Qoraqalpog‘istonlik o‘quvchilarga nohaqlik bo‘lmoqda!
Hurmatli vazir janoblari!
Qoraqalpog‘istonlik o‘zbek o‘quvchilar ona tili fanini boshqa viloyatlardagi tengdoshlaridan bir soat kam o‘qiydi. Chunki ona tiliga 1 soat kam ajratilgan. Jami 34 soat. O‘quvchilar qisqartirilgan soatlarni repetitorga pul to‘lab, o‘qib olishi kerakmi?
Bir soatda bir mavzuni tushunish bilan ikkita mavzuni tushunish o‘rtasida katta farq bor. Axir ona tili OTMlarga kirish imtihonlarida majburiy fanlar uchligiga kiritilgan. Nega unda OTMlarga kirish imtihonlarida qoraqalpog‘istonlik abituriyentlar uchun ona tili faniga alohida ball belgilanmaydi? Fan olimpiadalarida ham butun O‘zbekistonda talab bir xil. Bu qoraqalpog‘istonlik o‘quvchilarga nohaqlik emasmi?
Ona tilimizning 1 soati davlat tili — qoraqalpoq tiliga berilgan. Ana shu bir soatni ona tilidan emas, chet tilidan olib berish mumkin emasmi? Boshqa maktablarni bilmadim, ammo biz bilgan maktablarda ingliz tilida erkin muloqot qilishga tayyor bo‘lib bitirgan bolaning o‘zi yo‘q! Nahotki ingliz tilini o‘rganish o‘z ona tilimizdan ko‘ra muhimroq bo‘lsa! Ona tilini o‘quvchilar shundog‘am bilishadi, dersiz, biroq til haqida gap ketganda millatimiz mavqeyini o‘ylash kerak.
Qoraqalpoq tilining o‘qitilishi masalasida ham fikrlarimiz bor. Ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan maktablarda qoraqalpoq tiliga 2 soat ajratilgan. “Ona tili grammatikasi ko‘payib ketdi” deb soatlar qisqartirildi. Nega unda o‘zbek sinflarida qoraqalpoq tili qisqartirilmadi? Qoraqalpoq tili o‘qitilishida ham ortiqcha grammatik jihatlar istagancha topiladi. Bu grammatika bitiruvchilar uchun u qadar ahamiyatli emas! Sababi, hech qaysi OTMga kirishda bu tildan imtihon topshirilmaydi.
Qoraqalpoq tili — ikkinchi ona tilimiz. Bu ikki millat bir oiladek bo‘lib ketgan. Hatto o‘zbek va qoraqalpoq o‘z ona tilida gaplashsalar ham bir-birlarini hech muammosiz tushunadi. Biz Qoraqalpog‘istondagi o‘zbek maktablari ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari o‘quvchilarimiz OTMlarga kirishi uchun o‘qib-o‘rganishlari lozim bo‘lgan ona tili fani boshqa viloyatlardagi tengdoshlaridan kam o‘qitilishini nohaqlik deb bilamiz. Bu haqda Respublika ta’lim markazi va Xalq ta’limi vazirligiga murojaat qildik. Berilgan javoblar qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini yaxshi tushunolmadik. Javob xatida aytilishicha, bu masalani Qoraqalpog‘iston xalq ta’limi vazirligi o‘zi hal qilar ekan. Unda siz vijdonan javob bering-chi, qoraqalpoq tilini o‘zbek sinflarida davlat tili sifatida o‘qitish uchun ona tilimiz soatlarini qisqartirish qanchalik to‘g‘ri? Bitiruvchilarimiz OTMlarga kirishi uchun ham ona tilini ko‘proq o‘rganishlari kerakligi Sizga kunday ravshan-ku! Shuning uchun bu masalani chuqurroq o‘ylab ko‘rish kerak deb hisoblaymiz. Boshqa viloyat o‘quvchilari bilan bir qatorda Qoraqalpog‘istonda ta’lim olayotgan o‘quvchilarga ham bir xil miqdorda bilim berilsin. Sizdan ushbu murojaatimizga odilona javob kutib qolamiz.
Хоsiyat JUMABOYEVA, Amudaryo tumanidagi 37-maktab o‘qituvchisi