma’qullab, “Yana o‘ylasang, topasan”, “Judayam yaxshi”, “Juda soz!” kabi rag‘batlantiruvchi iboralarni ishlatish foydalidir. Masalan, “O‘roq va Kombayn” mavzusi yuzasidan: “O‘roq nega afsuslanadi?”, “Kombayn unga nima dedi?” kabi savollar berib, har ikkisini solishtirish orqali texnikaning kuch-quvvatiga e’tibor qaratiladi. Shunda har bir texnika asbobining hayotimizdagi ahamiyatini baholash ham o‘rgatiladi.
Dastlabki bajargan mustaqil ishidan bola mamnun bo‘lsa, qiziqishlari ortib, yangi-yangi ish turlarini amalga oshirishga kirishadi. Mustaqil ish natijalarini hamisha tekshirish lozim. Tekshirish og‘zaki yoki yozma shaklda bo‘lishi mumkin. Bola avval o‘ylaydi, fikrini jamlaydi, so‘ng uni yozishga kirishadi. O‘z fikrini bayon qilish, qo‘yilgan biror savol yoki masala yuzasidan mushohada yuritishga urinadi. Bu jarayon (og‘zaki) nutq asosida paydo bo‘ladi va mustahkamlanadi. Masalan, o‘quvchi o‘z fikrini yozma ifodalashdan ilgari o‘ylaydi. Pichirlab allanimalar haqida o‘zicha gapiradi(pedagogikada bu aktiv faoliyat hisoblanadi). Insho yozishning dastlabki shakllari ana shunday ishlardan boshlanadi. Bola matnni o‘qib, og‘zaki tahlil qiladi, sarlavhalar o‘ylab topib, qanday rasmlar ishlash lozimligini rejalashtirdi.
O‘quvchilarni mustaqil faoliyatga o‘rgatishda quyidagilarga amal qilish lozim:
– beriladigan har bir topshiriq o‘quvchi imkoniyatlariga mos bo‘lsin va qiziqish uyg‘ota olsin;
– ish osondan qiyinga, soddadan murakkabga qarab yo‘naltirilsin, o‘quvchiga tushunarli bo‘lsin;
– ishni bajarishda bolalarda o‘ziga ishonch hissi uyg‘onsin, ishga kirishishda o‘zlarida dadillik sezsin;
– mustaqil bajariladigan topshiriqlar yakkama-yakka tarzda amalga oshirilsin(hamma o‘quvchi uchun bir xil topshiriq berish – mustaqil faoliyat emasligini eslatamiz), albatta bunda bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchiga e’tibor berish kerak;
– topshiriqlar turini almashtirishga alohida ahamiyat berish lozim;
– topshiriqlarni hamma bir vaqtda boshlab, ma’lum vaqtda tugatishi kerakligini eslatib, bo‘sh o‘zlashtiruvchi bolalarni shu talabni bajarishga ko‘niktirish lozim;
– ish joyi hamisha qulay, saranjom-sarishta bo‘lishi(parta ustida ortiqcha narsalar bo‘lmasligi) kerak;
– topshiriqlar darsning turli bosqichida bajarilishi mumkin.
Zilola MAHMUDOVA, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 11-IDUM o‘qituvchisi, Xalq ta’limi a’lochisi