Yana islohotlarga muhtojmiz
Zamonaviy o‘qituvchida quyidagi sifatlar mujassam bo‘lishi lozim:
• Yuksak ma’naviyatlilik;
• Kreativlik;
• O‘z fanini yaxshi bilish;
• Nutq madaniyatiga ega bo‘lish;
• AKT va chet tillarni bilish;
• Talabchanlik;
• Adolatlilik;
• Shirinso‘zlik.
Agar o‘qituvchida shu xislatlar jam bo‘lsa, u o‘quvchiga sifatli ta’lim berishi aniq. Biroq ta’lim sohasida qator muammolar ham borki, ularni ko‘z oldimizga keltirsak, hammasi faqat o‘qituvchigagina bog‘liq emasligi ayon bo‘ladi.
Avvalo sinfda o‘quvchilar sonini kamaytirish juda zarur. Bir sinfda 35–38 nafar o‘quvchi ta’lim olyapti. Rivojlangan davlatlar tajribalari asosida sinf o‘quvchilari sonini 12–15 nafarga kamaytirish yoki asosiy fanlar(ona tili, matematika, kimyo, fizika kabi)-ni bo‘lib o‘qitish kerak. Bu usul juda katta samara beradi. O‘quvchi uchun ham, o‘qituvchi uchun ham qulay. Qolaversa, har bir o‘quvchi darsda ishtirok etib, baholanishi, o‘qituvchi ularning har biri bilan alohida, bemalol ishlashi mumkin.
O‘quvchilar va ota-onalar jamoasiga fan o‘qituvchilarini tanlash huquqini berish kerak. O‘qituvchilar so‘rovnoma o‘tkazish orqali tanlanadi va pedagogik kengash muhokamasiga qo‘yib, shu orqali dars taqsimlanadi. Bu tizim pedagoglar o‘rtasida sog‘lom raqobatni keltirib chiqaradi va har qanday dangasa, bilimsiz o‘qituvchining o‘z ustida ishlashiga turtki beradi. Natijada sifatsiz ta’lim beruvchi kadrlar o‘z-o‘zidan kamayadi.
Shu o‘rinda yana bir fikrimni ta’kidlab o‘tsam. Direktor o‘rinbosarlarining maoshi miqdorini qayta ko‘rib chiqish kerak, nazarimda. Agar ularning ham ish haqi miqdori ko‘tarilsa yoki qo‘shimcha ustama joriy etilsa yaxshi bo‘lar edi. Qo‘shimcha 10 soat darslari uchun ta’tilda pul to‘lanmaydi, shu sabab, ayrim iqtidorli, o‘z ishining ustasi bo‘lgan rahbarlar “dars o‘tganim yaxshi ekan”, deb lavozimlaridan bosh tortib, oddiy o‘qituvchilikni tanlamoqda.
Muhabbatxon ORIPOVA, Namangan shahridagi 62-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi