Sinf rahbarining bir kuni…
Nigora maktabdagi kundalik ishlarini yakunlagach, uyiga odatdagidan ertaroq qaytdi. Yo‘l-yo‘lakay ro‘zg‘or yumushlarini rejalashtira boshladi: “Anchadan buyon nimadir sabab bo‘lib, kech qaytyapman. Bolalarim tezpishar taomlardan zerikdi, chog‘i. Bugun ularni bir xursand qilay, somsa tugsammikan yoki manti qilsammi?
Baxtimga oilamdagilar meni tushunadi, injiqlik qilmaydi”. O‘zini baxtli oila davrasida tasavvur qilgan Nigora beixtiyor jilmayib qo‘ydi. Shu tariqa uyiga qanday kelganini ham bilmay qoldi. Yelkasidagi butun tashvishlarini uloqtirishga muvaffaq bo‘lgan o‘qituvchi-ayol bir zumda mehribon ona, pazanda bekaga aylandi-qoldi. Turmush o‘rtog‘i ishdan kelguncha farzandlari bilan hammayoqni saranjom-sarishta qilishga ulgurdi. “Ochil dasturxon” muhayyo bo‘ldi.
Issiq taomni olib kirgan Nigora darvozaning qattiq-qattiq taqillaganidan xavotirga tushdi: “Tinch bo‘lsin-da, ishqilib”. Turmush o‘rtog‘i kim kelganini bilib qaytguncha xayolning turli ko‘chalariga kirib chiqdi. “Bor, seni chaqiryapti, ota-onalaring uyda o‘tirganday ham qilmaydi, qanday ish bo‘ldi bu?” ― birinchi marta noroziligini ochiqlagan eriga javob bermay, ko‘chaga otildi. Xavotiri o‘rinliga o‘xshaydi, kech bo‘lishiga qaramay biror o‘quvchisi uyiga bormagan yoki kim bilandir urishdimikan? Qisqa muddatda Nigoraning aft-angori o‘zgardi, ko‘zlaridan faqat tashvish, xavotirni uqish mumkin edi. Ochiq turgan darvoza tabaqasidan o‘quvchisi Ruxsoraning onasi ko‘rindi. Salomdan avval uzrini bayon eta boshlagan ona birdan yig‘lab yubordi. “Yana qizi bilan tortishibdi-da,” o‘yladi Nigora. Bafurja gaplashish uchun onani uyiga taklif qildi va uydagilarga uni kutmasdan ovqatlanaverishlarini aytib, iziga qaytdi.
Ruxsoralar oilada besh qiz. Ikkinchi qizining har kungi xarxashalari-yu, jizzakiligiga chidolmagan ona bugun ham urishgan shekilli, ovozidan hali ham asabiy ekani ko‘rinib turardi. Nigora bosiqlik bilan nima bo‘lganini so‘radi. Ona bo‘lgan voqeani bir boshidan gapirdi.
― Uch kun bo‘ldi, qizim men bilan gaplashmaydi. Nima qilsam ham ko‘nglini topolmadim. Hamma narsadan kir axtaradi. Opasini kollejga qo‘ygandim. O‘qishga kirolmadi, bu yil repetitorga berdim. Ko‘proq yangi kiyimlarni shu katta qizga olib beraman, singillari ham kiyadi deyman. Topgan gapi: qolgan qizlaringizni yaxshi ko‘rasiz, aytganini muhayyo qilasiz, menga e’tibor qaratmaysiz, deydi. Nima qilay, otasining bir o‘zi ishlaydi, imkoniyatimiz bo‘lsa, hammasining aytganini qilmasmidik?! Bugun darsdan shosha-pisha keldi-da, qo‘shni qiz bilan chiqib ketdi. Qayerga ketayotganini so‘rasam, dadasiga qarab: “Ustozimiz to‘garakka chaqirgan”, dedi. Kichik qizim sizning uyga qaytayotganingizni ko‘rib, opasining hali ham kelmaganini aytdi. Sizga qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilib, bog‘lanolmadim. Haytovur, kelib qoldi. Qistovga olib so‘rasam, kimyo ustozining yoniga borganini aytib, zarda bilan ichkariga kirib ketdi. Uning yolg‘on gapirayotganini sezib turibman. Qizlarim katta bo‘lgan sayin qo‘rqyapman. Siz belgilagan soatdan ham kech keladi, gapimga quloq osmaydi. Ustoz, qizim sizni aytsam, biroz tinchlanadi. Uyimizga yuring, qayerga borganini bilaylik.
Nigora yo‘l-yo‘lakay onadan qaysi qo‘shni qiz bilan ketganini so‘radi va uni tinchlantirishga urindi.
― Ruxsora aqlli qiz, maktabda yaxshi o‘qiydi, vaqtini behuda yo‘qotmaydi. Mana, ko‘rasiz, rostdan ham kimyo ustozi chaqirgandir. Qolaversa, siz aytgan qo‘shni qiz ham maktabimizning eng tarbiyali, bilimdon qizlaridan. Shunday deyapti-yu, bugun sinfiga kimyodan to‘garak yo‘qligini o‘ylab, o‘quvchi-qizning yolg‘on gapirganidan ko‘ngli g‘ashlandi.
Ruxsora ustozini ko‘rib, boshini quyi soldi. Onasi baqira ketdi:
― Qani, ustozingga ham yolg‘on gapirib ko‘r-chi? Ayt endi, shu paytgacha qayerda eding? Uyga bir tiyinlik foydang tegmaydi. Qo‘shni qizga qo‘shilma, deyman senga.
Ruxsora onasining gapiga javoban og‘iz juftlamoqchi bo‘ldi, ammo ustozi borligi uchun indamadi. Ona yana asabiylashib qo‘pol so‘zlarni ishlata boshlagan edi, Ruxsora Nigoraning bag‘riga otildi:
― Ustoz, sizga nima degandim?
Onasiga qizi bilan yolg‘iz qolishini aytib, o‘quvchisi bilan dildan suhbatlashdi.
― Qizim, nega onangga behurmatlik qilyapsan? Bugun to‘garaging yo‘q edi-ku, seni nima majbur qildi yolg‘on gapirishga. Maktabda hamma senga havas qiladi, odobing, o‘qishing bilan o‘rnaksan. Lekin oxirgi paytlar, yosh ustozlardan biriga gap qaytaribsan. Nima bo‘lyapti o‘zi? Qani, bir ikkalamiz dardlashaylik-chi? O‘quvchisining javob bermay jim turishiga qo‘yib berdi. Ruxsora birozdan so‘ng gap boshladi:
― Ustoz, onam meni boshqa qizlariday yaxshi ko‘rmaydi. Bir kuni arazlab xolamnikiga ketdim. O‘sha kuni isitmaladim. Xolam onamni chaqirdi, ammo kelmadi, hatto holimni ham so‘ramadi. Dars qilib o‘tirsam, “Sen opangga hasad qilyapsan, uning o‘qiganini ko‘rolmayapsan, agar yaxshi qiz bo‘lsang, uyning ishiga qarasharding”, dedi. Nima ish qilsam, xato topadi, faqat urishadi. Qo‘shni qizlar bilan gaplashgani qo‘ymaydi. Ularga ham baqirganida xijolat bo‘lib ketaman. Uyda turgim kelmaydi, ustoz. Maktabdan kech kelishimga sabab ham aslida shu. Bugun ham darsdan kelishim bilan javray boshladi. Uydan chiqib ketishga bahona izladim. So‘ng Nafisa bilan qo‘shimcha o‘qishiga borib keldik. Ustoz, meni kechiring!
Nigora nima qilishini bilmay qoldi. Ona-bolani yarashtirish yo‘lini o‘yladi. O‘tgan kuni qizlardan biri Ruxsoraning jizzaki bo‘lib borayotganini aytib, u har kuni uyidan tushkun kayfiyatda kelishi, maktabda g‘ala-g‘ovurdan ovunishi, dars tugagach, uyga qaytgisi kelmasligini aytgandi. Shundan so‘ng, qiz bilan yaqindan suhbatlashib, maktab psixologiga uchrashtirdi. Yaxshi kayfiyatda uyiga kuzatdi. Ikki-uch kun xatti-harakatini, darsdagi ishtirokini zimdan kuzatib, xavotirga o‘rin yo‘qligini anglagandi.
Aslida muammo qizning uyidagi holat bilan bog‘liq ekan-da. Nigora birdan sergak tortdi: Ona bilan suhbatlashishim kerak! U Ruxsoraga ona dunyodagi eng aziz inson ekanligini, ularning tanbehlari ham aslida mehrga to‘la qalbi borligidan xabar beruvchi bir necha hayotiy voqealarni aytib berdi. Qizni onasini to‘g‘ri tushunishga undadi. So‘ng onasini chaqirib yuborishini so‘radi. Bu paytga kelib ona ancha o‘zini idora qilgan bo‘lib, Nigoradan kech bo‘lganda bezovta qilgani uchun qayta-qayta uzr so‘radi. Nigora istihola bilan gap boshladi:
― Bilasizmi opa, sizning farzandingiz ― mening ham bolam. Shuning uchun yosh bo‘lib aytsam ham gapimni og‘ir olmang. Ruxsoradagi muammo faqat oilasi bilan bog‘liqqa o‘xshaydi. Opajon, o‘zingiz aytgandingiz-ku, qizim kichikligida ko‘p kasal bo‘lgan, deb. Balki shuning uchun ham e’tibortalab bo‘lib qolgandir. Hozir sizning mehringiz hammasiga bo‘linayotganini u qayoqdan ham bilsin? U sizni juda yaxshi ko‘radi, hozir menga aytdi, sizdan ko‘proq mehr istayapti, xolos. Keling, opajon, qizingizni o‘sha go‘dakligidagidek suying, erkalang, bag‘ringizga bosing, iltimos. Do‘st bo‘lib ko‘ring. Bolaligingizni aytib bering. Nima uchun xavotirlanishingizni mehr bilan tushuntiring. Mana ko‘rasiz, hamma aytganlaringizni bekam-u ko‘st qiladi.
Onaning ko‘zidan yumalab tushgan yosh vaziyatning yumshaganini anglatdi, eshikdan sekin Ruxsorani chaqirdi. Onasidan kechirim so‘rashini qulog‘iga shipshitib, o‘zi ko‘chaga chiqdi. Vaqt allamahal bo‘lganini unutgan Nigora g‘amgin kayfiyatda uyiga yo‘l oldi…
Oddiygina ko‘ringan sinf rahbari vazifasining yukini uning bir kuni misolida ko‘rdik. Siz nima deysiz, aziz hamkasb?
Dildor NURMUHAMMEDOVA, o‘qituvchi