Men — jajjilar o‘qituvchisiman
Oldimga jiddiy vazifalar qo‘yganman. Bu katta mas’uliyat va sevgi bilan amalga oshadigan ishlar. Bolalarga bo‘lgan muhabbat. Yuragida bu tuyg‘u ufurib turgan inson hech qachon hammaga o‘xshash o‘qituvchi bo‘lmaydi.
Boshlang‘ich sinf mutaxassisligini tanlashimga ana shu muhabbat yo‘l boshlagan. Bolalar birinchi o‘qituvchisining mehribon va muloyim qiyofasini butun umr esdan chiqarishmaydi. Bu ustoz ikkinchi onadek ular hayotida muhim o‘rin tutadi. Hayotimni aynan mana shunday mazmunda ko‘rishni istadim. Va o‘z imijimni yaratish ustida ko‘p ishladim.
Bu “ona” birinchi navbatda qat’iy va mehribon, talabchan va quvnoq bo‘lishi kerak. Birinchi muallim ta’lim jarayonlariga endigina kirib kelgan quvonchli ko‘zlar, bu ko‘zlarda o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladigan hayrat va jajji qalblardagi yengil qo‘rquvga duch keladi. Bularni ko‘ra bilish esa sinchkovlik talab qiladi. Bu murg‘akni qanday odamlar o‘rab turubdi, har kuni qanday so‘zlarni eshitadi, qanday his-tuyg‘ularni boshdan kechiradi? Xuddi mana shu omillar muallimning yelkasiga tushadigan mas’uliyat yukiga yuk qo‘shadi.
U bolalik o‘zi nima ekanini yaxshilab anglab olishi kerak!
Bolalik bu — inson hali ham yordamga muhtoj va qaram bo‘lgan, ruhiyat hali ham beqaror bo‘lgan davr. Hayotning eng boshidir.
Pedagogik faoliyatimning eng sevimli daqiqalaridan biri bo‘lajak birinchi sinf o‘quvchilarining uchrashuvidir. Vaqt o‘tib ular katta odamlarga aylanishadi. O‘shanda ham ular mehribon bo‘lishlarini, go‘zalliklarni ko‘ra bilishlarini, qish kunlari och qolgan qushlarni parvarish qilishlarini, quyoshning botishi va chiqishidan zavq olishlarini, do‘stlikni qadrlashlarini istayman.
Kichik o‘quvchi uchun maktabda hamma narsa muhim: sinfdagi qulaylik, darslikning go‘zalligi, o‘qituvchining so‘zlari, tashqi ko‘rinishi, partadoshi, hatto derazadan tushadigan quyosh nurlari ham... Kichkina odamning qalbini aql va yaxshilik nuri bilan to‘ldirishga harakat qilaman.
Bolani, uning tashqi ko‘rinishi, qobiliyati, afzalliklari, kamchiliklaridan qat’i nazar, sevish kerak. Fikrimcha, o‘qituvchi yaxshi va sodiq do‘st, unga yordam so‘rab murojaat qilishingiz, birga yig‘lashingiz yoki kulishingiz, dars mavzusini yoki yangi filmni muhokama qilishingiz mumkin. Bilmayman, kelajakda ularning qay biri qanday insonga aylanadi, asosiysi, uni hozir inson qilib shakllantirishdir. Ularning biri yaxshi bahoga, ikkinchisi qiziqarli topshiriqqa, uchinchisi muhabbatga, boshqasi esa dalda va e’tirofga muhtoj. Ularga kerak vaqtda kerak narsani bera olish muhim.
O‘zimga qo‘yiladigan yuqori bahoni faqat o‘quvchilarimdan olishni istayman!
Agar ular qiziqish va faollik ko‘rsatsalar, men baxtliman. Shuning uchun har bir darsni ular uchun zavqli, qiziqarli maydonga aylantirishga intilaman. Bolalarning qoldirmay maktabga kelishlari va dars tomon talpinishlari, darsning har bir lahzasini ko‘zlarida miltillagan g‘ayrat bilan o‘tkazishlari uchun ijodning barcha turlari va imkoniyatlaridan foydalanaman. Va buning evaziga eng “a’lo” bahoni ulardan olishni istayman.
Tasavvur qiling, har kuni darsga kelasiz va sizni intizor bo‘lib kutayotgan bir talay bolalarning chug‘ur-chug‘uri ichiga kirib borasiz. Ularning har biri darhol sizga o‘z yangiliklarini aytishga shoshilishadi... Kecha dadasi bilan cho‘milishga borgani, singlisining tug‘ilgan kunida shirinlik shamini qanday puflashgani, mushukchasining suv to‘la ariqqa tushib ketgani... ba’zan salom berishni ham unutib o‘z qalbini junbushga keltirgan bu hodisotlarni siz bilan bo‘lishishadi. Ularni sevsangiz hammasini jon qulog‘ingiz bilan eshitasiz. Ularga jo‘r bo‘lib kulasiz, achinasiz, yig‘laysiz. Bordi-yu kayfiyatingiz tushkunligi yoki tobingiz yo‘qligini sezib qolishsa sizni quchoqlab “bo‘g‘ib qo‘yishlari” ham hech gapmas. Bunday darajaga ko‘tarilganingiz eng baxtli ustozga aylanganingizdan dalolat!
Gulchehra AHMEDOVA, Mirobod tumanidagi 125-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi