O‘quvchilarni xalqaro tadqiqotlarga tayyorlashga mo‘ljallangan Axborotnomaning 1-soni chop etildi
Prezidentimiz tomonidan yurtimizda o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarga sifatli tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha bir qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Jumladan, Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilga kelib PISA (The Programme for International Student Assessment) Xalqaro miqyosda o‘quvchilarni baholash dasturi reytingi bo‘yicha jahonning birinchi 30 ta ilg‘or mamlakati qatoriga kirishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu maqsadlarga erishishda o‘qituvchilar va o‘quvchilarning xalqaro baholash dasturlari va ular doirasida o‘quvchilarga beriladigan topshiriq turlari hamda mazkur topshiriqlarning namunalari haqida keng ma’lumotga ega bo‘lishi muhim hisoblanadi.
Ta’lim sifatini oshirishga hissa qo‘shish va belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish Milliy markazi tomonidan o‘quvchilarni xalqaro tadqiqotlarga tayyorlashga mo‘ljallangan Axborotnomaning 1-soni chop etildi.
Axborotnoma matematik savodxonlik, tabiiy fanlar savodxonligi, o‘qish savodxonligi va kreativ fikrlash kabi 4 ta qismdan iborat.
Mazkur Axborotnoma PISA dasturi bo‘yicha o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy fanlardan savodxonligini hamda kreativ fikrlash darajasini baholash yo‘nalishiga oid ma’lumotlar va topshiriqlar asosida tayyorlangan bo‘lib, unda 2000 – 2015-yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlarda foydalanilgan topshiriqlardan namunalar, ularni yechish bo‘yicha tavsiyalar hamda baholash mezonlari keltirilgan.
Ushbu Axborotnoma umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining aniq, tabiiy va filologiya fanlari o‘qituvchilari, 7—11-sinf, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari hamda soha mutaxassislariga mo‘ljallangan.
Axborotnoma tegishli ta’lim vazirliklari, o‘qituvchilar malakasini oshirish institutlari, hududiy xalq ta’limi boshqarmalari va xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tayanch maktab jamoalariga Milliy markaz tomonidan bepul yetkazib beriladi.