Kasbimizning nozikligi shundaki…
1-sinfga qabul qilingan bolalarning ayrimlari darslarni o‘zlashtirishda qiynaladi. Bunday holat ayniqsa nutqida biroz kamchiligi bor, tez harakat qiluvchi, bolalar bilan do‘stlasha ololmaydigan, janjalga moyilligi bor bolalarda ko‘p kuzatiladi.
Faoliyatim davomida shunday o‘quvchilar bilan ko‘p ishladim va yaxshi natijaga erishdim. Nutqida kamchiligi bor o‘quvchilar bilan savodxonlik davridan muammo bartaraf etilgunga qadar mustaqil ish olib boraman. 1-sinfga kelgan o‘g‘il bolada shunday holat borligini ilk tayyorlov davrida sezdim. U juda tez so‘zlardi, o‘rnidan turib boshqalarga xalaqit berar, tovush va bo‘g‘inlarni xato talaffuz qilardi. Hatto, uning so‘zlariga ham tushunib bo‘masdi.
O‘z oldimga shunday maqsad qo‘ydim: men o‘qituvchiman, har bir o‘quvchim yaxshi o‘zlashtirishiga mas’ulman. Shu bola bilan ko‘proq shug‘ullanib, uni tengdoshlariga yetkazib olaman. Har bir harf, tovushni o‘rganishda ovoz chiqarib talaffuz qilishi, birgalikda o‘qishi, boshqa bolalar uning o‘qishiga kulmasligi, aksincha, do‘stona munosabatda bo‘lishini tayinladim. Bunday bolalar boshqalardan og‘zaki nutqi, hisoblash malakasi, ranglarni ajratish va she’r yod olishga qiynalishi, qolaversa, o‘z-o‘zini boshqara olmasligi bilan ham farqlanadi.
Mashg‘ulotlarda ko‘proq rasmlar orqali fikrni jamlashga, 1 dan 10 gacha sonlarni raqamlash, ular ustida amallar bajarishda ham rasmlardan foydalandim. Qushlar, hayvonlar, gullar va o‘yinchoqlar tasviri yordamida qo‘shish va ayirishni o‘rgatoldim. Masalan, 3+2=... 3 ta gul bor edi, yana 2 ta gul ekdik. Nechta gul bo‘ldi? 5 ta deb hisoblay oldi. Shu tariqa bola bilan jiddiy shug‘ullana boshladim. O‘quvchilarni u bilan do‘st bo‘lish, bir-biriga yordam berishga undadim. O‘g‘zaki va yozma nutqni shakllantirish maqsadida kichik hikoya, ertaklar o‘qib, uni ongli tushunishiga, eslab qolib, so‘zlab berish va yozdirishga harakat qildim.
O‘quvchim darsdan tashqari mashg‘ulotlarni uyda opasi bilan birga bajaradigan bo‘ldi. Chunki bolaning ota-onasi doim ishda bo‘lardi. U tez hushdan ketardi, xayoli doim parishon yurardi. Bu holatlarni maktabda men, uyda opasi nazorat qilardik. Keyinchalik o‘qish jarayoni unga og‘irlik qila boshladi. Tez-tez shifoxonaga tushib, besh kunlab dars qoldira boshladi. Shifokori bilan suhbatlashganimda bolada gipertonik talvasa sindromi borligi, uni yaxshilab davolash zarurligini aytdi.
O‘qish bilan birga davolana boshladi. Hozir u 3-sinfda o‘qiyapti. O‘zlashtirishi boshqa o‘quvchilarday bo‘lmasa ham harakati bor. Nutqi ancha yaxshilandi. Kayfiyatining o‘zgarib turishi, tormozlanish holatlari kamaygan. O‘qishga qiziqishi ortdi. Tengdoshlaridan ortda qolmaslikka harakat qilmoqda. Shu o‘quvchimning o‘zlashtirishi, odobi yaxshilansa, atrofdagilar bilan do‘stona munosabatga kirisha olsa va bundan ota-onasining ko‘ngli nurga to‘lsa men o‘z vazifamni bajargan bo‘laman. Bir insonni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, hayotga qarashlarini o‘zgartirish muallimlik kasbining nozik tomonlaridan biri ekanini angladim.
46 yildan buyon boshlang‘ich sinflarga bilim beraman. Har gal o‘quvchilarim ortidan rahmat eshitsam yoki aytib o‘tganimday biror o‘quvchimni bilim olishga rag‘batlantira olsam, kasbimga bo‘lgan mehrim yanada ortadi. Jamiyatga foyda keltirayotganimdan quvonaman.
Mopar HAYDAROVA, Sherobod tumanidagi 60-maktab o‘qituvchisi