Pedagoglar hayotida onlayn maktab
“Onlayn maktab” yurtimiz pedagoglarining qanchalik fidoyi, o‘z kasblariga mas’uliyat bilan yondashishlarini ko‘rsatdi. O‘qituvchilarning yangi qirralarini ochib berdi.
Onlayn ta’lim jarayoni o‘zini oqlay olayaptimi? Hamma ta’lim beruvchi yoki ta’lim oluvchilar unda faolmi? Yoshlar o‘ziga yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri, unumli foydalanyaptimi? Bu faoliyatga ota-onalarning munosabati, ko‘magi qanday?
Albatta, bu savollarning javobi u qadar ko‘nglimizdagidek bo‘lmasligi mumkin. Sinfxonada dars berishga odatlangan ustozlar uchun masofadan turib o‘quvchilar bilan ishlash oson kechmadi, albatta.
Qiyinchiliklar ko‘proq nimalarda ko‘zga yaqqol tashlandi? Avvalo, bu jarayonda ishlash uchun ta’lim beruvchi hamda ta’lim oluvchilarning hammasi ham kompyuter va internetda ishlashga to‘laqonli tayyor emasdi. Hatto ba’zi ustozlar telegramni qanday ishlatishni mazkur jarayonda majburlikdan o‘rgandilar. Ayrim joylarda internet tezligining yaxshi emasligi ham o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmasdan qo‘ymadi. Shuningdek, hamma pedagoglar ham o‘z ishiga nisbatan mas’uliyatli, talabchan, fidoyi deya olmaymiz. Shu bilan birga ota-onalarimizning barchasi ham bu ta’lim jarayonida farzandlarining ilm olishini to‘g‘ri qabul qildi, tushunib yetdi, ko‘maklashdi, deb ham bo‘lmaydi. O‘ylab ko‘ring, oilada bitta-ikkita telefon bor, xolos. Uni ham ota-ona yoki oilaning katta farzandlari ishlatadi. Maktabda o‘qiyotgan bolalari kamida 2-3 nafar. Qisqasi, hamma oilalarda ham bolalar uchun masofaviy ta’lim olishga sharoit to‘liq yaratildi, deb bo‘lmaydi. O‘z faoliyatimda bunga amin bo‘ldim.
Mana shu muammolar sabab ba’zi o‘quvchilar o‘zlaridagi imkoniyatdan kelib chiqib bog‘lanishar, shu bois, biz ustozlar kunning istalgan payti onlayn bo‘lib turishimizga, o‘quvchilar bilan alohida-alohida ishlashimizga to‘g‘ri kelardi. Biroq buning aksi o‘laroq, o‘z farzandlarining ilm olishiga astoydil harakat qilgan, ularga jon-dildan ko‘maklashgan ota-onalar ham yo‘q emas. Ayniqsa, bu bizning jamoa faoliyatida ko‘proq ko‘zga tashlandi.
Ogahiy ijod maktabi o‘qituvchilar jamoasi pandemiya sharoitida aslo ortga chekinmadi. Ayrim qiyinchiliklarga qaramasdan o‘quvchilar bilan astoydil shug‘ullanib, o‘z bilim va mahoratlarini ishga soldilar. Videodarslar, audiodarslar, prezentatsiyalardan unumli foydalanildi. Qiziqarli viktorinalar, “O‘yla, izla top!” rukni ostida musobaqalar, savol-javoblar, fanlar bo‘yicha test tanlovlari orqali o‘quvchilarning faolligi oshirildi. Bu jarayon ustozlarda ham ijodkorlik hissi yanada oshishiga, ba’zi o‘quvchi hamda o‘qituvchilarimizning ochilmagan qirralarini kashf etishimizga turtki berdi. Ular she’riyat, nasr, publitsistika, ifodali badiiy o‘qish, rasm chizish, shuningdek, texnologiya, kompyuter texnologiyalari sohalarida o‘zlarining ijodiy ishlarini namoyon eta olishdi.
Yozgi ta’til payti ham jamoa o‘z faoliyatini to‘xtatmadi. “Har haftada bir kitob” loyihasi doirasida o‘quvchilar orasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish orqali yaxshi natijalar qo‘lga kiritilmoqda. Shuningdek, ijod maktabida O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyat bo‘limi hamda Urganch davlat universiteti bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan “Mahorat dars”lari yozgi ta’til va pandemiya sharoitiga qaramay o‘z faoliyatini to‘xtatgani yo‘q. Har bir fan bo‘yicha tashkil etilgan to‘garaklar ham o‘z ishini muntazam davom ettirgan holda, fan doirasida o‘quvchilarning olgan bilimlari yanada mustahkamlanishiga erishilmoqda.
Muhabbat JUMANIYOZOVA, Ogahiy nomidagi ijod maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi