Ikkinchi darajali fan yo‘q!
“Ma’rifat” gazetasining shu yil 22-sonida chop etilgan “Oliy o‘quv yurtlariga kirishda 18 ta fandan imtihon bo‘lishi kerak” sarlavhali maqolada dolzarb masala qalamga olingan.
Haqiqatan ham, 18 ta fandan teng miqdorda test savollari tuzilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki nafaqat o‘quvchilar, balki ota-onalar, hatto ba’zi rahbarlar ham ayrim fanlar(musiqa, tasviriy san’at, texnologiya, jismoniy tarbiya)ga ikkinchi darajali fan deb qarashadi. Shuningdek, o‘quvchilarning yozma va og‘zaki nutqini ham sinovdan o‘tkazish lozim. Ish yuzasidan ko‘plab idoralar bilan hamkorlik qilamiz. Ba’zi mas’ul xodimlarning yozganlarini o‘qish juda mushkul: imloviy xatolari ko‘p; noto‘g‘ri bo‘g‘in ko‘chirishlar bor; yozuv shakli qing‘ir-qiyshiq.
Yana bir taklif: maktab bitiruv imtihonlaridagi fanlardan olingan baholar inobatga olinsa, ya’ni ular ham ball hisobida bo‘lsa, nafaqat o‘quvchilarning, balki ota-onalarning ham mas’uliyati oshadi. Holbuki, ota-onalar 7-8-sinfdan farzandlariga kasb tanlab, asosiy e’tiborni shu yo‘nalishga qaratadi. Natijada bola tor yo‘nalish va dunyoqarashga ega bo‘lib qoladi.
Komil HAMROYEV, Qorovulbozor tumanidagi 1-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari