Fizika fanini o‘qitishdan maqsad
Fizika fanini o‘qitishdan asosiy maqsad, birinchidan, tabiatning fundamental qonunlarini ilmiy asosda tushuntirish, o‘quvchilarning ilmiy dunyoqarashi va falsafiy mulohaza yuritish qobiliyatini rivojlantirish, texnikada va turmushda foydalanilayotgan uskuna va jihozlarning ishlash prinsipini tushuntiruvchi fizik jarayonlar haqida tasavvurlarini shakllantirish bo‘lsa; ikkinchidan, ta’lim olishni davom ettirish uchun mustahkam zamin yaratishdan iborat. Chunki fizika so‘zi yunoncha “phusis”—tabiat so‘zidan olingan bo‘lib, uning qonunlari barcha tabiatshunoslik fanlarining asosida yotadi.
Fizika — texnika bilan chambarchas bog‘langan. Bu bog‘lanish quyidagi ikki tomonlama namoyon bo‘ladi:
— fizika odamlarning turmush ehtiyoji sifatida vujudga keladi. Masalan, qurilish va harbiy ehtiyojlar mexanikaning va termodinamikaning rivojlanishiga olib kelgan;
— fizikaning rivojlanishi ishlab chiqarishning texnikaviy darajasiga ta’sir ko‘rsatadi. Fizikada kashfiyotlar amalga oshirilgandan so‘ng, ularni ishlab chiqarishga tatbiq etish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar maydonga chiqadi va insoniyatning og‘irini yengil qiluvchi uskunalarni yaratadilar. Atom va yadro fizikasi sohasidagi kashfiyotlar atom energiyasidan foydalanish imkoniyatlarini berdi. Yarimo‘tkazgichlarning kashf qilinishi radio va elektron hisoblash texnikasida inqilobiy o‘zgarishlarga olib keldi. Kosmosning o‘zlashtirilishi dunyoning istalgan chekkasidan ma’lumotlarni uzatish, lazer nurlarining kashf qilinishi esa undan texnikada va sog‘liqni saqlash sohalarida foydalanish imkonini berdi. Shu nuqtayi nazardan fizikaning inson sog‘lig‘ini saqlash sohasida qo‘llanilishi alohida e’tiborga molikdir. Fizika yutuqlaridan tibbiyotda ikki xil maqsadda foydalaniladi:
birinchisi — bemorga tashxis qo‘yish uchun shifokorga yordamchi sifatida — kardiografiya, rentgenodiagnostika, kompyuter tomografiyalari va hokazolar;
ikkinchisi — turli kasalliklarni davolashda — fizioterepiya, lazer nurlari yordamida davolash va hokazolar.
Fizika fanining kundalik hayotdagi o‘rnini baholash maqsadida o‘tirgan joyingizdan atrofingizga bir boqing. Nimalarni ko‘ryapsiz? Xonangiz qanday yoritilyapti, qanday isitilyapti, kompyuteringiz energiyani qayerdan oladi va unga ma’lumotlar qanday keladi? Televizordan ko‘rsatilayotgan harbiy texnika qanday yaratilgan? Derazadan tashqariga bir nigoh tashlang. Yo‘llarda harakatlanayotgan turli-tuman mashinalar, ularning harakatini boshqarib turgan svetofor, osmon-u falakda uchib ketayotgan samolyotlar, raketalar — ularning hammasi fizika qonunlarining texnikaga tatbiqining mahsuli emasmi?!
Yo‘lning narigi tarafida Geologiya qo‘mitasi joylashgan. Bir vaqtlar geologlar foydali qazilmani topish uchun “kompas va bolg‘a”dan foydalanishgan. Shunda ham kompasning ish prinsipini bilmaganlar (fizikani bilmaganlar) quruq qaytishgan. Bugun esa foydali qazilmalar eng sezgir seysmodatchiklar, georadarlar, aerogeologiya usullari bilan topiladi. Foydali qazilmalarning tarkibi esa zamonaviy spektrograf va spektrometrlar yordamida aniqlanadi. Bu jihozlarning barchasi fizika fani yutuqlarining mahsuli bo‘lib, ular tinimsiz takomillashtirib borilmoqda. Agar geologlar bu jihozlarning eng zamonaviylari bilan qurollantirilmasalar “kompas va bolg‘a” yordamida ish ko‘rgan ajdodlaridan farq qilmay qoladilar. Topilgan foydali qazilmalarni saralash, hattoki neft va gazni qayta ishlash ham fizik jarayonlar asosida amalga oshiriladi.
Ko‘chada yurganlarning aksariyatida niqob bor. Aholi orasida tojlivirus tarqalgan. Bugungi kunda chet ellardan katta mablag‘larga o‘pkani sun’iy shamollatuvchi qurilmalar keltirilmoqda. Uning vazifasi kislorod va qisilgan quruq havoni o‘pkaga yuborishdan iborat. Hammada pulsoksimetr bo‘lishi maqsadga muvofiq deyilmoqda. U ham arzon emas. Infraqizil to‘lqinlar manbayi va ularni qayd etuvchi bu jihoz, infraqizil nurlarning kislorod bilan to‘yinganligiga muvofiq yutilishiga qarab gemoglobinning oksidlanish darajasini ko‘rsatadi. Xlor ikki oksidning sublimatsiyasiga asoslangan, ishonchli blokatorlar ham ancha turadi. Hozir qayerga borsang kontaktsiz termometr (pirometr) yordamida harorat o‘lchanmoqda. Undan foydalanayotganlarning hammasi ham uning ish prinsipini biladimi? U inson tanasidan ajralayotgan issiqlik nurlarining quvvatini o‘lchashga asoslangan. Bu matohni sotib olish uchun yuz millionlab so‘m mablag‘ sarflanmoqda. Agar fizikani yaxshiroq bilganimizda edi bu mablag‘ o‘zimizda qolgan va yana allaqancha mablag‘ ishlab topgan bo‘lardik. Afsus!
Hozir barchaning umidi “vaksina”lardan. Ular qanday topiladi? Kuchli mikroskoplar ostida olib boriladigan tadqiqotlar natijasida. Topilganlari esa avtomatlashtirlgan liniyalarda ishlab chiqariladi. Mikroskoplar ham, ishlab chiqarish liniyalari ham fizika fani yutuqlariga tayanib yaratiladi.
Hurmatli o‘quvchilar, turmush tarzimizning yaxshilanishi ko‘p jihatdan fizika fanini o‘rganishimizga, uning yutuqlarini ishlab chiqarishga tatbiq etishimizga bog‘liq. Agar yaxshi yashashni istasak uni o‘rganishga katta e’tibor berishimiz kerak. Aks holda ahvolimiz bundan yaxshi bo‘lmaydi.
Abduqahhor G‘ANIYEV, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent, Nizomiy nomidagi TDPU Shahrisabz filiali direktori