Nega o‘qituvchilar o‘z farzandlari uchun onlayn ta’limni tanlashmoqda?
Bugun maktablarda ish juda qizg‘in. Oldimizda butun dunyo kurashayotgan yov bor. Uni hech qanday qurollar bilan yengib bo‘lmayapti. Faqatgina sabr, qat’iy qoida, sog‘lom turmush tarzi bilangina yana tinch-osoyishta kunlarga qaytishimiz mumkin. Xo‘sh, biz sog‘lom turmush tarzi, shaxsiy gigiyena talablari, karantin qonun-qoidalariga qay darajada amal qilyapmiz?
Bolalarda immunitet kuchli bo‘ladi, xavf unchalik katta emas, ular bu kasallikni oson yengib o‘tadi, degan yanglish fikr xalqimizning ongiga singib borayotganday go‘yo. Aslida-chi? To‘g‘ri, bolalarda kattalarga nisbatan kasallik holatlari kam aniqlanyapti, ammo bu ular xavfsiz, kasallik yuqmaydi, degani emas. O‘zbekistonda kasallik 7–18 yoshli bolalarda ko‘p uchramoqda va umumiy kasallanish ko‘rsatkichining 55 foizini tashkil etadi. Shu raqamlarning o‘zi ham bizni qo‘rqitishi kerak, aslida. Maktab yoshidagi bolalar kasallikka chalinmagan taqdirda ham infeksiya tashuvchi bo‘lishlari turgan gap. Bu haqida mutaxassislar takror-takror ogohlantirishmoqda. Maktablarda qancha yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan keksa o‘qituvchilar, yondosh kasalliklari mavjud bo‘lgan muallimlarni ham unutmasligimiz kerak. Bu yoshdagi bolalar aytma deganni aytadigan, ushlama degan narsani ushlaydigan, har narsaga qiziquvchan bo‘lishadi. Ularni qanday cheklaymiz?
Bu masalada yaqindagina tashkil etilgan brifingda Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilarining bergan javoblaridan shuni anglash mumkinki, hech kim hech narsani bo‘yniga olmaydi. Hammadan faqat o‘zini asrash talab etiladi: o‘qituvchilar ham, o‘quvchilar ham, ota-onalar ham.
Bolalarning savodsiz bo‘lib qolishi, ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqi so‘nishi va bolalar psixologiyasida bo‘ladigan salbiy o‘zgarishlarning oldini olish uchun ham mutasaddilar maktablarni an’anaviy tarzda boshlashni rejalashtirayotgandir. Shunday bo‘lsa-da, birinchi navbatda o‘quvchilarning sog‘ligi va ular bilan aloqada bo‘ladigan o‘qituvchilarning, oila a’zolarining salomatligi juda muhim.
Ta’lim an’anaviy emas, balki masofaviy tarzda boshlanishi tarafdorlari bo‘lgan ota-onalar ham bor. Ajablanarlisi, ko‘plab o‘qituvchilarning o‘zi farzandlarini onlayn tarzda o‘qitishni lozim topishyapti. Sababi, ular maktablardagi vaziyatni boshqalarga qaraganda yaxshiroq bilganliklaridir. Bugungi kunda mamlakatimizdagi 60 foiz maktablarimizda o‘qish ikki smenada tashkil qilinadi. Har bir smenadan so‘ng dezinfeksiya ishlarini qo‘llanmalardagidek bajarish mushkul ekanligi, aksariyat chekka hududdagi ta’lim maskanlarida suv ta’minoti masalasi muammoligi, bola bolaligiga borib, ijtimoiy masofaga rioya qilmasligi va shu kabi omillar ham ularning tavakkal qilishlariga to‘sqinlik qilayotgandir.
O‘qituvchi — yuzlab, minglab farzandlarning ota-onasi. O‘z farzandlari uchun qanchalik kuyunsa, o‘quvchilar uchun ham shuncha mehr ko‘rsatadi, asrab-avaylashga harakat qiladi. Biz har qanday vaziyatda ham bilim berishga tayyormiz. Shunday bo‘lsa-da, kelajak avlodlarimizning sog‘lig‘i eng avval qayg‘urishimiz kerak bo‘lgan masaladir.
Fayzullo YAHYOYEV, Shayxontohur tumanidagi 19-maktabning o‘zbek tili o‘qituvchisi