Musiqa madaniyati maktabdan shakllanishi kerak
Barcha fanlar qatori musiqa ta’limining ham bola shaxsini shakllantirishdagi o‘rni beqiyos. Boshlang‘ich sinflarda ovoz sozlash mashqlaridan so‘ng qo‘shiq o‘rgatishga o‘tish mumkin. Bunda avval qo‘shiq matni va mualliflari haqida qisqacha ma’lumot suhbat tarzida beriladi. Suhbat o‘quvchilar mavzu haqida to‘liq tushunchaga ega bo‘lib, fikr-mulohazasini ifodalash ko‘nikmalarini rivojlantirishiga yordam beradi. Ritmik jihatdan qiyinchilik tug‘diradigan qo‘shiqlarning ritmini avval chapak yordamida o‘rganib, so‘ng so‘zlar bilan takrorlab, so‘z va ritm aniq o‘zlashtirilgandan so‘ng ohang yo‘li o‘rgatilishi tavsiya etiladi. Musiqa savodi mashg‘ulotlarida esa sekin-asta milliy cholg‘ular bilan tanishtirgan holda keyinchalik notalar haqidagi bilimlar boyitilib boriladi. Boshlang‘ich sinflarda bolaning tez toliqishini inobatga olgan holda amaliy mashg‘ulotlardan so‘ng musiqa tinglash, musiqa ijodkorligi hamda bolalarning musiqa asboblariga jo‘r bo‘lib kuylashi kabi faoliyat turlarini amalga oshirish mumkin.
Irodaxon NAZAROVA, Oltiariq tumanidagi 37-maktabning musiqa madaniyati fani o‘qituvchisi