Buyuk imoratga munosiblik
Hayotimizda ro‘y berayotgan har bir yangilikni, katta ziyolilar qatlami — o‘qituvchilar shunchaki kuzatishmaydi. Jumladan, ta’limdagi islohotlarni ham. Ayniqsa, pandemiya tufayli ta’limdagi uzilish, ularni ma’lum vaqt, maktab bag‘ridan uzoqlashib, uyda bo‘lishga majbur qildi. Ammo, keng jamoatchilik, murabbiylar ham maktabni sog‘ingani rost. Atrofi tog‘lar bilan o‘ralgan Qo‘shrabod kengliklarini kezib, buni yana ham sezdim.
O‘qituvchi ham ijodkor
Bundan bir necha yillar avval Qo‘shrabod tumani Jombuloq qishlog‘idagi 50-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Ilhomiddin Zayniddinovning izlanishlari haqida “Ma’rifat” gazetasiga maqola yozgan edim. ”Matonatli murabbiy” nishoni sohibi Ilhomiddin Zayniddinov, 2010-yilda “Musiqa madaniyati darsi samaradorligini oshirishda innovatsion texnologiyalardan foydalanish” mavzusida kichkinagina kitobchasi orqali musiqa fanini o‘qitishning ilg‘or usullarini tilga olib o‘tadi. “Avvalo “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” yilidagi ta’limdagi yangilanishlar, oddiy bir qishloq muallimi sifatida meni ham doimo o‘z ustimda ishlashga va izlanishga undaydi. Prezidentimizning shu yil boshida “Oliy Majlis”ga qilgan murojaatnomasida tilga olingan masalalar barcha fan o‘qituvchilari zimmasiga katta vazifalar yuklagan. Axir hayot tez o‘zgarayapti. Ilm ma’rifat yili doirasidagi yangilanishlar ta’limni tubdan takomillashtrish va u orqali samaradorlikka erishishga qaratilgan. Ayniqsa, maktablardagi bir xil, bir qolipdagi dars uslubidan voz kechib, ijodkor, iqtidorli o‘qituvchilarni birlashtirib, har bir murabbiyning taklif va mulohazalarini inobatga olish kerak, — deydi suhbatdoshim. Shu bois “Ijodkor o‘qituvchilar” klubi tuzishni va u orqali ularning intilishlarini qo‘lab-quvvatlash, izlanishlarini keng yoyishni taklif etaman. Klubning vazifalaridan biri aniq tavsiyalar, ko‘rgazmali vositalar ishlab chiqish, g‘oyalar yaratishdan innovatsion ishlanmalarda, ularning bilim va mahoratini birlashtrishdan iborat. ”Ijodkor o‘qituvchilar” klubi 3 yoki 5 nafar kishidan iborat bo‘ladi. Ularning mulohazalari matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda yoritib boriladi.
Ilhom aka 1996-yili SamDUning musiqa pedagogika fakultetini tugallagan. 24 yillik ish tajribasiga pedagog. Aniqroq aytganda mustaqillikdan keyingi davrda qishloq maktablarining quvonch va tashvishlariga sherik murabbiy.U kishi avval ishlagan 22-umumta’lim maktab bolalar ijodiy jamoasi 10 yil davomida tumanda birinchilikni qo‘ldan bermagan.
Havasdan ham ijod tug‘iladi.
— Mahmud Namozovning qo‘shiqlari shaydosiman, — deydi Ilhom aka. — Keyin bilsam, u kishi 12 yil Surxandaryoda qishloqda musiqa muallimi bo‘lgan ekan. Bir necha yil oldin taniqli olim, san’atkor Hojiakbar Hamidov Qo‘shrabodga kelib bayramda qo‘shiq aytdi. Xalq to‘lqinlanib tingladi. Bastakor Shermat Yormatovning ijodini kuzatib boraman. Yaqinda Mahmud Tojiboyev teleekran orqali jo‘yali mulohazalarni bildirdi. Bolani barkamol voyaga yetishida musiqa faning o‘rni nihoyatda katta. Agar biz ularning mukammal barkamol voyaga yetishida ma’naviy kuch beruvchi musiqaga oshno qila olmasak, u bachkana, ma’naviy kuch bermaydigan musiqaga oshno bo‘ladi va uning xarakterida shunga mos belgi shakllanadi. Kelgusida esa bu uning butun umri davomida qanday odam bo‘lib shakllanishiga juda va juda ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois bolani mukammal tarbiyalaydigan bo‘lsak, uning estetik tarbiyasida milliy, ma’naviy yuksaklikka yetaklovchi musiqiy ta’limni yo‘lga qo‘yish zarur.
Eng buyuk imorat
— Pandemiya davrida o‘qituvchi, o‘quvchi ham maktabni birvarakayiga sog‘indi, — deydi maktab direktori Sunnat G‘ofurov. — Ta’limda uzilish bo‘lishi o‘qituvchilarning o‘z ustida muntazam ishlashidan chalg‘itadi. Onlayn ta’lim tezkor va zamonaviy bo‘lsa-da, an’anaviy ta’limning o‘rni beqiyos katta. Maktabimizda 500 ga yaqin o‘quvchiga 30 ga yaqin o'qituvchi dars beradi. Maktabimiz 1964-yili hashar yo‘li bilan qurilgan. Pandemiya davrida Prezidentimiz “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Unda aynan hududlarda qishloq joylarida matematika fanini o‘qitishni takomillashtirishga ham e’tibor berilgan. Uzluksiz ma’naviyat tarbiya konsepsiyasi doirasida “Tarbiya” fani joriy etilayapti. Bu o‘zgarishlar biz o‘qituvchilarni quvontirayapti. Endigi maqsad dunyo imoratlari ichidagi eng buyuk imoratga munosib murabbiy bo‘lishga qaratilgandir.
An’anaviy ta'limni intiqlik bilan kutayotgan barcha murabbiylarga esa ishlarida omad tilab qolamiz. Eng muhim ana shu buyuk imoratning mustahkamligiga fidoiylik bilan hissa qo‘sha olishlikdir.
O‘ljaboy QARSHIYEV