Muborak binoga ehtirom
Har yili 1-oktabr — O‘qituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘qituvchilar, murabbiylar sha’niga eng samimiy fikrlar bildiramiz, ularni qutlashga shoshilamiz. Hayotda har bir inson, ustoz murabbiy qo‘lida tahsil oladi. Bu yilgi pandemiya sabab esa ta’lim tizimida ma’lum muddat uzilish bo‘ldi.
— Dars mashg‘ulotlari boshlanishi bilan yana maktab bag‘riga bolalarimiz oshiqishayapti, — deydi Nurota tumanidagi 44-maktab direktori Quvondiq Omonov. — Bolakaylar ham axir teng qurlarini ustozlarini sog‘inishgan. Ammo, karantin talablariga rioya qilishimiz, kasallikka qarshi hushyor turishimiz shart. Maktabimiz jamoasi uncha katta emas. Prezidentimizning “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori maktabimiz jamoasini xursand qildi. Qarorda matematika o‘qitishning yangicha talablari va ilmiy tadqiqotlarini rivojlantirishga asosiy e’tibor qaratilgan bo‘lsada, unda qishloq maktablarida ham matematika fanini o‘qitishni takomillashtirish yuzasidan rejalar tilga olingan. Masalan, Qorako‘l shahridagi mashhur matematika yulduzlarini kashf etgan akademik litsey ta’rifini eshitmagan odam bo‘lmasa kerak. Biz shu maktab jamoasiga katta havas bilan qarar edik. Endilikda barcha maktablarda matematika o‘qitish sifati takomillashtiriladi. Albtta, qishloq sharoitidagi maktablar hali shahardagiday takomillashgani yo‘q. Shunday bir fikr borki, bolaning orzusiga sherik bo‘lib ko‘nglingiz tog‘day ko‘tariladi. Axir shu farzandlar kamolidan ortiq baxt bormi? Ota-onaning orzusi, tashvishi ham ham shu. Maktablarga e’tibor berilayotgani, o‘qituvchining qadri oshayotgani quvonarli albatta. Ammo, davr zamon tezlashib bugungi o‘qituvchining o‘z ustida doimiy izlanishini talab qilayapti. O‘zimning katta qizimni O‘zbekiston Davlat madaniyat va san’at institutining kutubxonachilik fakultetida kontrakt asosida o‘qitdik. Oilamizda kenja farzandman, ota-onaga qarash, ota uyning chirog‘ini yoqish ham mening zimmamda bo‘ldi. Ko‘pchilik kutubxonaga ham o‘qish 4 yil o‘qish shartmi, deb so‘radi. Ammo qizim aynan kutubxonachilikka o‘qiyman deb turib oldi. Keyingi qizimdan qaysi kasbni tanlaysan deb so‘radim. Javobni eshitib, yana lol qoldim. Qizim styuardessalikka o‘qiyman deb turib oldi. Orzuga ayb yo‘q. Ammo ham murabbiy ham, ham maktab rahbari sifatida ham ota-onalarni farzandlarining qiziqishiga qarshi bormasdan kasb tanlashiga ijobiy yondashishlarini so‘rab qolardim. Sababi, bolaning ichki qalb intilishi to‘silsa, u iqtidorini to‘la namoyon qila olmaydi. Imkoniyatdan foydalanib kichik jamoamiz nomidan O‘zbekistonimizdagi barcha murabbiylarni kasb bayramlari bilan tabriklayman. Davlatimiz rahbari biz murabbiylarni shu kunning qahramoni deb atagan ekan, rostdan ham shu fidoiylikka munosib bo‘laylik.
Matematika mo‘jizasiga ishonaman.
— Alisher Navoiy nomidagi SamDUning matematikea fakultetini tugallab kelgach,qishloq maktabida faolliyatimni boshladim, — deydi Nog‘ora qishlog‘idagi 41-maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Omonov. — Hozirku maktablar ta’miridan nolimaymiz. U paytlar hashar yo‘li bilan qurilgan, ibtidoiy ko‘rinishdagi maktablar edi. SamDUda taniqli matematik olimlar Ahmadjon Soliev, Aktam Jalilov, Joniqul Abdullaev, Saidakmal Laqaev, Xayriddin Sunnatovlar qo‘lida tahsil oldik. Prezidentimizning “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini o‘qib xursand bo‘ldim. Endilikda eng rivojlangan matematik taraqqiyot ustunlik qiladi. Raqamli iqtisodiyot deysizmi, raqamli tibbiyot deysizmi, har bir harakatda matematik bilim va yondashuvsiz ishingiz bitmaydi. Qarorda qishloq maktablarida matematika o‘qitishni takomillashtirish borasida ham so‘z boradi. Axir, O‘zbekistonimizning iqtidorli yigit qizlari qishloqlarda voyaga yetayapti. Pandemiya davrida qishloqqa internetning hali ham kelmagani ko‘p muammolarni keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa, onlayn ta’lim uchun tezkor internet kerakk. Matematikani chinakam fanlar mo‘‘jizasi deyish mumkin. Aslida matematika fani negizida mushohada va ehtimollashish nazariyasi bor. Akademik, buyuk matematik Qori Niyoziyning she’rlar yozgani sababi ham shunda bo‘lsa ehtimol.
Shu kunlarda bayram kayfiyatidamiz. Pandemiya balosi yo‘qolib insonlar osuda hayotga qaytsa, tinchlik bo‘lsa biz qishloq muallimlari bolajonlarimizga bilim berish zahmatidan hech ham charchamaymiz. Imkoniyatlardan foydalanib barcha hamkasblarimizni kasbiy bayramlari bilan tabriklab qolaman.
Vaqt va taraqqiyot bir zum to‘xtamaydi. Voyaga yetayotgan farzandlarimizning orzu intilishlariga kamarbasta aziz ustozlarizga biz ham oilaviy baxt,omonlik va mashaqqatli yumushlarida rivoj tilab qolamiz.
O‘ljaboy Qarshiyev