Ma’quli — masofaviy ta’lim!
Maktablarda o‘quv yilining boshlanishi va o‘qitish shakli ota-onalardan olingan so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra aniqlandi. Ko‘pchiligi an’anaviy o‘qishni, qolganlar masofaviy o‘qish shaklini tanladi. Aslida vaziyat qanday? O‘quvchilar va o‘qituvchilarning sog‘lig‘i xavfdan xolimi? Qaysi biri biz uchun eng maqbul va bexatar?
An’anaviy o‘qish shaklining afzalligi o‘quvchi mas’uliyatni his etgan holda o‘qishga kirishadi, uyga vazifalarni bajarib, keyingi darsda baho oladi. O‘qishga jiddiy qaraydi. Ammo epidemiologik vaziyatni hisobga olsak, o‘qituvchilar va o‘quvchilarga virus yuqish ehtimoli yuqori. Masofaviy ta’lim uchun internet tarmoqlarida yetarlicha imkoniyat mavjud (ayrim hududlar bundan mustasno). Videodarslar, audiorolik yoki audiodarslar, elektron darsliklar va elektron qo‘llanmalar bor. O‘quvchi, ularni nazorat qiladigan o‘qituvchi hamda ota-onalarda xohish-istak, mas’uliyat bo‘lsa, natijaga erishish oson. Masofaviy ta’lim oluvchidan ko‘proq mustaqil o‘qib-o‘rganish talab etiladi. Bu esa o‘z ustida ishlash, mustaqil fikr yuritish qobiliyatini o‘stiradi.
Ma’lumki, matematikadan bilimlarni o‘zlashtirish oson emas. 12–15 daqiqalik televizion darslar bir soatlik mavzuni yoritib berish uchun kamlik qiladi. O‘qituvchi mavzuni tushuntirib bo‘lar-bo‘lmas elektron doskadagi ma’lumotlar o‘chiriladi. Matematikadan televizion darslar vaqti 15–20 daqiqa bo‘lishi haqida o‘ylab ko‘rish kerak. Ikki oy davom etgan masofaviy o‘qish davrida uyga vazifalarni tekshirish jarayonida qiyinchiliklarga uchradik. Uyga vazifadagi xatoliklarni tushuntirish uchun o‘quvchilar bilan telefonda (telegram orqali emas) darsliklarini birgalikda o‘qish yoki misollar yechilishini birga bajargan paytlarimiz ham bo‘ldi. Ta’tilda “Yosh matematiklar” guruhini tashkil etib, qiziqish bildirgan o‘quvchilarni taklif qildik.
Masofaviy ta’lim olish imkoniyatlari juda keng. Bundan oqilona foydalanish o‘quvchilar, ota-onalar va biz o‘qituvchilardan yakdillik talab etadi.
Norchuchuk NORMURODOVA,
Shahrisabz shahridagi 16-maktabning matematika fani o‘qituvchisi